Xitoy Xalq Respublikasi hukumati o‘zining sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi mutaxassislariga xavfsizlik nuqtai nazaridan AQSHga bormaslikka ko‘rsatma berdi, deb yozadi Wall Street Journal gazetasi manbalarga asoslanib.

“Xitoy hukumati sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi tadbirkorlar va tadqiqotchilarga AQSHga safar qilishdan saqlanishni tavsiya etmoqda. Bu Pekinning mazkur texnologiyani iqtisodiyot va milliy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida ko‘rayotganini aks ettiradi”, – deyiladi xabarda.
Gazeta maʼlumotlariga ko‘ra, XXR rasmiylari xorijga chiqayotgan xitoylik sunʼiy intellekt mutaxassislari mamlakat taraqqiyoti haqidagi maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilishi yoki ushlanib, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi muzokaralarda tazyiq vositasi sifatida ishlatilishidan xavotirda. Shu bilan birga, gazeta aniqlik kiritishicha, safarlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiq qo‘yilmagan – aksincha, Xitoyning yirik texnologiya markazlari, jumladan Shanxay, Pekin va Chjeszyan hukumatlari tomonidan ko‘rsatmalar berilgan.
Manbalarning gazetaga xabar qilishicha, sunʼiy intellekt va robototexnika kabi boshqa strategik muhim sohalardagi yetakchi mahalliy kompaniyalar rahbarlariga zarurat bo‘lmasa, AQSH va unga ittifoqchi mamlakatlarga safar qilmaslik tavsiya etiladi. Ketishga qaror qilganlar esa jo‘nashdan oldin o‘z rejalari haqida xabar berishlari, qaytgach esa nima qilganliklari va kimlar bilan uchrashganliklari to‘g‘risida maʼlumot berishlari lozim.