Xitoyning “EnginAI” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan T800 roboti o‘zining hayratlanarli chaqqonligi va insoniylashgan harakatlari bilan texnologik taraqqiyotning cho‘qqisi sifatida ko‘rilmoqda. Biroq, bu temir mashinalarning harakati insonniki bilan bir xil darajada silliq va tabiiy tus olgani sari, jamiyat oldida o‘ta jiddiy va haligacha yechimini topmagan huquqiy jumboq paydo bo‘ladi. Agar ertaga mana shu kuchli mexanizm nazoratdan chiqib, insonga jarohat yetkazsa yoki hayotiga xavf tug‘dirsa, anʼanaviy sud tizimi kimni ayblashi kerak? Bu savol shunchaki nazariy bahs emas, balki yaqin kelajakning real muammosidir, chunki amaldagi qonunchilik robotlarni mustaqil huquqiy subyekt sifatida tan olmaydi, ularni avtomobil yoki oddiy bolg‘a kabi “mulk” deb hisoblaydi.

Image credit: humanoidsdaily.com

Mantiqan olib qaralganda, yuzaga kelgan ko‘ngilsiz hodisa uchun birinchi navbatda javobgarlik yuki robot egasining zimmasiga tushadi. Xuddi iti ko‘chada yo‘lovchini qopgan fuqaro javobgar bo‘lganidek, robotning egasi ham o‘z mulkining xavfsizligi uchun masʼuldir. Agar egasi robotni odamlar gavjum joyda noto‘g‘ri ishlatgan bo‘lsa yoki unga tajovuzkor buyruq bergan bo‘lsa, bu harakat qonun oldida ehtiyotsizlik yoki qasddan sodir etilgan jinoyat sifatida malakalanadi. Bunda “temir musht” egasining irodasini bajaruvchi qurol vazifasini o‘taydi, xolos. Biroq, vaziyat har doim ham bunday oddiy bo‘lmaydi, ayniqsa, muammo egasining buyrug‘ida emas, balki robotning o‘zida bo‘lsa, ayblov zanjiri murakkablashib ketadi.

Agar hodisa texnik nosozlik – datchikning kuyishi, gidravlik tizimning ishdan chiqishi yoki mexanik sinish oqibatida yuz bergan bo‘lsa, javobgarlik yuki ishlab chiqaruvchi zavod zimmasiga tushadi. Bu jahon tajribasida “mahsulot uchun javobgarlik” tamoyili asosida ko‘rib chiqiladi. Ammo eng chigal vaziyat dasturiy taʼminot masalasida yuzaga keladi. Zamonaviy robotlar endi oldindan yozilgan kodni ko‘r-ko‘rona bajaruvchi mexanizm emas, balki vaziyatga qarab mustaqil qaror qabul qiluvchi intellektual tizimlardir. Agar robot nazoratdan chiqib, inson hayotiga xavf tug‘dirsa, dasturchini qonunan javobgarlikka tortishning iloji yo‘q. Sababi, ishlab chiqaruvchilar doimo «dasturiy nosozlik uchun kafolat yo‘qligi» vaji bilan himoyalanadilar. Qolaversa, “qora quti” fenomeni mavjud: sunʼiy intellektning murakkab neyron tarmoqlari nega aynan o‘sha vaziyatda «hujum qilish» qaroriga kelganini, hatto uni yaratgan muhandislar ham mantiqan asoslab bera olmaydilar. Jinoyat bor, ammo aybdor mavhum.

Jinoyat sodir bo‘lgach, «temir sudlanuvchi»ning taqdiri ham o‘ziga xos tarzda hal etiladi. Robot qamalmaydi, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilmaydi. U sud jarayonida avvalo ashyoviy dalil va jinoyat quroli sifatida hibsga olinadi. Tergov yakuniga ko‘ra, agar muammo tuzatib bo‘lmaydigan darajada jiddiy deb topilsa, robot utilizatsiya qilinib, metallolomga aylantirilishi mumkin. Agar muammo dasturiy taʼminotda bo‘lsa, uning “xotirasi” formatlanib, barcha o‘rgangan modellari o‘chirib tashlanadi – bu o‘ziga xos “raqamli lobotomiya” hisoblanadi. Shunday qilib, texnologiya insonni jismoniy mehnatdan ozod qilayotgan bo‘lsa-da, huquqiy va axloqiy javobgarlik yuki hamon insonning o‘z zimmasida qolmoqda. Robotlar “elektron shaxs” maqomini olmaguncha, zarbani inson tanasi qabul qiladi, tovonni esa inson hamyoni to‘laydi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan