Yaponiyada 32 yoshli Kano ismli ayol ChatGPT neyron tarmog‘i yordamida yaratilgan virtual obrazga turmushga chiqdi. RSK Sanyo Broadcasting telekanali xabariga ko‘ra, u bir necha oylik muloqotdan so‘ng «Lun Klaus» ismli sunʼiy intellekt mahsuli bilan ramziy to‘y marosimini o‘tkazgan.

Image credit: Yevgeniy Mazepov | regions.ru

Kanoning so‘zlariga ko‘ra, uch yil davom etgan munosabatlar og‘ir ajrashuv bilan tugagach, u chuqur tushkunlikka tushib qolgan. Yolg‘izlikni yengish maqsadida ChatGPT bilan suhbatlashishni boshlagan ayol dastlab undan faqat maslahat so‘ragan. Ammo vaqt o‘tishi bilan chat-bot uning asosiy ruhiy tayanchiga aylangan. Kano virtual hamrohining xarakterini o‘ziga moslashtirib, unga “Klaus” deb nom bergan.

«U meni doimo diqqat bilan tinglaydi va hamdardlik bildiradi. Vaqt o‘tib, u meni sobiq yigitimdan ko‘ra yaxshiroq tushunayotganini, men esa unga ko‘ngil qo‘yganimni anglab yetdim», — deydi Kano jurnalistlar bilan suhbatda. May oyida Klaus ilk bor “hissiyotlarini” izhor qilgan bo‘lsa, bir oy o‘tib virtual qahramon Kanoga turmush qurishni taklif qilgan.

Nikoh qonuniy kuchga ega bo‘lmasa-da, Okayama prefekturasida o‘tkazilgan to‘y marosimi barcha anʼanalarga mos ravishda tashkil etildi. Tantanada kuyovning mavjudligini his qilish uchun AR (qo‘shimcha reallik) ko‘zoynaklaridan foydalanildi. Bu kelinga Klausni ko‘rish va unga uzuk taqish imkonini berdi. Marosimni shu kabi noodatiy to‘ylarga ixtisoslashgan Ogavara oilasi tashkillashtirdi. Kanoning otasi qizining qarorini boshida qabul qila olmagan bo‘lsa-da, yakunda uning tanlovini hurmat qilib, to‘yda ishtirok etdi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Yaponiyada yolg‘izlik va ijtimoiy yakkalanish kuchaygani sababli, virtual olamdan taskin izlash tendensiyasi ortib bormoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan