Yaqin vaqtlargacha roman yozish faqat insonga xos noyob jarayon deb hisoblanardi: muallif chuqur mushohada yuritadi, syujet chiziqlarini bog‘laydi, qahramonlar ruhiyatiga sho‘ng‘iydi va yillar davomida ilhom bilan ishlaydi. Ammo texnologiyalar rivoji bu tasavvurni qisqa muddatda o‘zgartirib yubordi. Kembrij universiteti qoshidagi Texnologiyalar va demokratiya markazining yangi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda adabiyot dunyosi sun’iy intellektning jiddiy bosimi ostida qolmoqda. Britaniyalik yozuvchilarning qariyb 40 foizi allaqachon daromadlari sezilarli darajada kamayganini aytgan bo‘lsa, so‘rovda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi yaqin kelajakda mashinalar ularning o‘rnini to‘liq egallashidan xavotirda ekanini bildirgan.

Image credit: hightech.plus

Muammoning eng og‘riqli jihati — sun’iy intellektni o‘qitish jarayonida ijodkorlarning asarlaridan ruxsatsiz foydalanilishidir. So‘rovda ishtirok etgan 400 nafar muallifning 59 foizi o‘z kitoblari AI modellarini o‘qitishda ishlatilganidan xabar topgan. E’tiborlisi, ularning 99 foizi bunga hech qachon ruxsat bermagan va tabiiyki, hech qanday haq to‘lanmagan. Algoritmlarning millionlab kitoblarni “yutib yuborib”, so‘ngra aynan shu mualliflarning uslubiga taqlid qilgan holda yangi matnlar yaratayotgani yozuvchilar tomonidan ikki karra adolatsizlik sifatida baholanmoqda.

Bugungi kunda generativ sun’iy intellektdan foydalanish odatiy holga aylandi. ChatGPT’dan tashqari, Sudowrite va Novelcrafter kabi maxsus yozuv vositalari paydo bo‘lgan bo‘lib, ular kitob yozishdan tortib, tahrir qilish va hatto nashrga tayyorlash jarayonlarini avtomatlashtirmoqda. Amazon platformasiga to‘liq sun’iy intellekt tomonidan yozilgan minglab kitoblar joylanmoqda, bu esa haqiqiy mualliflar uchun raqobatni keskin kuchaytirmoqda. Yozuvchilar AI mahsuli “his-tuyg‘udan xoli” ekanini, natijada yuzaga kelayotgan asarlar ko‘pincha takrorlanuvchi va bashorat qilish oson bo‘lgan qolipga tushib qolayotganini ta’kidlashmoqda.

Hisobotda adabiyot bozorida xavfli “ikki pog‘onali tizim” shakllanayotgani haqida ogohlantiriladi. Unga ko‘ra, yuqori sifatli va mukofotga sazovor bo‘lgan adabiyotlar “elitar mahsulot”ga aylanishi mumkin. Biroq sohaning katta qismi — kopirayting, tarjima va audiokitoblar bozori asta-sekin sun’iy intellekt tomonidan egallab olinmoqda. Hatto audiokitoblarni ovozlashtiruvchi diktorlar o‘rnini ham tobora ko‘proq sintetik ovozlar egallamoqda.

2022-yilgi statistikaga ko‘ra, Buyuk Britaniyada yozuvchilarning o‘rtacha daromadi mamlakatdagi minimal ish haqidan ham past bo‘lgan. Ayniqsa, endigina faoliyat boshlagan yoki moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan ijodkorlar uchun AI’ning shiddat bilan kirib kelishi — kasbni tark etishga majbur qiluvchi so‘nggi zarba sifatida ko‘rilmoqda.

Garchi hisobot Buyuk Britaniya misolida tayyorlangan bo‘lsa-da, mutaxassislar bu muammoning global xarakterga ega ekanini ta’kidlamoqda. Mualliflar mualliflik huquqi qonunchiligini yangilash, texnologiya kompaniyalaridan shaffoflikni ta’minlash va asarlardan foydalanilgani uchun munosib haq to‘lashni talab qilmoqdalar. Aks holda, insonga xos hikoyanavislik san’ati va adabiyotning kelajagi jiddiy xavf ostida qolishi mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan