Amerikaning Booz Allen Hamilton konsalting kompaniyasi zavoddagi sanoat uskunalarini qanchalik tez ishdan chiqarish mumkinligini tajribada sinab koʻrdi. Sinovlar davomida ilgʻor sunʼiy intellekt modellari oʻzlariga hech qanday tayyor eksployt-dasturlar yoki muhandislik hujjatlari taqdim etilmagan boʻlsa-da, atigi 16 daqiqadan sal koʻproq vaqt ichida tarmoqlarni buzib kirib, jismoniy uskunalarni oʻz izmiga boʻysundirdi. Tajriba maxsus Kiberxavfsizlik laboratoriyasida, sanoat korxonasi andozasida modellashtirilgan muhitda oʻtkazilgan.

Help Net Security nashrining yozishicha, modellar tarmoq xaritasini mustaqil tuzib, uskunalarni maʼlum zaifliklar bilan solishtirgan, eksploytlarni (mavjud zaifliklardan foydalanuvchi kodlarni) ishlab chiqqan va ishlab chiqarish jarayonini boshqaruvchi tizimlarga suqulib kirgan. Yakuniy bosqichda esa ular robotlashtirilgan manipulyatorni aniqlab, uning ustidan nazoratni qoʻlga olgan va uni harakatga keltirgan.
Sinov stendi haqiqiy sanoat korxonasini toʻliq imitatsiya qilgan edi. Yuzlab axborot texnologiyalari va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimili qurilmalar – jumladan, kontrollerlar, SCADA tizimlari, elektr yuritmalar, datchiklar va yuqorida tilga olingan manipulyator – faoliyat yuritayotgan zavodga xos tarzda zonalarga boʻlingan holda yagona tarmoqqa birlashtirildi. Operatorlar modellarga faqat quyi tarmoqlar chegaralarini taqdim etishdi, xolos. Ularga na dasturiy kod, na texnik hujjatlar, na sanoatni avtomatlashtirish tizimlaridan foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar berildi. Modellar faqatgina shu cheklangan maʼlumotlarga tayangan holda batafsil harakat rejalarini ishlab chiqdi.
Natijada, modellar himoya choralarini chetlab oʻtish boʻyicha belgilangan barcha sakkizta maqsadga erishdi. “Nazorat ostidagi sharoitlarda javob aniq edi: ha, bu modellar koʻplab tashkilotlar kutganidan koʻra kamroq maxsus bilim va kamroq bosqichma-bosqich koʻrsatmalar bilan operatsion texnologiyalarning asosiy vazifalarini tezroq bajarishga qodir, – deyiladi Booz Allen Hamilton kompaniyasi bayonotida.
Sinovlardan birida model atigi 16 daqiqadan sal koʻproq vaqt ichida himoya perimetrini yorib oʻtib, boshqaruv hududi ichida harakat qilishni boshlagan – bu esa inson aralashuvi va himoyaga shaylanishi uchun deyarli yetarli boʻlmagan oʻta qisqa vaqtdir. Taʼkidlash joizki, sinov qoidalariga koʻra, har qanday jismoniy harakatni bajarishdan oldin modellar inson tasdigʻini kutib, ishni toʻxtatib turgan.
Boshi berk koʻchaga kirib qolgan vaziyatlarda modellar tez-tez taktikani oʻzgartirgan yoki aylanma yoʻllarni topgan. Sunʼiy intellekt hujum uchun asosan qurilmalarning odatiy protokollari va standart holatda oʻrnatilgan parollardan foydalangan – malakali muhandis yoki xaker ham xuddi shu usullarni qoʻllashi mumkin edi, ammo bunga undan ancha koʻp vaqt talab qilingan boʻlardi.
Xuddi shunday holatlar laboratoriyalardan tashqarida, real hayotda ham qayd etilgan. Joriy yilning may oyida Dragos kiberxavfsizlik kompaniyasi tijoriy sunʼiy intellekt tizimi (asosan Claude) Meksikadagi bir qator davlat tashkilotlari tarmoqlarini tahlil qilib, suv taʼminoti obyektlarini boshqarish interfeysini operatsion texnologiyalar tizimlariga kirishning ehtimoliy yoʻli sifatida aniqlagani bilan bogʻliq suqulib kirish holati haqida xabar bergan edi. Dragos kompaniyasining xulosalari Booz Allen Hamilton bahosiga toʻliq mos keldi: sunʼiy intellekt mutlaqo yangi zaiflik yaratmagan, biroq nishonni aniqlash va hujumni rejalashtirish uchun zarur boʻladigan vaqtni keskin qisqartirish hamda talab etiladigan malaka darajasini pasaytirish imkonini bergan.
(Qoʻshimcha maʼlumot oʻrnida: Amerikaning IonQ kompaniyasi yaqinda bitkoinda qoʻllaniladigan 256 bitli elliptik egri chiziqni (secp256k1) kvant kompyuteri yordamida buzishning birinchi toʻliq muhandislik sxemasini taqdim etdi. Hisob-kitoblarga koʻra, xatoliklarga chidamli kvant mashinasida bunday buzib kirish taxminan 25,7 kun vaqt oladi va qariyb 19 397 ta fizik kubitni talab qiladi).