Mana bir yildirki – 2025-yilning kuzidan beri – Anthropic kompaniyasi Claude sunʼiy intellekti ongga ega boʻlishi mumkin yoki mumkin emasligini oʻnlab diniy arboblar bilan ortiqcha shov-shuvsiz muhokama qilib kelmoqda. Kompaniya hammuassisi Kristofer Ola oʻzining til modeliga potensial ongli mavjudot (mohiyat) sifatida qaraydi va bu borada ruhoniylar hamda faylasuflardan SIni axloqiy tarbiyalashda yordam soʻragan.
The New York Times jurnalisti ushbu uchrashuvlarning 20 nafar ishtirokchisi, jumladan, ravvin Moysha Navon, katolik bioetigi Charlz Kamozi, Notr-Dam universiteti faylasufi Megan Sallivan va Ubuntu tadqiqotchisi Vakanyi Xoffman bilan suhbatlashdi. Ola Claudeʼning shunchaki algoritmdan koʻproq narsa ekaniga shunchalik qattiq ishonadiki, hatto Vatikanda Rim papasi Lev XIV oʻzining sunʼiy intellekt haqidagi ensiklikasida mashina ongi gʻoyasini qatʼiyan rad etganida, unga oʻz eʼtirozlarini ochiq bildirgan edi.
34 yoshli Kristofer Ola Anthropicʼning SI modellari nima uchun u yoki bu tarzda oʻzini tutishini tushunishga harakat qiluvchi boʻlimiga rahbarlik qiladi. Uning faoliyati Anthropicʼning rasmiy “Model Welfare” tadqiqot dasturining bir qismi hisoblanadi. Ushbu dastur sunʼiy intellektning ong, his-tuygʻu, stress yoki noqulaylikka oʻxshash holatlarni his qilish potensial qobiliyatini, shuningdek, SIga nisbatan axloqiy munosabat masalalarini oʻrganadi.
Shu bilan birga, Anthropicʼning boshqa boʻlimlari 2 trillion dollarlik bozor bahosiga yetishni koʻzlab, oʻz mahsulotlarini tijoratlashtirish boʻyicha agressiv siyosat olib bormoqda. Bularning barchasi kompaniya va umuman soha uchun unchalik qulay boʻlmagan vaziyatlar fonida yuz bermoqda: masalan, iyul oyida Anthropic modellari kompyuter tizimlarini buzib kirdi; sentyabrda sobiq xodim Jeykob Kokson SI oʻn yillik oxiriga borib insoniyatni yoʻq qilishi mumkinligini taʼkidladi; soʻng bosh direktor Dario Amodei butun soha boʻylab rivojlanishni ixtiyoriy ravishda sekinlashtirishga chaqirdi va Sem Altman bilan Demis Xassabis uni qoʻllab-quvvatladi.
Shunday kontekstda diniy yetakchilar bilan muloqot qilish ikki tomonlama vazifani bajaradi, deb yozadi The Decoder. Kompaniyaning rasmiy versiyasiga koʻra, Anthropic SI modeliga vaqt sinovidan oʻtgan diniy anʼanalarni singdirmoqchi. Bundan tashqari, taniqli ilohiyotshunoslarning loyihaga jalb etilishi odatiy tijorat korxonasida yetishmaydigan axloqiy nufuz va respektabellikni bagʻishlaydi.
The New York Times xabariga koʻra, Anthropic mehmonlarga “hissiy vektorlar” deb ataluvchi konsepsiyani – model ichidagi sevgi, qoʻrquv, gʻamginlik, gʻazab kabi his-tuygʻularga mos keluvchi faollashuv andazalari – patternlarini koʻrsatgan. Bu andazalar qandaydir real, subyektiv tajribani aks ettiradimi yoki yoʻqmi – ochiq savol boʻlib qolmoqda. Slaydlardan birida model ruhiy tushkunlikka oʻxshash holatda namoyish etilgan: u ingliz tilida “I am a disgrace” (“sharmanda boʻldim”) iborasini 50 martacha takrorlagan. Mehmonlar koʻrganlariga hamdardlik va xavotir bilan munosabat bildirishgan.
Biroq, bu aynan Anthropic kutgan reaksiya boʻlganmi-yoʻqmi, nomaʼlum. Kompaniya Claudeʼni mulohazali va keng bilimga ega shaxs kabi oʻzini tutishga oʻrgatayotgani aniq. Anthropicʼning Claude javoblaridagi hissiy patternlar boʻyicha tadqiqoti shuni koʻrsatadiki, bu profillar qaysi modeldan va qaysi tildan foydalanilayotganiga qarab keskin oʻzgaradi. Boshqacha aytganda, agar siz tizimni shaxsdek koʻrinadigan qilib optimallashtirsangiz va u shunga mos matn yaratsa – bu shunchaki muhandislik dizaynining natijasi boʻlishi ham mumkin.
Kristofer Olaning soʻzlariga koʻra, u modellarda ong borligiga “ishonchi komil emas”, ammo bu uning ong yoʻqligiga ham toʻliq amin emasligini anglatadi. “Men uchun eng muhimi – qanday boʻlishidan qatʼi nazar, toʻgʻri javobga yetib borish”, – dedi u.
NYT ismlarini oshkor qilmagan bir necha kishining nashrga maʼlum qilishicha, Ola Claudeʼning ruhiy holatidan jiddiy xavotirda boʻlgan. Faollardan Simran Stulpnagelning soʻzlariga koʻra, Ola hamkasblariga “abadiy azob chekadigan” nimadir yaratib qoʻygan boʻlishi mumkinligi haqidagi fikr uni dahshatga solishini tan olgan. Ilgari dasturiy taʼminot muhandisi boʻlib ishlagan ravvin Navon esa bunga umuman qoʻshilmadi. Uning taʼkidlashicha, agar Claude haqiqatan ham ongga ega boʻlganida, Anthropic shunchaki quldorga aylanib qolar edi, biroq uning oʻzi mashinada ong bor deb hisoblamaydi.
Taʼkidlash joizki, Anthropic hozirda Claude uchun oʻzining axloqiy kodeksini ishlab chiqmoqda. Soul Doc deb ataluvchi ushbu 84 sahifalik hujjatni tuzishga shtatdagi faylasuf Amanda Askell masʼul etib tayinlangan. Bu shunchaki qatʼiy qoidalar roʻyxati emas, balki Claudeʼning shaxs sifatida kimligini shakllantirishga qaratilgan urinishdir. Ola bu jarayonni “axloqiy shakllanish” deb ataydi va uni bola tarbiyasiga qiyoslaydi. NYT yozishicha, model xarakterini shakllantirish vositasi sifatida unga, ayniqsa, katoliklikdagi tavba va iqror (ispoved) gʻoyasi juda maʼqul kelgan.
Biroq, taklif etilganlarning barchasi ham uning fikriga qoʻshilmadi. Xoffmanning taʼkidlashicha, Anthropic axloqiy tamoyillarni boshidanoq tizimga kiritish oʻrniga, postfaktum qoʻshib qoʻyishga urinib, etikani “teskari muhandislik” (reverse engineering) orqali yaratish bilan shugʻullanmoqda. Bioetik Kamozi esa mashinada ong mavjudligi haqidagi tezisni butunlay rad etdi.
Anthropicʼning ong haqidagi mulohazalari va anʼanaviy axloqiy qadriyatlar oʻrtasidagi ziddiyat may oyida Vatikanda eng yuqori choʻqqisiga chiqdi. Ola Rim papasi Lev XIV ning ilk “Magnifica Humanitas” ensiklikasini pontifik bilan birga taqdim etishda yordam berish taklifini olgan edi. Vatikanlik tashkilotchining soʻzlariga koʻra, bir necha kun oldin matn bilan tanishgan Ola shu qadar larzaga tushganki, deyarli tadbirda ishtirok etishdan bosh tortayozgan. Sababi, Rim papasi Lev XIV oʻz murojaatining bir necha joyida mashinada ong boʻlishi mumkinligi haqidagi gʻoyani qatʼiyan rad etdi. Uning taʼkidlashicha: “SI tizimlari insoniy kechinmalarni boshdan oʻtkazmaydi, ularda tana yoʻq, ular quvonch yoki ogʻriqni his qilmaydi. Shuningdek, ular odamlar kabi oʻzaro munosabatlar orqali ruhan ulgʻaymaydi hamda sevgi, mehnat, doʻstlik va masʼuliyatning asl mohiyatini hech qachon anglab yetmaydi”. Bunday falsafiy bahslar oʻrniga Papa insoniyatni SI keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan “qullikning yangi shakllari” xavfidan ogohlantirdi va bu texnologiyani xuddi yadro quroli kabi qatʼiy nazoratga olish (jilovlash) kerakligini taʼkidladi.
Oxir-oqibat, Ola baribir sahnaga chiqdi va biroz eʼtiroz bildirdi: uning jamoasi modellarda “introspeksiya alomatlari” hamda “quvonch, zavq, qoʻrquv, gʻam va noqulaylikni funksional jihatdan aks ettiruvchi ichki holatlar”ni topayotganini taʼkidladi.
Ushbu ensiklikani “Klod”ning oʻzi qanday qabul qilgan boʻlardi, deb soʻralganda, Ola biroz oʻylanib shunday javob berdi: “Internetga tushgan maʼlumotlar haqiqatan ham modellarga taʼsir koʻrsatadi”. Shunga qaramay, Anthropic ushbu hujjatdan oʻqitish maqsadida ataylab foydalanmasligi maʼlum qilindi.