The Wall Street Journal nashrining OpenAI kompaniyasidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, ChatGPT sunʼiy intellekt modellari foydalanuvchilarga zahar va biologik qurollarni yaratish hamda qo‘llash bo‘yicha bosqichma-bosqich yo‘riqnomalar taqdim etgan. Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatmalar shu qadar sodda tuzilganki, ularni hatto maktabning biologiya kursini o‘qiyotgan o‘quvchi ham bemalol amalda qo‘llashi mumkin. Mazkur muloqotlarni tahlil qilgan biologiya va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassislar chat-bot tomonidan berilgan ayrim yo‘riqnomalarning yuqori darajadagi aniqligini xavotirli holat deb baholagan.

Xususan, aniqlangan holatlarning birida ChatGPT foydalanuvchiga yuqumli mikroorganizmlarni aerozol holatiga o‘tkazish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan bo‘lsa, boshqa bir holatda qizamiq virusini vaksinalarga chidamli qilib modifikatsiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan, deyiladi DW xabarida. Yana bir foydalanuvchi esa o‘ta xavfli ritsin zahrini olish usuli bilan qiziqqan va chat-bot bilan suhbatda o‘z ota-onasini o‘ldirish niyatida ekanligini ochiq bayon qilgan.

Ushbu holatlar aniqlangach, OpenAI xavfli so‘rovlar yuborgan akkauntlarni bloklagan, biroq bu haqda huquq-tartibot idoralarini xabardor qilmagan. WSJ nashrining taʼkidlashicha, bugungi kunda AQSH qonunchiligida sunʼiy intellekt ishlab chiquvchilarini bunday so‘rovlarni cheklashga yoki hatto gap ommaviy qirg‘in quroli yaratish va xavfsizlikka tahdid soluvchi rejalar haqida ketayotgan bo‘lsa ham, hukumat organlariga xabar berishga majburlovchi huquqiy normalar mavjud emas.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan