ChatGPT ilovasi 2025 yil mart oyida ilk bor global yuklab olish reytingida Instagram va TikTok kabi gigantlarni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi. Appfigures tahlil kompaniyasi maʼlumotlariga ko‘ra, ChatGPT o‘rnatishlar soni fevral oyiga nisbatan 28 foizga oshib, bir oyda taxminan 46 million marta yuklab olingan. Ilova ishga tushirilgandan buyon mart oyi OpenAI uchun eng samarali oy bo‘ldi.

Yanvar va fevral oylarida yetakchilikni saqlab qolgan Instagram ikkinchi o‘ringa tushib qoldi, TikTok esa App Store va Google Play‘da uchinchi o‘rinni egalladi, deb xabar bermoqda TechCrunch. Shu bilan birga, ChatGPT ommaviyligi o‘sishi muhim yangilanishlar bilan bog‘liq. Xususan, bir yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta tasvirlarni yaratish imkoniyatlari takomillashtirildi. Bu foydalanuvchilarga Studio Ghibli animatsiya studiyasi uslubida virusli rasmlar va memlar yaratish imkonini berdi. Ular mart oyining oxiri va aprel oyining boshlarida ijtimoiy tarmoqlarda tezlik bilan tarqaldi.

Bundan tashqari, OpenAI vizual kontent moderatsiyasi siyosatidagi cheklovlarni yumshatdi va ilovadagi ovozli rejimni yangiladi. Shunga qaramay, tahlilchilarning fikricha, ommaviylashuv jarayoniga faqat yangi funksiyalargina taʼsir ko‘rsatmagan.
“ChatGPT so‘zi 2000 yillarda Google qanday feʼlga aylangan bo‘lsa, xuddi shunday feʼlga aylanayotgandek tuyulmoqda. Ko‘pchilik allaqachon sunʼiy intellekt emas, balki shunchaki ChatGPT haqida gapirmoqda”, – dedi Appfigures asoschisi va bosh direktori Ariel Mixaeli. Uning so‘zlariga ko‘ra, sunʼiy intellektga qiziqish to‘lqinini Grok yoki DeepSeek kabi raqobatchilar ham kuchaytirmoqda, ammo foydalanuvchilar baribir ChatGPT‘ni yuklab olishni afzal ko‘rishmoqda.
Afsuski, ChatGPT‘ning ommaviyligi boshqa chat-botlarning rivojlanishini ham qiyinlashtirmoqda. Masalan, Anthropic kompaniyasining Claude boti hozircha bunday natijalarga yaqinlasha olmayapti. Grok‘ning imkoniyatlari esa, aksincha, biroz yuqoriroq, lekin bu ko‘p jihatdan Ilon Maskning shaxsiyati va uning mahsulotni faol ravishda targ‘ib qiluvchi X platformasi tufaylidir.
Mart oyida global reytingda Facebook, WhatsApp, Telegram, Snapchat va Threads ham o‘rin oldi. Eng mashhur 10 ta ilova jami 339 million marta yuklab olingan, bu fevral oyiga nisbatan 40 millionga ko‘pdir.