Endilikda Afrika qitʼasida qayd etilgan kiberjinoyatlarning yarmidan ko‘prog‘ida sunʼiy intellekt ishtirok etmoqda. Bu haqda Interpolning 2026 yil 3 avgustda eʼlon qilingan “African Cyberthreat Assessment Report 2026” nomli yangi hisobotida aytiladi. 40 sahifali ushbu hujjat Interpolga aʼzo 36 ta Afrika davlatida o‘tkazilgan so‘rovnomalar, tezkor maʼlumotlar hamda xususiy hamkorlar (jumladan, Fortinet, Mastercard, TrendAI va boshqalar) taqdim etgan axborotga asoslangan. Unda sifat jihatidan jiddiy o‘zgarish yuz bergani qayd etilgan: kiberjinoyatchilik tarqoq hodisalardan sanoatlashgan, transchegaraviy ekotizimga aylangan bo‘lib, unda sunʼiy intellekt hujumning deyarli barcha bosqichlarini avtomatlashtirmoqda.

Hujjatda keltirilgan asosiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2025 yilda qayd etilgan kiberjinoyatlarning 55 foizi sunʼiy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan (shundan 47 foiz holatda vaqti-vaqti bilan, 8 foizida esa muntazam ravishda qo‘llanilgan). Natijada moliyaviy yo‘qotishlar ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 2024 yildagi 192 million dollardan 2025 yilda 484 million dollarga yetgan. Shuningdek, aniqlangan jabrlanuvchilar soni 35 ming nafardan 87 ming nafarga ko‘paygan. Qitʼa bo‘yicha umumiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy zarar kamida 5 milliard dollar deb baholangan bo‘lsa-da, kiberxavfsizlikka qilingan xarajatlar qariyb 15,3 milliard dollarni tashkil etgan. SIga asoslangan firibgarlik, hisob maʼlumotlarini yig‘ish va avtomatlashtirilgan ijtimoiy muhandislik mazkur o‘sishning asosiy drayverlari bo‘ldi.

Jinoyatchilar neyron tarmoqlardan fishing xatlari va xabarlarini ommaviy generatsiya qilish, deepfake video va audiolarni yaratish, shuningdek, banklar va mobil operatorlarning biometrik tekshiruvlarini chetlab o‘tadigan to‘liq sintetik shaxslarni shakllantirish maqsadida foydalanmoqda. Bundan tashqari, razvedka, zararli dasturiy taʼminotni tarqatish va aniqlanishdan qochish jarayonlari ham to‘liq avtomatlashtirilmoqda. Interpolning hamkori TrendAI maʼlumotlariga ko‘ra, birgina 2025 yilning o‘zida deepfake yordamida sodir etilgan raqamli jinoyat holatlari soni taxminan 600 mingtani tashkil etgan.

Umuman olganda, onlayn firibgarlik eng keng tarqalgan jinoyat turi bo‘lib qolmoqda. Xakerlar mobil pul platformalari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan faol foydalanmoqda. So‘rovda qatnashgan mamlakatlarning 72 foizi o‘z hududida tashkillashtirilgan qo‘ng‘iroq markazlari (call-center) va firibgarlik markazlari (scam-center) mavjudligini maʼlum qilgan bo‘lib, ularning eng katta qismi Janubiy va G‘arbiy Afrikada to‘plangan. Mintaqaviy xususiyatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Sharqiy Afrika mobil pullar bilan bog‘liq firibgarlik va muhim infratuzilmaga qarshi to‘lov talab qiluvchi (ransomware) hujumlar markaziga aylangan. Markaziy va G‘arbiy Afrikada esa korporativ yozishmalarni buzib kirish (Business Email Compromise – BEC) va romantik firibgarliklar keng tarqalgan. Yuqori darajadagi raqamlashtirish tufayli Janubiy Afrika xalqaro xakerlik guruhlari uchun jozibador markazga aylangan bo‘lib, xususan, Janubiy Afrika Respublikasi aniqlangan ransomware hujumlar soni bo‘yicha qitʼada yetakchilik qilmoqda.

Interpolning taʼkidlashicha, 2025 yilda o‘tkazilgan qo‘shma operatsiyalar (Serengeti 2.0, Contender 3.0, Sentinel, Red Card 2.0) natijasida 1500 dan ortiq kishi hibsga olingan, yuzlab qurilmalar musodara qilingan va 100 million dollardan ortiq mablag‘ qaytarilgan. Biroq milliy xizmatlarning imkoniyatlari hamon cheklangan: aksariyat agentliklarda mutaxassislar, raqamli kriminalistika vositalari va sunʼiy intellekt tahdidlariga moslashtirilgan meʼyoriy-huquqiy baza yetishmaydi. Interpolning kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi direktori Nil Jettonning so‘zlariga ko‘ra, kiberjinoyatchilik mintaqa uchun eng jiddiy tahdidlardan biriga aylangan. Uning qayd etishicha, sunʼiy intellekt hujumning har bir bosqichini avtomatlashtirmoqda, ammo mamlakatlar birgalikda harakat qilsa, jinoyatchilarning infratuzilmasini aniqlash va yo‘q qilish mumkin bo‘ladi.

Bugungi kunda Afrika jadal raqamlashtirishni boshdan kechirmoqda (2025 yilda 1,1 milliarddan ortiq mobil aloqa abonenti qayd etilgan), biroq huquq-tartibot idoralari va qonunchilikning tayyorgarlik darajasi bundan ancha orqada qolmoqda. Interpol hisoboti shuni aniq ko‘rsatadiki, agar himoya uchun o‘zining sunʼiy intellekt vositalarini jadal joriy etish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va qonunchilikni yangilash ishlari olib borilmasa, qitʼa tobora kattaroq yo‘qotishlarga duch kelaveradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan