Xitoylik tadqiqotchilar suv osti kemalariga qarshi kurashish uchun sunʼiy intellektga (SI) asoslangan yangi mudofaa tizimini ishlab chiqdi. South China Morning Post nashrining yozishicha, ushbu texnologiya zamonaviy suv osti kemalarining mojarolarda omon qolish ehtimolini atigi 5 foizgacha kamaytirishi mumkin.

Image credit: Featurechina/epa/dpa/picture-alliance | dw.com

Tizim gidroakustik buylar, suv osti sensorlari, radarlar hamda suv harorati va sho‘rligi kabi okeanografik maʼlumotlarni tahlil qilib, suv osti muhitining dinamik xaritasini yaratadi. Bu esa hatto eng sezilmas va ilg‘or suv osti kemalarini ham aniqlash imkonini beradi. Taʼkidlanishicha, sunʼiy intellektni zigzagsimon manyovrlar, soxta nishonlar yoki dronlar bilan ham chalg‘itib bo‘lmaydi.

Kelajakda tizimni dronlar, suv usti kemalari va avtonom suv osti robotlari bilan integratsiya qilish rejalashtirilgan. Bu esa real vaqt rejimida butun jahon okeanini kuzatib boruvchi uch o‘lchovli, o‘z-o‘zini takomillashtiruvchi qidiruv tarmog‘ini yaratishga olib keladi.

Agar bu texnologiya amalda o‘z samarasini to‘liq isbotlasa, yadroviy tiyib turishning uch asosiy tarkibiy qismidan biri bo‘lgan ballistik raketali suv osti kemalari o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkin. (Qolgan ikkitasi — quruqlikdagi qitʼalararo ballistik raketalar va strategik bombardimonchi samolyotlar).

So‘nggi yillarda Pekin o‘z harbiy-dengiz kuchlarini sezilarli darajada modernizatsiya qilgan bo‘lsa-da, G‘arb harbiy ekspertlari bu tizimning global harbiy strategiyalarga darhol tahdid solishiga shubha bilan qaramoqda.

AQSHlik dengiz jangovar harakatlari bo‘yicha mutaxassis, professor Pol Shmitt DW nashriga bergan intervyusida SI suv osti kemalarini aniqlash samaradorligini oshirishini tan oldi. Biroq, unga ko‘ra, suv osti muhitining o‘ta murakkabligi bunday tizimlarni qo‘llashni qiyinlashtiradi. Shmittning fikricha, to‘liq integratsiyalashgan SI tizimi g‘oyasi istiqbolli bo‘lsa-da, hozirgi kunda uni amalga oshirish «haddan tashqari optimistik» ko‘rinmoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan