Isroilning Discover-Tech raqamli reklama kompaniyasi internet reklamalari tarmogʻidan foydalanib, butun dunyo boʻylab foydalanuvchilarni yashirin kuzatish va ularning qurilmalariga josuslik dasturlarini oʻrnatishga koʻmaklashuvchi keng koʻlamli tizim yaratgan – bu haqda Kanadaning Citizen Lab tadqiqot markazi va AQSHning Confiant kiberxavfsizlik kompaniyasi hisobotlariga tayanib Reuters agentligi xabar berdi.
Mazkur tekshiruvlar uzoq vaqtdan beri shaxsiy maʼlumotlar daxlsizligi borasida xavotir uygʻotib kelayotgan onlayn reklama sanoati keng qamrovli kiberjosuslik amaliyotlari vositasiga aylanishi mumkinligini koʻrsatdi. Citizen Lab katta ilmiy xodimi Volfi Kristlning taʼkidlashicha, onlayn reklamaning bugungi ishlash mexanizmi davlatlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati uchun tizimli xavfsizlik tahdidini keltirib chiqarmoqda.
Tadqiqotlarga koʻra, Discover-Tech oʻz infratuzilmasi orqali AQSH hukumati qora roʻyxatiga kiritgan Isroilning Candiru kompaniyasi va boshqa kiberkuzatuv tuzilmalariga Google, Comcast hamda Rossiyaning Yandex kompaniyasi kabi yirik reklama platformalari imkoniyatlaridan foydalanishga sharoit yaratgan. Discover-Tech reklamalari turli hamkorlik kelishuvlari orqali 120 mingdan ortiq veb-sayt va 75 mingta mobil ilovada paydo boʻlgan. Odatda smartfon yoki quloqchin kabi oddiy mahsulotlar reklamasi koʻrinishida tarqatilgan bu eʼlonlar kuniga kamida 10 million marta namoyish etilgan.
Kuzatuvga tushish uchun foydalanuvchining reklama ustiga bosishi ham talab etilmagan – eʼlonning veb-sahifada yuklanishining oʻzi maʼlumot toʻplash uchun kifoya qilgan. Bu orqali tizim foydalanuvchini identifikatsiya qilish, uning internetdagi harakatlarini kuzatish va ayrim hollarda smartfon egalarining telefon raqamlarini aniqlashga urinish imkoniga ega boʻlgan.
Ayrim reklamalar esa foydalanuvchidan hech qanday harakat talab etmaydigan, kiberxavfsizlik sohasida “zero-click” deb ataluvchi usulda Candiru josuslik dasturlarini tarqatish uchun ishlatilgan. Biroq Confiant maʼlumotiga koʻra, Candiru bilan bogʻliq reklamalar Discover-Tech tarqatgan barcha reklamalarning juda kichik qismini tashkil etgan.
Bundan tashqari, reklama platformalari oʻrtasida foydalanuvchilar identifikatorlarini muvofiqlashtirish texnologiyasi – “cookie matching” tufayli Discover-Tech oʻz reklamalari bevosita koʻrsatilmagan holatlarda ham odamlarning raqamli faoliyatini kuzatish imkoniga ega boʻlgan. Confiant hammuassisi Jerom Danguning hisoblashicha, ushbu tizim yuz millionlab internet foydalanuvchilariga daxl qilgan boʻlishi mumkin.
Shubhali reklamalar bir qator strategik muassasalar, jumladan, Pentagon, Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE), Xalqaro jinoyat sudi, BMT, NATO, Yevropa komissiyasi, oʻndan ortiq davlat hukumatlari hamda Nvidia, Broadcom, Sandisk va Micron kabi yirik texnologik kompaniyalar tarmoqlarida ham qayd etilgan. Bu holat mazkur tashkilotlar qurilmalariga josuslik dasturlari oʻrnatilganini anglatmaydi, biroq ularning tarmoqlaridagi ayrim foydalanuvchilar haqida maʼlumot toʻplash imkoniyati mavjud boʻlganini koʻrsatadi.
Falastin hududlari Discover-Tech reklamalari ayniqsa keng tarqalgan mintaqalardan biri boʻlgan. Jerom Danguning soʻzlariga koʻra, Falastindagi deyarli istalgan veb-saytda ushbu kompaniya reklamasiga duch kelish mumkin boʻlgan. Bu esa kuzatuvchilarga butun bir hudud aholisining internetdagi faoliyati haqida keng qamrovli maʼlumot toʻplash imkonini bergan.
Mazkur infratuzilma muayyan shaxslar va tashkilotlarga qarshi maqsadli kiberhujumlarda ham qoʻllangan. Citizen Lab tekshiruviga koʻra, 2024–2025-yillarda Qatarning Al Jazeera telekompaniyasiga tegishli kamida 45 ta Windows qurilmasi Candiru josuslik dasturi bilan bogʻliq hujumlar nishoniga aylangan. Tadqiqotchilar ayrim qurilmalar Discover-Tech reklamalari orqali yetkazilgan josuslik dasturi bilan zararlanganini ham tasdiqlagan. Bu xulosalar telekompaniya taqdim etgan tarmoq jurnallarini texnik tahlil qilish asosida chiqarilgan.
Al Jazeera oʻz xodimlariga qaratilgan kiberhujumlarni qoralab, ularning axborot xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrayotganini bildirdi. Telekompaniya aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerakligini taʼkidladi.
Tadqiqot natijalari oshkor boʻlishi arafasida Google kompaniyasi Discover-Techʼni reklama platformalaridan chetlashtirdi. IAB Europe tashkiloti uning tasdiqlangan reklama hamkorlari roʻyxatidagi maqomini vaqtincha toʻxtatdi. Comcast kompaniyasining Beeswax platformasi ham Discover-Tech bilan hamkorlikni bekor qildi. Rossiyaning Yandex kompaniyasi esa Reutersʼning izoh soʻroviga javob bermadi.
2020-yilda tashkil etilgan Discover-Tech kompaniyasi rahbari Dekel Boni hamda Candiru egalari Reuters murojaatlarini javobsiz qoldirgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, reklama texnologiyalaridan kiberjosuslik maqsadida foydalanish milliy xavfsizlik uchun tobora jiddiy tahdidga aylanmoqda. Xususan, 2026-yil boshida Pentagon jangovor hududlarda xizmat qilayotgan AQSH harbiylari reklama texnologiyalari va maʼlumotlar vositachilari tomonidan toʻplangan geolokatsiya maʼlumotlari asosida nishonga olingani haqida xabarlar kelib tushganini maʼlum qilgan edi. Shundan soʻng AQSH harbiylarining ayrim qurilmalarida reklama orqali kuzatish funksiyalari oʻchirilgan.
Discover-Tech bilan bogʻliq tekshiruv esa raqamli reklama infratuzilmasidan nafaqat tijoriy maqsadlarda, balki shaxslarni yashirin kuzatish va ularning qurilmalariga kiberhujum uyushtirish uchun ham foydalanish mumkinligini amalda koʻrsatdi.