Sunʼiy intellekt kelajakda koʻplab tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish uchun inson mehnati umuman talab etilmaydigan “mutlaq farovonlik”ni yuzaga keltirishi mumkin. Biroq bunday kelajakka oʻtish davri insoniyat tarixidagi eng notinch va murakkab pallalardan biri boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Bu haqda Microsoft hammuassisi Bill Geyts Decoder podkastida maʼlum qilib, uni ayniqsa yaqin 20-yil ichidagi oʻzgarishlar tashvishga solayotganini taʼkidladi.

Geytsning soʻzlariga koʻra, ushbu oʻtish davrida yutganlar va yutqazganlar boʻladi, iqtisodiyotni esa jiddiy silkinishlar kutmoqda. Uning fikricha, sunʼiy intellekt koʻplab ofis vazifalarini insonga qaraganda ancha arzon, tez va aniq bajara oladi. Xususan, telesavdo, mijozlarni masofadan qoʻllab-quvvatlash va buxgalteriya hisobi kabi sohalar birinchi navbatda xavf ostida qoladi.
Oʻzgarishlar ishchi kasblarni ham chetlab oʻtmaydi. Geyts odamsimon robotlar uylar qurishi, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishi va hatto jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazishi mumkinligini taxmin qildi. Agar texnologiyalar hozirgi surʼatda rivojlanishda davom etsa, tovar va xizmatlarning katta qismini ishlab chiqarishda insonning jismoniy mehnatiga ehtiyoj qolmaydi.
Geytsning taʼkidlashicha, ommaviy avtomatlashtirish nafaqat iqtisodiyot va mehnat bozoriga, balki odamlarning ruhiy farovonligiga ham taʼsir koʻrsatadi. Ish odamlarga nafaqat daromad, balki hayotiy maqsad hissi, kun tartibi va hamkasblar bilan ijtimoiy muloqot qilish imkoniyatini ham beradi. Agar sunʼiy intellekt koʻplab kasbiy vazifalarni odamdan yaxshiroq uddalay olsa, insoniyat hayot mazmuni va oʻz qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishning yangi, boshqa manbalarini izlashiga toʻgʻri keladi. Mumkin boʻlgan yechimlardan biri sifatida Geyts ish vaqtini qisqartirish va muddatidan oldin pensiyaga chiqishni tilga oldi. Shuningdek, u sanʼat, sport, pazandachilik va bola parvarishi kabi baʼzi mashgʻulotlarni mashinalar samaraliroq bajara olsa-da, odamlar ularni baribir oʻz ixtiyorida qoldirishni afzal koʻrishi mumkinligini taxmin qildi. Shu bois tadbirkor ayrim kasblarni faqat odamlar uchun saqlab qolishga va ularni sunʼiy intellektga topshirmaslikka chaqirdi.
Boshqa texnologik kompaniyalar rahbarlari ham yuqori darajada avtomatlashtirilgan iqtisodiyotga oʻtish murakkab kechishi haqida bir necha bor ogohlantirmoqda. Masalan, Ilon Mask ish oʻrinlari qisqarishi oqibatlarini qoplash uchun fuqarolarga universal bazaviy daromad (davlat nafaqasi) toʻlashni taklif qilgan edi. Anthropic kompaniyasi rahbari Dario Amodei sunʼiy intellekt hayot sifatini keskin oshirishga qodirligini, ammo uning qisqa muddatli oqibatlari misli koʻrilmagan boʻlishi mumkinligini aytgan. Amazon asoschisi Jeff Bezos va JPMorgan rahbari Jeymi Daymon esa, oʻz navbatida, ish haftasini qisqartirish masalasini koʻrib chiqishni taklif qilgan. OpenAI kompaniyasi esa joriy yilning boshida “sunʼiy intellekt davri” uchun moʻljallangan siyosiy chora-tadbirlar paketini taqdim etgan edi. Ushbu paket kapital soligʻini oshirish hamda SI keltirgan foyda hisobidan fuqarolarga toʻgʻridan toʻgʻri toʻlovlar ajratadigan davlat jamgʻarmasini tuzishni oʻz ichiga oladi.
Shunga qaramay, SIning mehnat bozoriga koʻrsatayotgan real taʼsiri hozircha cheklanganligicha qolmoqda. Joriy yilning may oyida OpenAI rahbari Sem Altman texnologiyalar ofisdagi ish oʻrinlarini u avval kutganidek keskin qisqartirib yubormaganini va endi “mehnat bozorida apokalipsis” yuz berishi ehtimoliga ishonmasligini maʼlum qildi. Yirik kompaniyalarda, jumladan, Amazonʼda keng koʻlamli ishdan boʻshatishlar kuzatilayotgan boʻlsa-da, AQSHda sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi fonida umumiy ishsizlik darajasi sezilarli darajada oshgani yoʻq.