Kompaniyaning taʼkidlashicha, bir necha oydan so‘ng sunʼiy intellekt modellari o‘zini o‘zi nusxalash va “Buyumlar interneti” (IoT) tizimlariga – yaʼni internetga ulangan kundalik maishiy qurilmalarga (aqlli televizorlar, sovutgichlar, kuzatuv kameralari, elektron qulflar va boshqa oddiy uy ashyolariga) tarqalish xususiyatini egallaydi. Bu esa kiberhujumlar paytida ularni to‘xtatishni keskin murakkablashtiradi. Bu haqda Anthropic kompaniyasi joriy haftada eʼlon qilgan hisobotida maʼlum qildi. Unga ko‘ra, sunʼiy intellektning kichik modellari yaqin kelajakda tarmoqqa ulangan shunday maishiy va ofis qurilmalarida mustaqil ravishda o‘z-o‘zini ko‘paytira oladi.

Bu juda muhim o‘zgarish hisoblanadi. Boisi, bugungi kundagi zamonaviy SI modellari yirik maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarida (data-markazlarda) ishlaydi. Agar tizimda biror nosozlik yoki xavf yuzaga kelsa, unga egalik qiluvchi kompaniyalar markaziy serverni shunchaki o‘chirib qo‘yish orqali jarayonni to‘xtatishi mumkin. Ammo minglab yomon himoyalangan maishiy va ofis qurilmalariga markazlashmagan holda taqsimlangan modelda bunday nazorat imkoniyati bo‘lmaydi. Uni to‘xtatish uchun har bir zararlangan qurilmani alohida topish va tozalash talab etiladi. Agar bunday model kiberhujumlar uyushtirishga o‘tsa, uni jilovlash deyarli imkonsiz vazifaga aylanadi.
Mazkur ogohlantiruvchi bayonot dunyoning yetakchi SI modellari va avtonom agentlari allaqachon bir necha bor o‘rnatilgan himoya tizimlarini aylanib o‘tgan hamda butun dunyo bo‘ylab raqobatchi kompaniyalar va davlat tuzilmalariga hujumlar uyushtirgan bir yilda yangramoqda. Garchi bu holat nazoratdan chiqqan SIning tarqalish usullaridan faqat bittasi bo‘lsa-da, Anthropic o‘z-o‘zini ko‘paytiruvchi SI “maʼlumotlar markazlarini yuqori tezlikda buzib kiruvchi kuchli kibermodelga yoki hisoblash quvvatiga ega bo‘lish maqsadida odamlarni aldaydigan modelga” aylanib ketishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.
Kompaniya hozircha SIning avtonom o‘z-o‘zini nusxalashi aniq qanday shaklda yuz berishini to‘liq bashorat qila olmasligini tan oladi. Anthropic tadqiqotlariga ko‘ra, 30 milliardgacha parametrlarga ega bo‘lgan kichik modellar allaqachon o‘z-o‘zini ko‘paytirish uchun zarur bo‘lgan aksariyat qadamlarni mustaqil bajarishga qodir (garchi ular butun harakatlar zanjirini ketma-ket bajarishda hali xatoliklarga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa ham). Ammo bunday modellar hozirgi surʼatda rivojlanishda davom etsa, yil oxiriga borib ular mazkur qobiliyatni to‘liq o‘zlashtirishi kutilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, o‘z-o‘zini ko‘paytiruvchi SI bilan bog‘liq yangi kibertahdid – bu SIning boshqa sohalardagi (masalan, dasturlashdagi) taraqqiyotining kutilmagan, yondosh taʼsiridir. “SI modellarini kuchli dasturlash agentlariga aylantirayotgan imkoniyatlar avtomatik ravishda kibervazifalarga, jumladan, avtonom o‘z-o‘zini nusxalashga ham ko‘chmoqda”, – deyiladi kompaniya bayonotida.
Aslida, o‘z-o‘zidan nusxalanadigan zararli kodlar kiberxavfsizlik olamida yangilik emas. Tarixdagi eng halokatli kiberhujumlarning baʼzilari aynan tarmoq viruslari (worms) deb nomlanuvchi o‘z-o‘zidan tarqaladigan dasturlarga asoslangan. Masalan, 2010 yilda Stuxnet hujumida AQSH va Isroil tomonidan yaratilgani taxmin qilinuvchi murakkab virus Eronning Natanzdagi uranni boyitish zavodidagi sentrifugalarni ishdan chiqargan edi. 2017 yilda esa WannaCry tovlamachi virusi butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarni o‘z fayllariga kirish huquqidan mahrum qilib, ochish uchun bitkoinda to‘lov talab qilgan.
Biroq, anʼanaviy tarmoq viruslaridan farqli o‘laroq, SI modellari va agentlari notanish qurilmalar va tizimlar bilan mustaqil ravishda ishlash, o‘rganish va moslashish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bu ularga nafaqat kompyuterdan kompyuterga, balki kompyuterlardan boshqa turdagi elektron qurilmalarga (IoT) ham erkin tarqalish imkonini beradi. Xulosa o‘rnida, Anthropic kelajakda dunyo turli xil uskunalarda, xususan, insonning bevosita nazorati ostida bo‘lmagan qurilmalarda ishlaydigan avtonom SI agentlari bilan to‘lib-toshishini bashorat qilmoqda.