X ijtimoiy tarmog‘ida OpenAI rahbari Sem Altman ishtirokidagi videorolik tarqaldi. Unda u sun’iy intellektning kelajagi qanday bo‘lishini tasvirlab bergan. Altmanning fikricha, vaqt o‘tishi bilan AI xuddi elektr energiyasi yoki vodoprovod kabi bazaviy kommunal xizmatga aylanishi mumkin. U intellektual tizimlardan foydalanish zaruratga qarab taqdim etilishini, foydalanuvchilar esa faqat ishlatilgan hajm uchun haq to‘lashini ta’kidladi.
«Biz shunday kelajakni ko‘ryapmizki, unda intellekt xuddi elektr energiyasi yoki suv kabi kommunal xizmatga aylanadi va odamlar uni bizdan hisoblagich (schyotchik) orqali sotib olishadi», — dedi u.
Tokenlar — yangi davr valyutasimi? Altmanning tushuntirishicha, bunday model talab yuqori bo‘lgan tig‘iz vaqtlarda cheklangan hisoblash resurslarini samaraliroq taqsimlash imkonini beradi. Sun’iy intellekt ishlab chiquvchi kompaniyalarning biznesi asosan tokenlarni (matn yoki ma’lumotlarni qayta ishlash birliklarini) sotishga qurilishi mumkin.
Tanqid va xavotirlar
Ushbu bayonot internetda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar bu g‘oyani tanqidiy qabul qilib, uni mashhur «Qora ko‘zgu» (Black Mirror) seriali syujetiga o‘xshatishdi. Sharhlovchilardan biri «xizmat sifatidagi intellekt» tushunchasi xuddi insonning tafakkur jarayoni uchun pul undirish usulidek yangrayotganini yozdi.
Shuningdek, foydalanuvchilarning bir qismi «hisoblagich orqali beriladigan intellekt» faqat bunday texnologiyalardan to‘g‘ri foydalana oladiganlargagina naf keltirishini qayd etishdi. Ularning fikricha, xuddi elektr energiyasi kabi, resursga ulanish imkoniyatining mavjudligi uning samarali ishlatilishini kafolatlamaydi.
Bu muhokama sun’iy intellekt kelajak iqtisodiyotida qanday o‘rin egallashi haqidagi masalani yana kun tartibiga olib chiqdi. Eslatib o‘tamiz, Altman avvalroq ham hisoblash «intellekti»ning narxi vaqt o‘tishi bilan elektr energiyasi narxiga tenglashishi mumkinligini aytgan edi.