Sunʼiy intellektdan foydalangan AQSHlik PhD bitiruvchilari koʻproq sanoat sohasida ishlashga moyil boʻlmoqda.
2019-yildan buyon onlayn maʼlumotlar bazasiga kiritilgan annotatsiyalar tahlil qilingan dastlabki tadqiqotga koʻra, joriy yilda Qoʻshma Shtatlarda tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) yoʻnalishlari boʻyicha yozilgan doktorlik dissertatsiyalarining qariyb 30 foizida sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan matnlar mavjud (ushbu tadqiqot hali ekspertlar taqrizidan oʻtmagan)
Bundan tashqari, tadqiqot shuni koʻrsatdiki, dissertatsiya yozishda SI koʻmagidan foydalanadigan PhD bitiruvchilarining sanoatda ishlash ehtimoli yuqoriroq va, aksincha, ilm-fan (akademik) sohasida qolish ehtimoli kamroqdir.
Turli tadqiqotlar soʻnggi bir necha yil ichida ilmiy adabiyotlarda sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan matnlar ulushi sezilarli darajada oshganini koʻrsatmoqda. AQSHda joylashgan Iqtisodiy tadqiqotlar milliy byurosi (NBER) notijorat tashkiloti tadqiqotchilari doktorantlarning sunʼiy intellektdan qanday foydalanishini tushunishni maqsad qilishdi. Zero, talabalarning tayyorgarligi va salohiyati haqidagi xulosalar keyingi bir necha oʻn yillik ilm-fan qiyofasini belgilab beradi.
“Agar talabalarimiz ishning faqat yarmini bajarib, qolganini sunʼiy intellektga yuklayotgan boʻlsa, ularda chindan ham yaxshi olim boʻlish uchun yetarli darajada chuqur tushuncha bormikan?” – deya savol qoʻyadi tadqiqot hammuallifi, Daremda faoliyat yurituvchi NBER iqtisodchisi Deniyel Gross.
Tadqiqotda 2019-yil yanvaridan 2026-yil mayigacha boʻlgan davrda AQSH universitetlarida STEM yoʻnalishi boʻyicha doktoranturani tamomlagan 226 mingdan ortiq bitiruvchining dissertatsiyalari tahlil qilindi. Jamoa annotatsiyalarni baholash uchun sunʼiy intellektni aniqlovchi Pangram xizmatidan foydalandi. Mazkur oʻrganish doirasida tadqiqotchilar annotatsiyalarni SI tomonidan yozilgan yoki yozilmagan degan ikki toifaga ajratishdi; bunda matnning toʻliq yoki qisman SI yordamida yaratilgani farqlab oʻtirilmadi (Grossning taʼkidlashicha, SIga oid deb belgilangan annotatsiyalarning 90 foizi Pangram tomonidan butunlay sunʼiy intellektda yaratilgan deb tasniflangan).
Jamoaning aniqlashicha, dissertatsiya annotatsiyalarida sunʼiy intellekt yaratgan matnlar ilk bor 2023-yilda paydo boʻlgan va oʻsha yildagi 1,7 foizdan 2025-yilga kelib 18,8 foizgacha oshgan. 2026-yilning dastlabki besh oyida topshirilgan dissertatsiyalarning esa 29,4 foiz annotatsiyasida SI matnlari qayd etilgan. Sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich matematika va kompyuter fanlarida kuzatildi: bu yoʻnalishdagi annotatsiyalarning 36 foizi SI yordamida yozilgan. Shuningdek, ingliz tilida soʻzlashmaydigan mamlakatlarda taʼlim olgan bitiruvchilar dissertatsiyalarining qariyb 41 foizi SI yaratgan annotatsiyalarga ega boʻlsa, ingliz tilida soʻzlashuvchi davlatlar vakillarida bu koʻrsatkich 23 foizni tashkil etgan.
Avstraliyaning Sidney shahridagi Yangi Janubiy Uels universiteti muhandisi Ang Lyuning aytishicha, doktorantlarning dissertatsiya yozishda generativ SI vositalaridan foydalanishi bilan bogʻliq muammolardan biri shundaki, tadqiqotchilardan hali javoblari nomaʼlum boʻlgan sohalarni oʻrganish kutiladi. Uning soʻzlariga koʻra, talabalar allaqachon katta bilimlar bazasi mavjud boʻlgan yoʻnalishlarda ishlayotganida SI juda qoʻl kelishi mumkin. Biroq, tadqiqot bilimlar toʻliq boʻlmagan yoki mavhum sohalarga koʻchganida qiyinchilik yuzaga keladi.
“Aynan shu nuqtada jiddiy tadqiqotchilik tayyorgarligi yanada muhim ahamiyat kasb etadi”, – deydi u.
Tadqiqotchilar PhD bitiruvchilarining LinkedIn ijtimoiy tarmogʻidagi taʼlim va mehnat faoliyatiga oid profillarini ham koʻzdan kechirishdi. Bakalavriat bosqichini Qoʻshma Shtatlarda tamomlagan PhD bitiruvchilari orasida annotatsiyasi SI yordamida yaratilganlarning ilmiy sohada ishga joylashish ehtimoli SIdan foydalanmaganlarga qaraganda 17 foizga past boʻlgan. Biroq, SIdan foydalanish ushbu bitiruvchilarning sanoat sohasida ishlash ehtimolini undan foydalanmaganlarga nisbatan 16 foizga oshirgan. Mualliflarning aniqlashicha, bakalavriatni AQSHdan tashqarida oʻqigan bitiruvchilar orasida sunʼiy intellektdan foydalanish va akademik sohada ish topish oʻrtasidagi bogʻliqlik u qadar yaqqol namoyon boʻlmagan.
Mualliflar ushbu natijalar SI yordamida yozish bitiruvchining tadqiqotchilik qobiliyatiga putur yetkazgan-yetkazmaganini aniqlab bera olmasligini, shuningdek, SIdan foydalanish bitiruvchining ilmiy doiralarda ishlash ehtimolini nima sababdan pasaytirganini izohlab bera olmasligini tan olishadi.
Ammo Grossning taxminiga koʻra, doktorantura davomida ilmiy dalillarni shakllantirish uchun sunʼiy intellektdan foydalanish talabalarning mustaqil ravishda gʻoyalar oʻylab topish va ularni sayqallash orqali rivojlantiradigan yozish hamda tanqidiy fikrlash koʻnikmalariga zarar yetkazishi mumkin.
Grossning qoʻshimcha qilishicha, ilm-fandan tashqarida karera qurishni niyat qilgan talabalar dissertatsiya yozishda SIdan foydalanishga koʻproq moyil boʻlishi ham mumkin, chunki ular kelajakda bu ishi uchun jiddiy baholanmasligini yaxshi bilishadi.
Avstraliyaning Sidney Texnologiya universitetida taʼlim fanlarini tadqiq qiluvchi Kamil Dikson-Dinning fikricha, bitiruvchining karera yoʻliga sunʼiy intellektdan tashqari yana koʻplab omillar, jumladan, shaxsiy tanlov, mehnat bozori va maosh miqdori taʼsir koʻrsatadi. Masalan, ilmiy doiralarda sanoatdagiga qaraganda boʻsh ish oʻrinlari kamroq va sanoatdagi ishlar koʻpincha yaxshiroq haq toʻlaydi. Dikson-Dinning aytishicha, akademik sohada ishlash endi avvalgidek koʻklarga koʻtariladigan nufuzli maqom emas.
“Yashash xarajatlari oshib ketdi, – deydi u, – ish yuklamasi esa juda ulkan. Bu sohada qolish-qolmaslik baʼzan soʻroq ostida qoladi”.