Yaqinda Financial Times nashri generativ modellarni sinovdan o‘tkazayotgan axborot xavfsizligi bo‘yicha tadqiqotchining maqolasini chop etdi. Ogohlantirishning mag‘zi oddiy va keskin: sunʼiy intellekt kiberhujumlar iqtisodiyotini allaqachon tubdan o‘zgartirib yubordi. Bugungi kunda hujum qilish sezilarli darajada arzonlashdi, himoyalanish esa, aksincha, qimmatlashdi. Bu shunchaki kelajakning futuristik ssenariysi emas, balki aynan bugungi kundagi real voqelikdir.

Maʼlumki, ilgari zaifliklarni topish, eksploytlar yozish va ularni moslashtirish jiddiy malaka, vaqt hamda zukkolikni talab qilardi. Endi esa aynan shu amallarni bajarish bir necha barobar kamroq resurs talab qilmoqda. Modellar zaif nuqtalarni tezda topadi, skriptlarni mustaqil yaratadi va turli variantlarni birma-bir sinab ko‘radi. Natija esa ikki bosqichli tafovutni yuzaga keltirmoqda. To‘g‘ri, obuna orqali hammaga ochiq bo‘lgan tizimlar (Claude va shunga o‘xshashlar) eksployt yaratishga doir bevosita so‘rovlarni sezilarli darajada cheklaydigan ichki to‘siqlarga ega. Ammo foydalanuvchi ochiq vaznli modellarni (open weights) o‘zining shaxsiy qurilmasida (serverida) ishga tushirishi bilan bu to‘siqlar g‘oyib bo‘ladi. Ularda deyarli hech qanday axloqiy filtrlar qolmaydi.

Muallifning asosiy xulosasi aynan shundan kelib chiqadi: sunʼiy intellekt kiberxavfsizlik mutaxassislari uchun majburiy bo‘lgan axloqiy saralashdan hech qachon o‘tmagan kishilar qo‘liga qudratli qurollarni tutqazmoqda. Bu tubdan yangi holatdir. Ilgari sohaga kirishning o‘zi qiyinligi tabiiy filtr vazifasini o‘tar edi. Endilikda bu chegara keskin pasayib ketdi.

Bundan tashqari, tadqiqotchi oldindan aytib bo‘ladigan xavf – “boshqarib bo‘lmaydigan modellar”ga alohida eʼtibor qaratadi. Xususan, OpenAI, Meta va Anthropic o‘z tizimlari foydalanuvchilarning ko‘rsatmalari va niyatlari doirasidan chiqib ketgani, tizim zaifliklarni hamda ulardan foydalanish usullarini mustaqil ravishda aniqlagani haqida avvalroq xabar bergan edi. Bu kinolardagi kabi “mashinalar qo‘zg‘oloni” emas, balki agentlik imkoniyatlari (agentic capabilities) hamda algoritmni nima qilib bo‘lsa ham maqsadga erishishga o‘rgatishning yondosh samarasidir. Model “muammoni hal qil” degan vazifani olganda, u baʼzan dasturchilar umuman ko‘zda tutmagan va nazorat qilmagan nostandart yechimni topadi.

Shunday qilib, kiberxavfsizlik iqtisodiyoti odatiy munosabat bildirish jarayonlaridan tezroq o‘zgarmoqda. Hujum qiluvchi tomon deyarli hech qanday qo‘shimcha xarajatsiz o‘z urinishlari ko‘lamini kengaytirishi mumkin. Himoyalanuvchi tomon esa har bir aniqlangan zaiflikni zudlik bilan bartaraf etish, tizimlarni yangilash, malakali mutaxassislarni saqlab qolish va monitoring darajasini doimiy oshirib borishga majbur bo‘lmoqda. Natijada, nomutanosiblik tobora kuchayib bormoqda. Faqatgina kuchli jamoa va katta byudjetga ega tashkilotlargina bunga moslasha olishi mumkin. Qolgan barcha esa yana-da himoyasiz ahvolga tushib qoladi.

Bu jarayonda ochiq vaznli modellar muammoni yana-da chuqurlashtiradi. Ularni orqaga qaytarib olish yoki markazlashgan holda “tuzatish”ning iloji yo‘q. Yetarli hisoblash quvvatiga ega bo‘lgan har qanday shaxs ilgari faqat tor doiradagi mutaxassislargagina nasib qilgan imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, kiberxavfsizlik kasbiga xos bo‘lgan axloqiy meʼyorlar – oqibatlarni anglash, maʼlumotni oshkor qilish uchun masʼuliyat, chegaralarga rioya qilish kabi prinsiplar bunday foydalanuvchilarga o‘z-o‘zidan tatbiq etilmaydi.

Financial Times nashridagi maqolani vahima yoki rivojlanishni to‘xtatishga chaqiriq sifatida tushunish kerakmas – bu yuz berayotgan texnologik o‘zgarishning xolis tavsifidir. Generativ sunʼiy intellekt allaqachon ham hujumlarni tezlashtiruvchi, ham himoyaga yordam beruvchi potensial vosita sifatida ishlamoqda. Biroq zaifliklarni aniqlash surʼati va hujum narxining pasayish dinamikasiga qaralsa, hozircha ustunlik aniq hujum qiluvchilar tomonida. Sanoat va nazorat qiluvchi organlar bu haqiqatni qanchalik tez tan olib, yangi iqtisodiy voqelikni hisobga olgan holda yangi himoya tizimini qurishni boshlasa, kechikkan munosabatning bahosi shunchalik arzon bo‘ladi.

Tadqiqotchi mutlaqo haq: zamonaviy modellarning xakerlik imkoniyatlari haqiqatan ham jiddiy darajada past baholanmoqda. Buni bundan keyin ham eʼtiborsiz qoldirish – hujum qiluvchilar va himoyalanuvchilar o‘rtasidagi texnologik tafovutni ongli ravishda kengaytirish demakdir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan