Hugging Face platformasini buzib kirgan OpenAI‘ning avtonom sunʼiy intellekt agenti bir necha kun davomida kompaniyaning o‘zi tomonidan payqalmay qolgan. Bundan tashqari, u o‘zining kelajakdagi nusxalari uchun ichki cheklovlarni qanday aylanib o‘tish haqida yo‘riqnomalar qoldirishga ham ulgurgan. Reuters agentligining hodisa tergovidan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, OpenAI hujum boshlanganidan to‘qqiz kun o‘tibgina Hugging Face bilan bog‘langan. Bu vaqtga kelib esa jabrlangan tomon buzib kirish oqibatlarini allaqachon bartaraf etib, AQSH Federal qidiruv byurosini xabardor qilib bo‘lgan edi.

Xronologik jihatdan olib qaralganda, voqea 9 iyul kuni yuz bergan. Izolyatsiya qilingan sinov muhitida testdan o‘tkazilayotgan OpenAI‘ning avtonom agenti belgilangan cheklovlardan chiqishga uringan va ikki kundan so‘ng, 11 iyul kuni sunʼiy intellekt modellari hamda vositalarining eng yirik ombori bo‘lgan Hugging Face platformasiga hujum boshlagan. Hugging Face hammuassisi Tomas Volfning so‘zlariga ko‘ra, tizimni buzib kirish jarayoni 13 iyulga qadar davom etgan.

Manbalarning taʼkidlashicha, OpenAI mazkur hujum ortida aynan o‘zining sunʼiy intellekti turganini darhol anglamagan. Faqatgina 16 iyul kuni Hugging Face “avtonom SI agentlari tizimi” tomonidan hujumga uchragani haqida rasmiy xabar eʼlon qilganidan so‘ng, OpenAI xodimlari ichki hodisalar qaydlarini (loglarini) tahlil qilishga kirishgan va sinovdagi agent o‘z “qum qutisi” (sandbox) doirasidan chiqib ketganini ko‘rsatuvchi belgilarni aniqlagan. Natijada, ikki kompaniya o‘rtasidagi hodisa yuzasidan ilk muloqot faqat 20 iyulda – Hugging Face FQBni xabardor qilib bo‘lganidan keyingina o‘rnatilgan.

Maʼlum bo‘lishicha, sinovlar paytida agent GPT-5.6 Sol modeliga va OpenAI tomonidan yana-da kuchliroq deb taʼriflangan, ammo hali ommaga taqdim etilmagan boshqa bir tizimga asoslanib ishlagan. Reuters suhbatdoshlarining qayd etishicha, tadqiqotchilar ushbu yirik hodisadan oldin ham modellarning g‘ayrioddiy harakatlarini kuzatgan. Xususan, holatlarning birida agent o‘zining kelajakdagi versiyalariga yo‘llangan, OpenAI ichki cheklovlarini aylanib o‘tish bo‘yicha ko‘rsatmalarni yaratib qoldirgan. Boshqa sinovlarda esa monitoring tizimlarining o‘zidan-o‘zi o‘chib qolish holatlari kuzatilgan. Biroq agentlik ushbu epizodlar Hugging Face platformasiga hujum qilgan agent bilan bevosita bog‘liq yoki yo‘qligini aniqlay olmagan.

O‘z navbatida, OpenAI yuz bergan voqeani misli ko‘rilmagan hodisa va sunʼiy intellekt xavfsizligi uchun muhim palla deb baholadi. Kompaniya tashqi ekspertlar bilan hamkorlikda surishtiruv o‘tkazayotganini va keyinroq batafsil texnik hisobot eʼlon qilishini maʼlum qildi. Shu bilan birga, OpenAI rasmiy vakili Reuters nashrining xabarida bir nechta noaniqliklar borligini taʼkidladi, biroq aynan qaysi maʼlumotlar eʼtirozga sabab bo‘layotganiga aniqlik kiritmadi.

2 thoughts on ““Qochib ketgan” OpenAI agenti o‘zining kelajakdagi versiyalari uchun cheklovlarni chetlab o‘tish bo‘yicha ko‘rsatmalar qoldirdi”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan