Ilon Mask Amerika–Saudiya investitsiya forumi doirasida Nvidia rahbari Jensen Xuang bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda kelajak iqtisodiyoti haqidagi inqilobiy qarashlarini bildirdi. Uning fikricha, sun’iy intellekt va robototexnika rivoji tufayli insoniyat mehnat ixtiyoriy mashg‘ulotga aylanadigan, pul esa asta-sekin o‘z ahamiyatini yo‘qotadigan davrga qadam qo‘ymoqda.

Maskning ta’kidlashicha, yangi texnologiyalar towar va xizmatlarni inson ishtirokisiz ishlab chiqarish imkonini beradigan iqtisodiy modelni shakllantiradi. Bunday sharoitda an’anaviy moliyaviy cheklovlar yo‘qolib, «valyuta» tushunchasining o‘zi ham qadrsizlanib boradi. Biroq, milliarderning fikricha, hatto shunday farovonlik davrida ham energiya resurslari, xomashyo va hisoblash quvvatlari muhim ahamiyat kasb etib qolaveradi.
Tadbirkor o‘z qarashlarini tushuntirishda yozuvchi Ien Benksning «Madaniyat» (The Culture) nomli ilmiy-fantastik asarlar sikliga murojaat qildi. Ushbu asarlarda resurslar cheklanmagan, tanqislik muammosi bartaraf etilgan jamiyat tasvirlangan. Maskning aytishicha, bu kitoblar sun’iy intellekt rivoji insoniyatni qanday ijobiy ssenariy sari yetaklashi mumkinligi haqida tasavvur beradi.
Uning bashoratiga ko‘ra, kelajakda mehnat majburiyat emas, balki sport, bog‘dorchilik yoki videoo‘yinlar kabi sevimli mashg‘ulotlardan biriga aylanadi. Mask buni hozirgi kunda odamlarning o‘z tomorqasida sabzavot yetishtirishiga qiyosladi: garchi bu og‘ir mehnat bo‘lsa-da, ko‘pchilik uni ehtiyoj uchun emas, balki zavq uchun bajaradi.
So‘nggi chiqishlarida Mask robotlar va sun’iy intellekt qashshoqlikni butunlay yo‘q qilishga qodir ekanini muntazam ta’kidlab kelmoqda. U o‘zining Optimus robotini aynan shu maqsadga erishish, ya’ni «barcha uchun yuqori turmush darajasini ta’minlashning yagona haqiqiy yo‘li» deb atadi. Shuningdek, u davlatlar endilikda faqat «universal asosiy daromad» (UBI) haqida emas, balki har bir fuqaroga istalgan tovar va xizmatni sotib olish imkonini beruvchi «umumiy yuqori daromad» tizimini joriy etish ustida bosh qotirishi kerakligini qayd etdi. Shunga qaramay, Mask bunday tub o‘zgarishlar jamiyatni jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy sinovlarga duchor qilishi mumkinligidan ham ogohlantirdi.