Xitoyda ixtisoslashgan marketpleyslar foydalanuvchilari sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan kontentda foydalanish uchun o‘z tashqi ko‘rinishini sotib, daromad topishni boshladi. Platformalar aktyorlar, modellar va oddiy foydalanuvchilarga o‘z suratlarini yuklashni hamda yuzlarini mikrodramalar, reklama va videoo‘yinlar uchun litsenziyalashni taklif qilmoqda. Bunday litsenziyalarning narxi foydalanish shartlariga qarab 15 dollardan 700 dollargacha o‘zgarib turadi. Yangi bozor tarafdorlari buni odamlarga o‘z tashqi ko‘rinishini nazorat qilish imkonini beruvchi usul deb hisoblasa-da, mutaxassislar SI platformalariga biometrik maʼlumotlarni uzatish xavfidan ogohlantirmoqda.
Bunday xizmatlarga bo‘lgan talab Xitoyning mikrodramalar – smartfonlar uchun mo‘ljallangan qisqa vertikal seriallar sanoati bilan birga o‘sib bormoqda. 2026 yilning dastlabki uch oyida Xitoyda shunday loyihalardan 128 mingtasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning 95 foizdan ortig‘ida kamida bir bosqichda sunʼiy intellektdan foydalanilgan. Shu bilan birga, tomoshabinlar yaratilgan personajlar bir-biriga haddan tashqari o‘xshash ekanidan borgan sari ko‘proq shikoyat qilmoqda.
Ayni vaqtda, sunʼiy intellektning keng yoyilishi yana bir muammoga – tashqi ko‘rinishdan ruxsatsiz foydalanishga olib keldi. Endilikda nafaqat mashhurlar, balki oddiy odamlar ham o‘z yuzlarini seriallar va reklamalarda uchratmoqda, vaholanki ular bunga hech qachon rozilik bermagan. Masalan, ikki nafar bloger ByteDance kompaniyasiga qarashli Hongguo platformasini o‘z yuzlaridan ruxsatsiz foydalanganlikda va ularni o‘zgartirganlikda aybladi. Natijada, 2026 yil boshidan buyon ByteDance sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan odamlarning yuzi va ovozidan ruxsatsiz foydalanilgan 85 mingdan ortiq videoni o‘chirib tashlashga majbur bo‘ldi. Guanchjou sudi esa so‘nggi uch yil ichida tashqi ko‘rinishdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 700 ta ishni ko‘rib chiqdi.
Shu munosabat bilan Xitoyda o‘z tashqi ko‘rinishiga bo‘lgan huquqlarni sotishni rasmiylashtirishni taklif etayotgan platformalar paydo bo‘lmoqda. Xususan, mart oyida Shenchjen shahrida ishga tushirilgan ActID platformasi 800 ga yaqin foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazdi va ulardan 300 nafari o‘z yuzini SI mahsulotlari uchun litsenziyalashga rozi bo‘ldi. Platforma orqali ikkita SI seriali uchun o‘nga yaqin yuz litsenziyalandi. Har bir qism uchun narx 99 yuandan 500 yuangacha (15-74 dollar) etib belgilangan bo‘lib, ActID bundan 10 foiz komissiya oladi.
Chendu shahridagi New Claw nomli boshqa bir kompaniya esa har bir tasvir uchun eng kam narxni 74 dollar etib belgiladi va tashqi ko‘rinishni reklama, o‘yin hamda seriallar uchun litsenziyalashni taklif qilmoqda. Shartlarga qarab, platformalar foydalanuvchilarga 700 dollargacha haq to‘lashi mumkin. New Claw ushbu bozorga kirib kelishiga uning asosiy biznesi bo‘lgan kinostudiya SI kontentining keng tarqalishi va anʼanaviy ishlab chiqarishning qisqarishi tufayli jiddiy zarar ko‘rgani sabab bo‘lgan. Prodyuserlar endi aktyorlarni jalb qilmasdan ham real yuzlarni yarata oladi – buning uchun jins, yosh yoki maʼlum bir qiyofani belgilash kifoya.
SI seriallari uchun professional aktyorlik mahorati talab etilmaydi – odamning tashqi ko‘rinishi raqamli personaj yaratish uchun shunchaki xomashyo sifatida ishlatiladi. Bu esa foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha daromad manbaiga aylanishi mumkin. Huquqshunoslar tashqi ko‘rinishni litsenziyalash bozorining paydo bo‘lishini SI sanoati uchun shaffofroq qoidalar yaratish yo‘lidagi qadam deb biladi, biroq bu asosiy xavflarni bartaraf etmasligidan ogohlantirmoqda. Suratlarni platformaga yuklagandan so‘ng, shaxs o‘z biometrik maʼlumotlari ustidan uzoq muddatli nazoratni yo‘qotishi ehtimoli yuqori. Kelajakda bu maʼlumotlardan kim foydalana olishi, ular qayerda ishlatilishi va yangi SI modellarini o‘rgatish tizimlariga tushib qolmasligi nomaʼlumligicha qolmoqda. Bundan tashqari, shartnomalar shartlari ko‘pincha juda umumiy tarzda ifodalangan. Shu sababli, o‘z tashqi ko‘rinishiga bo‘lgan huquqlarni rasman sotish imkoniyati paydo bo‘lganiga qaramay, inson o‘z yuzining raqamli nusxasini haqiqatda qanchalik nazorat qila olishi masalasi hamon ochiq qolmoqda.
[…] chiqarilgan qisqa metrajli seriallarning 95 foizi SI yordamida yaratilgan. Bunga parallel ravishda yangi bozor ham vujudga kelmoqda: odamlar allaqachon o‘z qiyofalarini SI-seriallar va reklamalarda ishlatish […]