Janubiy Koreya mamlakat aholisiga generativ sunʼiy intellektdan bepul foydalanish imkonini beruvchi “Sunʼiy intellekt – barcha uchun” davlat dasturini eʼlon qildi. Uning yordamida fuqarolar shifokor qabuliga yozilish, uy-joy qidirish va soliqlar bo‘yicha maslahat olish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Loyihaning beta-sinovlari shu yilning sentyabr oyida boshlanishi, to‘liq ishga tushirilishi esa 2026 yil oxiriga mo‘ljallangan. Dasturni amalga oshirishda yirik telekommunikatsiya kompaniyalari boshchiligidagi uchta konsorsium ishtirok etadi – ular davlat tizimlari bilan integratsiyalashgan xizmatlarni ishlab chiqadi.

Janubiy Koreya hukumati mazkur loyiha uchun SK Telecom, KT va Kakao kompaniyalari yetakchiligidagi uchta konsorsiumni tanlab oldi. Ular o‘zlarining SI xizmatlarini yaratib, ularga ham o‘z modellarini, ham boshqa mahalliy kompaniyalarning ishlanmalarini integratsiya qiladi. Yangi servislar davlat tizimlari bilan bevosita o‘zaro aloqada ishlashi sababli, ularning imkoniyatlari chat-bot bilan oddiy muloqot qilishdan ancha kengroq bo‘ladi. Masalan, aholi shifokor qabuliga yozilishi va uy-joy izlashi, kichik biznes vakillari soliqlarni hisoblashi hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish huquqini tekshirishi, ota-onalar esa farzandlari uchun taʼlim kontenti bo‘yicha tavsiyalar olishi mumkin.
Foydalanuvchilarga tokenlar soni bo‘yicha hech qanday cheklovlarsiz SIdan foydalanish vaʼda qilinmoqda. Shuningdek, rasmiy Seul servislarning uzluksiz ishlashi uchun zarur hisoblash resurslarini ham taqdim etadi. Xususan, hukumat uchta konsorsium o‘rtasida 512 tagacha Nvidia B200 chipini taqsimlash va operatsion xarajatlarni qisman qoplab berishni rejalashtirmoqda. Dasturning umumiy moliyaviy qiymati hozircha oshkor qilinmagan.
Ushbu yirik tashabbus bir vaqtning o‘zida sunʼiy intellektdan ommaviy foydalanish imkoniyatini oshirishga va milliy IT-sanoat rivojini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Janubiy Koreya shu orqali AQSH va Xitoyda ishlab chiqilgan tizimlarga qaramlikni kamaytirish hamda mahalliy mahsulotlarga ko‘proq foydalanuvchilarni jalb qilishga intilmoqda. Taʼkidlash joizki, mamlakatda generativ SIga bo‘lgan talab allaqachon ancha yuqori. Hukumat so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, janubiy koreyaliklarning qariyb 25 foizi SI xizmatlari uchun pul to‘laydi. Taqqoslash uchun, PNC Bank so‘rovi AQSHda bunday pullik foydalanuvchilar atigi 2 foizni tashkil etishini ko‘rsatgan. Seulning hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatning 20 milliondan ortiq aholisi hozirning o‘zida bepul generativ SI vositalaridan faol foydalanmoqda.
Shu bilan birga, SI infratuzilmasi uchun davlat xarajatlari shiddat bilan o‘sib bormoqda. Prezident Li Je Myon maʼmuriyati 2026 yilda sunʼiy intellekt bilan bog‘liq loyihalarga 10 trillion von (7,2 mlrd dollar) yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan uch baravar ko‘pdir. Janubiy Koreya uchun “Sunʼiy intellekt – barcha uchun” dasturi generativ SIning shunchaki alohida raqamli servisdan davlatning bazaviy infratuzilmasi tarkibiga aylana olish-olmasligini ko‘rsatib beruvchi asosiy sinov vazifasini o‘taydi.