Rossiyalik olimlar robotlarga xaritalarni inson xotirasi tamoyili asosida tuzish imkonini beruvchi PRISM-TopoMap usulini ishlab chiqdilar. Bu usul har bir tafsilotni emas, balki asosiy mo‘ljallar va ular o‘rtasidagi bog‘liqliklarni eslab qolishga asoslangan. Bu haqda MFTI matbuot xizmati xabar bermoqda.

PRISM-TopoMap topologik xaritalash usuli Moskva fizika-texnika instituti, Rossiya Fanlar akademiyasining “Informatika va boshqaruv” Federal tadqiqot markazi hamda AIRI sunʼiy intellekt instituti mutaxassislarining hamkorlikdagi ishi natijasidir.
Robotlar odatda atrof-muhitning har bir elementini batafsil qayd etuvchi metrik xaritalardan foydalanadi. Bunday xaritalar gigabaytlab xotirani egallaydi, xatolarni to‘playdi va katta hisoblash resurslarini talab qiladi. Muqobil topologik xaritalar esa fazoni tugunlar va aloqalardan iborat grafik ko‘rinishida ifodalaydi, ammo mavjud usullar ko‘pincha robotning aniq joylashuvini aniqlashda xatoliklarga yo‘l qo‘yadi.
PRISM-TopoMap bu muammoni hal qiladi. Tizim MSSPlace -G joyni aniqlash algoritmi orqali kamera tasvirlari va lidar maʼlumotlarini tahlil qiladi. Bu robotga yorug‘lik va rakurs o‘zgarganda ham joylarni taniy olish imkonini beradi. Xaritaga yangi nuqtani qo‘shishdan oldin, robot uni avvaldan maʼlum bo‘lgan joylar bilan taqqoslaydi va tugunlar hamda aloqalar sxemasini tuzadi.
Tizim robotlarga harakat paytida real vaqt rejimida xaritalarni qurish va yangilash, joylashuv tizimlariga bog‘liq bo‘lmaslik, xotira va hisoblash resurslarini sezilarli darajada tejash imkonini beradi.
Usul beshta katta binoning kompyuter simulyatsiyalarida va haqiqiy g‘ildirakli robotda sinovdan o‘tkazildi. Boshqa yondashuvlar bilan taqqoslash PRISM-TopoMap afzalligini ko‘rsatdi: tizim makonni maksimal darajada qamrab olgan aniq va uzluksiz xaritalarni tuzdi, raqobatchilar esa uzuq-yuluq grafalar yoki haddan tashqari batafsil xaritalar yaratdi.
Kelajakda ishlab chiquvchilar tizimni xona turlarini (oshxona, yo‘lak, omborxona kabi) farqlashga o‘rgatishni va marshrutlash algoritmlarini takomillashtirmoqchi. Bu bir necha kilometr masofada avtomatlashtirilgan yetkazib berish va navigatsiya imkoniyatlarini kengaytiradi.