Bugungi kunda global sun’iy intellekt bozorini ChatGPT, Gemini yoki DeepSeek kabi yirik til modellari (LLM) boshqarmoqda. Ular inson nutqini hayratlanarli darajada aniq taqlid qila oladi, ammo borliqni anglamaydi, voqealarni real vaqt rejimida idrok etmaydi va mustaqil tajriba asosida o‘zini takomillashtirish qobiliyatiga ega emas. Avstraliyalik tadqiqotchilarning fikricha, haqiqiy universal sun’iy intellekt (AGI) yaratish uchun tilni emas, balki miyaning ishlash mexanizmini modellashtirishga o‘tish zarur.

Dikin universiteti (Avstraliya) olimlari Say Boruy va Jao Yao mavjud chat-botlar va haqiqiy aql o‘rtasidagi jarlikni qisqartirishga qaratilgan yangi yondashuvni taklif qilishdi. Daily Neuron nashrining yozishicha, hozirgi LLMlar ko‘pincha ishonchsiz xulosalar chiqaradi va qimmatga tushuvchi qayta o‘qitish jarayonisiz yangi sharoitlarga moslasha olmaydi.
Mualliflarning asosiy tezisi quyidagicha: Til — tafakkurning mexanizmi emas, balki uning shunchaki ifodasidir.
«Til tasvirlari o‘rganish tamoyillarini ishga tushirishi mumkin, biroq ular biologik ta’lim jarayonlarida sodir bo‘ladigan murakkab neyron dinamikasini o‘zida to‘liq mujassam eta olmaydi», — deydi tadqiqotchilar.
«Intellektning asos modeli» (Intelligence Foundation Model) nima? Tadqiqotchilar taklif etayotgan «Intellektning asos modeli» aqlning tub mexanizmlarini bevosita oqilona xatti-harakatlar misolida o‘rganadi. Uning an’anaviy neyrotarmoqlardan eng muhim farqi — «nimani bashorat qilish»ga bo‘lgan yondashuvidadir. Agar standart modellar gapdagi navbatdagi so‘zni topishga urinsa, «Intellektning asos modeli» neyronning chiqish signalini bashorat qiladi. U biologik neyron tarmoqlaridagi dinamik jarayonlarning o‘ziga xos «raqamli nusxasi»ni yaratishga intiladi.
Miyaga o‘xshash arxitektura. Yangi model standart sun’iy intellektdagi oddiy qatlamli tuzilmalardan farq qilib, quyidagi xususiyatlarga ega:
-
ma’lumotni vaqt o‘lchovida saqlaydi;
-
ichki holatlarni doimiy o‘zgartirib turadi;
-
fikrlash jarayonini uzluksiz davom ettiradi.
Bu jarayon inson miyasidagi signallarning nafaqat oldinga, balki orqaga ham qaytib harakatlanishiga o‘xshaydi. Natijada yopiq halqalar hosil bo‘lib, bu qisqa muddatli xotira va kontekstni shakllantirish imkonini beradi.
Pavlov tajribasi: Farq nimada? Farqni tushunish uchun mashhur misolga murojaat qilamiz:
-
Standart LLM — Pavlov iti haqidagi tajribaning matnli tavsifini «o‘qigan» va bu haqda hikoya qilib beradi.
-
«Intellektning asos modeli» esa jarayonning ichiga kiradi: u itning miyasida qo‘ng‘iroq chalinganda va ovqat berilganda neyron aloqalar qanday bog‘lanayotganini, signallar qay yo‘sinda kuchayayotganini va mustahkamlanayotganini takrorlashga harakat qiladi.
Ya’ni, tizim tajribani matn sifatida emas, balki neyron faollik ketma-ketligi sifatida qabul qiladi va shu asosda o‘z tarmog‘ini qayta quradi. Fanda bu jarayon neyroplastiklik deb ataladi va tirik mavjudotlarda o‘rganish aynan shu mexanizm orqali amalga oshadi.
«Aqlni o‘rgatish»ning aniq formulasi. Model mavhum tafakkur tushunchasini aniq va o‘lchanadigan algoritmga aylantiradi: Sezgi ma’lumotlari (sensorlar) → Neyron holatining o‘zgarishi → Harakat. Agar bunday zanjirlar yetarlicha ko‘p bo‘lsa, tizim umumlashtirilgan kognitiv tamoyillarni avtomatik ravishda shakllantira boshlaydi. Ma’lumotlar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri sensorlar yoki inson harakatlarini qayd etuvchi raqamli avatarlar orqali yig‘ilishi mumkin.
Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, ushbu yondashuv sun’iy intellektni inson aralashuvisiz ham moslasha oladigan, tajribadan chindan ham «o‘rganadigan» va yangi sharoitlarda mustaqil qaror qabul qiladigan tizimga aylantirishi mumkin.