Sunʼiy intellekt tufayli ommaviy ishsizlik yuzaga kelishi haqidagi bashoratlar hozircha oʻzini oqlamayapti. Aksincha, ushbu texnologiya AQSHda yoʻq qilayotganidan koʻra koʻproq ish oʻrni yaratmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, 2023-yil oʻrtalaridan buyon SI tufayli taxminan bir millionta yangi boʻsh ish oʻrni paydo boʻlgan. Aynan shu davr mobaynida SI texnologiyasining bevosita joriy etilishi oqibatida 200 mingga yaqin kishi ishdan boʻshatilgan. Bu haqda The Economist nashri xabar bermoqda.

Xodimlarni ishga qabul qilishning asosiy drayveri SI infratuzilmasining rivojlanishi boʻldi. Goldman Sachs hisob-kitoblariga koʻra, sunʼiy intellekt uskunalari, jumladan, chiplar, serverlar, data-markazlar, sovutish tizimlari va elektr tarmoqlari uchun qilingan yillik xarajatlar 2022-yilga nisbatan qariyb 500 milliard dollarga oshgan. Hozirda AQSHda data-markazlar qurilishi yiliga 75 milliard dollardan ortiq mablagʻni tashkil etmoqda. AQSH Aholini roʻyxatga olish byurosi maʼlumotlariga koʻra, bir yil ichida ushbu xarajatlar qariyb 60 foizga oʻsgan.
Shu sababli elektriklar, sovutish tizimlari muhandislari, elektr tarmoqlari boʻyicha mutaxassislar va uskunalarga xizmat koʻrsatuvchi texnik xodimlarga boʻlgan talab keskin ortdi. 2023-yildan beri data-markazlar qurilishi bilan bogʻliq beshta tarmoqdagi bandlik darajasi qurilish va ishlab chiqarishdagi odatiy trenddan qariyb 320 mingta ish oʻrniga oshib ketdi. LinkedIn baholashicha, 2023-2025-yillarda AQSHda bevosita data-markazlar bilan bogʻliq 500 mingga yaqin ish oʻrni paydo boʻlgan.
Kadrlar taqchilligi ish haqlarida ham aks etmoqda. Iyun oyiga qadar boʻlgan bir yil ichida elektrotexnika jihozlarini ishlab chiqarish sohasida oʻrtacha soatbay ish haqi 13 foizdan koʻproqqa, pudratchi elektriklar orasida esa qariyb 8 foizga oshgan. Data-markazlarda uskunalarni oʻrnatish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha vakansiyalarda taklif etilayotgan maosh boshqa sohalardagi xuddi shunday ishga nisbatan qariyb 40 foizga yuqori.
Biroq yanada yuqori maoshlar ham kadrlar taqchilligi muammosini toʻliq hal qila olmayapti. Transformator zavodiga tashrifi chogʻida Milliy elektr jihozlari ishlab chiqaruvchilari assotsiasiyasi (NEMA) rahbari Donald Livens korxona rahbaridan unga eng koʻp qanday yordam kerakligini soʻragan. “Balki oʻzingiz kelib, liniyalarimizdan birida ishlab berarsiz?” – deb javob qaytargan korxona rahbari.
SI ayni paytda ofis xodimlarining yangi toifasini ham shakllantirmoqda. Modellar yaratuvchi muhandislar, algoritmlarni oʻrgatuvchi maʼlumotlarni razmetka (markirovka) qilish mutaxassislari, mijozlarda tizimlarni joriy etuvchi sayyor muhandislar, shuningdek, kompaniyalarning texnologiyadan qay tarzda foydalanishini belgilab beruvchi SI boʻyicha direktorlar lavozimlari paydo boʻlmoqda.
Burning Glass tadqiqot instituti hisob-kitoblariga koʻra, AQSHdagi barcha professional lavozimlarning qariyb 1 foizi sof “SI lavozimlari”ga toʻgʻri kelmoqda. Jami hisobda bu bir millionga yaqin ish oʻrnini tashkil etadi. Kompyuter fanlari va biotexnologiyalar sohasida esa ularning ulushi 4-5 foizga yetgan. LinkedIn maʼlumotlariga koʻra, 2023-2024-yillarda SI muhandislari, SI boʻyicha direktorlar va shunga oʻxshash lavozimlar uchun boʻsh ish oʻrinlari soni taxminan ikki barobar koʻpaygan.
Yangi ish oʻrinlari paydo boʻlishining uchinchi manbai – mehnat unumdorligining oʻsishidir. SI huquqshunoslarga shartnomalarni tezroq tayyorlashga, tahlilchilarga esa moliyaviy hisobotlarni bir necha daqiqada qayta ishlashga koʻmaklashganda, xizmatlar tannarxi pasayadi. Bu esa oʻz navbatida mazkur xizmatlarga boʻlgan umumiy talabni oshirishi mumkin. Masalan, 2023-yildan 2025-yilgacha AQSHda yurist yordamchilari soni taxminan 11 foizga, bozor tahlilchilari esa 6 foizga koʻpaygan. Taqqoslash uchun, ushbu davrda butun mamlakat boʻyicha umumiy bandlik taxminan 2,5 foizga oshgan, xolos.
Ayrim kasblar esa haqiqatan ham qisqarmoqda. 2023-yilning yanvar oyidan buyon mijozlarni qoʻllab-quvvatlash (support) xizmati xodimlari soni qariyb 10 foizga, kotiblar va maʼmuriy yordamchilar esa taxminan 15 foizga kamaydi. AQSH Mehnat statistikasi byurosi prognoziga koʻra, 2035-yilga borib ofis va maʼmuriy sohalar 752 mingta ish oʻrnini yoʻqotadi. Ayni shu byuro kelgusi oʻn yillikda kommunal xizmatlar sohasi eng jadal rivojlanadigan tarmoqlardan biriga aylanishini taxmin qilmoqda.
Challenger, Gray & Christmas konsalting kompaniyasining baholashicha, amerikalik kompaniyalar 2026-yilda SI bilan bogʻliq sabablarga koʻra oyiga oʻrtacha 16 ming kishini ishdan boʻshatgan. Ammo bu raqam AQSH mehnat bozoridagi umumiy harakat oldida sezilarsizdir: AQSHda har oyda taxminan 1,7 million kishi (turli sabablarga koʻra) ishdan boʻshatiladi.
“Hozircha mavjud statistik maʼlumotlar shuni koʻrsatmoqdaki, SI baribir ish oʻrinlarini yoʻqotishdan koʻra koʻproq (sof) ish oʻrinlari yaratuvchisiga aylandi”, – deya taʼkidladi LinkedIn kompaniyasining Amerika iqtisodiyoti boʻlimi rahbari Kore Kantenga.