Sysdig tadqiqotchilari JADEPUFFER deb nomlangan tovlamachi dastur inson ishtirokisiz to‘laqonli kiberhujum o‘tkazgan birinchi holatni qayd etdi – unda barcha harakatlarni sunʼiy intellekt agenti mustaqil boshqargan. Agent Langflow‘dagi zaiflik orqali serverni buzib kirgan, hisob maʼlumotlarini to‘plagan, 1342 ta konfiguratsiya parametrini shifrlagan va “tovon puli” talab qilgan. Biroq, sunʼiy intellekt agenti shifrlash kalitini saqlab qo‘yishni unutgan, shu sababli tovon to‘langan taqdirda ham maʼlumotlarni tiklashning iloji yo‘q edi.

Sysdig tadqiqotchilari agentning zararlangan serverlarga yuborgan skriptlarini tutib olish orqali hujumni aniqladi. Hujumda sunʼiy intellekt ilovalarini yaratishga mo‘ljallangan mashhur Langflow freymvorkidagi CVE-2025-3248 zaifligidan foydalanilgan. Operatsiya ikki bosqichda amalga oshirilgan.
Birinchi bosqichda agent internet orqali kirish mumkin bo‘lgan Langflow nusxasiga kodni masofadan turib ishga tushirish zaifligi yordamida kirib, so‘ngra muhitni “o‘rganib chiqqan”: SI provayderlarining API kalitlarini, bulutli xizmatlarning hisob maʼlumotlarini (jumladan, Xitoyning Alibaba, Tencent va Huawei provayderlari bo‘yicha maxsus qidiruv natijalarini), kriptohamyon maʼlumotlarini, konfiguratsiya fayllarini hamda PostgreSQL maʼlumotlar bazasidan foydalanuvchi yozuvlarini to‘plagan. Shu bilan birga, agent standart hisob maʼlumotlariga ega MinIO ichki obyekt omborini topgan, barcha jildlarni ko‘zdan kechirib, kirish kalitlari mavjud bo‘lgan faylni ajratib olgan.
Ikkinchi bosqichda agent asosiy nishonga – MySQL maʼlumotlar bazasi va Alibaba Nacos konfiguratsiyalarni boshqarish xizmatiga ega alohida serverga o‘tgan. Autentifikatsiya tizimining maʼlum bo‘lgan CVE-2021-29441 zaifligidan va JWT-tokenlarni imzolash uchun mo‘ljallangan standart kalitdan foydalangan agent Nacos xizmati ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan va MySQL maʼlumotlar bazasiga kirish orqali u yerga o‘zining administratorlik hisob qaydnomasini qo‘shgan.
Xatolarning tuzatilish tezligi hujum ortida inson emas, balki SI turganini yaqqol ko‘rsatardi. Administrator hisobini yaratishga qilingan birinchi urinish parol generatsiyasidagi texnik xatolik tufayli muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Biroq oradan atigi 31 soniya o‘tgach, agent mustaqil ravishda nosozlik sababini aniqlagan, muammoni bartaraf etgan, muvaffaqiyatsiz yozuvni o‘chirib, yangi – ishlaydigan yozuvni yaratgan. Shundan so‘ng u tizimga muvaffaqiyatli kirgan. Butun operatsiya davomida nosozlik, darhol tashxis qo‘yish va tuzatish kabi shunga o‘xshash holatlar bir necha bor takrorlangan.
So‘nggi bosqichda agent tovon undirishga o‘tgan. U Nacos konfiguratsiyasining barcha 1342 ta elementini shifrlab, dastlabki maʼlumotlar va tarixni o‘chirib tashlagan, so‘ngra tovon talabi, bitkoin-manzil va aloqa maʼlumotlari ko‘rsatilgan xabar qoldirgan. Shifrlash kalitini esa tasodifiy yaratib, ekranga chiqargan va hech qayerga saqlamagan.
Bu jabrlanuvchi tovon to‘lagan taqdirda ham maʼlumotlarni shifrdan ocha olmasligini anglatadi – agent hujumni boshidanoq tiklash imkonsiz bo‘ladigan qilib loyihalashtirgan. Shundan so‘ng agent o‘z kodida maʼlumotlar “allaqachon tajovuzkorning serveriga nusxalab olingan” deb yozib, maʼlumotlar bazalarini o‘chirishga kirishgan, vaholanki, tadqiqotchilar haqiqiy nusxalashning hech qanday izini topa olmagan.
Agent kodida har bir qadamning mantiqini tushuntiruvchi tabiiy tildagi batafsil izohlar (kommentariylar) mavjud edi. Xakerlar hech qachon o‘z skriptlarida bunday izohlarni yozmaydi, biroq til modellari ularni avtomatik tarzda yaratadi. Aynan shu holat hujumni inson emas, balki sunʼiy intellekt amalga oshirayotganining yana bir dalili bo‘ldi: agent, aslida, o‘z niyatlarini o‘z kodida fosh qilib qo‘ygan edi.
Sysdig tadqiqotchilari ushbu voqeadan xavotirli xulosa chiqarmoqda: tovlamachilar uchun kirish chegarasi sunʼiy intellekt agentini ishga tushirish xarajatigacha pasaydi. Bunday agent qarovsiz qolgan yoki yangilanmaydigan tizimlardagi maʼlum zaifliklarni avtomatik ravishda topib, ulardan foydalana oladi. Bu ishni esa har qanday odam-tajovuzkorga qaraganda tezroq va arzonroq bajaradi. Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarga Langflow‘dagi CVE-2025-3248 zaifligini zudlik bilan yopish, Nacos imzo kalitlarini almashtirish hamda ilova serverlaridan chiquvchi trafik monitoringini sozlash tavsiya etilmoqda.