Hisobotlardagi paradoks – sun’iy intellekt servislari jadal o‘smoqda, biroq ular auditoriyasida yoshlarning ulushi qisqaryapti. Bu Z avlodining texnologiyadan voz kechayotganini emas, balki undan ancha ongli va tanlab foydalana boshlaganini ko‘rsatishi mumkin.

Yaqin vaqtgacha Z avlodi har qanday yangi raqamli mahsulotning tabiiy ilk auditoriyasi hisoblanardi. Ijtimoiy tarmoqlar, qisqa videolar, mobil to‘lovlar va generativ sun’iy intellekt vositalari, odatda, avvalo yoshlar orasida ommalashar edi.

Endi esa qiziq bir ziddiyat kuzatilmoqda: sun’iy intellekt servislaridan umumiy foydalanish o‘sishda davom etyapti, ammo yoshlarning ushbu auditoriyadagi nisbiy ulushi kamaymoqda. Ayni paytda “sun’iy intellektsiz qidiruv” kabi funksiyalarga qiziqish aynan 18-24 yoshlilar orasida yuqori.

Bir qarashda bu holatni “Z avlodi SIdan charchadi” degan sodda xulosa bilan izohlash mumkin. Ammo raqamlarga diqqat bilan qaralsa, manzara ancha murakkab: gap texnologiyani rad etish haqida emas, balki “yangilikka mahliyo bo‘lish” bosqichidan ongli va tanlovchan foydalanish bosqichiga o‘tish haqida ketmoqda.

Bozor o‘smoqda, auditoriya esa qarib bormoqda

Similarweb’ning 2026 yilgi Generative AI Landscape hisobotiga ko‘ra, 2025-yil iyunidan 2026-yil mayigacha generativ SI platformalari dunyo bo‘yicha oyiga o‘rtacha 9,5 milliard tashrif qabul qilgan. Bu avvalgi o‘n ikki oylik davrga nisbatan 70 foizlik o‘sish demakdir.

Shu davrda oylik noyob veb-foydalanuvchilar soni 57 foizga o‘sib, 655 millionga, mobil ilovalar yuklab olinishi esa 58 foizga ko‘payib, 4,4 milliardga yetgan. Demak, sun’iy intellektga umumiy qiziqish pasaygani yo‘q; aksincha, u tajriba tariqasida sinab ko‘riladigan yangilikdan kundalik raqamli odatga aylanmoqda.

Biroq o‘sishning demografik tarkibi o‘zgaryapti. AQSH veb-auditoriyasi bo‘yicha 18-34 yoshlilarning generativ SI servislaridagi ulushi 2024-yil mayidagi 61 foizdan 2026-yil mayida 50 foizga tushgan. Shu davrda 55 yosh va undan katta foydalanuvchilar ulushi 12 foizdan 18 foizga ko‘tarilgan.

Bu yerda muhim farq bor: yoshlarning ulushi kamayishi ularning mutlaq soni yoki SIdan foydalanish chastotasi ham kamayganini anglatmaydi. Bozor tez kengaygani va katta yoshdagi auditoriya faolroq kirib kelgani uchun yoshlarning umumiy tarkibdagi salmog‘i pasaygan bo‘lishi mumkin. 18-34 yoshlilar hali ham SI-servislari auditoriyasining yarmini tashkil etayotgani bu bozorda yoshlar mavqei saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. “SI endi faqat yoshlar texnologiyasi emas”.

Eng qiziq signallardan biri DuckDuckGo qidiruv tizimining barcha SI funksiyalari o‘chirilgan No AI Search sahifasida kuzatilgan.

Similarweb hisobotidagi 2026-yil mart-may oylari ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHda ushbu sahifa auditoriyasining 33 foizini 18-24 yoshlilar tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bu yosh toifasining AQSH umumiy internet auditoriyasidagi ulushi taxminan 16 foiz. Boshqacha aytganda, yoshlar “SIsiz qidiruv” auditoriyasida odatdagi internet auditoriyasiga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘proq namoyon bo‘lgan. 45-54 yoshlilar esa No AI Search auditoriyasining taxminan 10 foizini tashkil etgan.

SIdan voz kechish emas, majburiy SIdan charchash

Z avlodi generativ SI imkoniyatlarini birinchilardan bo‘lib sinab ko‘rdi. Tabiiyki, uning cheklovlarini ham boshqalardan oldinroq anglay boshladi.

Dastlab bir necha soniyada matn, tasvir yoki kod yaratishning o‘zi hayrat uyg‘otgan bo‘lsa, endilikda foydalanuvchi natijaning amaliy qiymatini baholaydi: javob qanchalik aniq, manbalari ko‘rsatilganmi, uni tekshirish uchun yana qancha vaqt sarflash kerak?

Oddiy fakt, rasmiy hujjat yoki asl maqola kerak bo‘lgan vaziyatda generativ javob axborotga olib boruvchi qisqa yo‘l emas, balki qo‘shimcha tekshirish bosqichiga aylanishi mumkin. An’anaviy qidiruv foydalanuvchiga bir nechta manbani ko‘rsatsa, SI ularni bitta ishonchli ohangdagi matnga birlashtiradi. Natijada xatoni payqash va axborotning qayerdan olinganini aniqlash qiyinlashadi.

Bu xavotir mutlaqo nazariy emas. Kolumbiya universiteti huzuridagi Tow Center 2025-yilda sakkizta generativ qidiruv vositasida 1 600 ta so‘rov o‘tkazib, tekshirilgan yangilik maqolasi va uning manbasini topishga qaratilgan so‘rovlarning 60 foizdan ortig‘iga noto‘g‘ri javob berilganini aniqlagan. Tadqiqot mualliflari bu ssenariylar odatiy foydalanuvchi xatti-harakatini to‘liq ifodalamasligini tan oladi. Shunga qaramay, natija generativ qidiruvda manba va ishonchlilik muammosi mavjudligini ko‘rsatadi. Demak, yosh foydalanuvchi SIga qarshi bo‘lgani uchun emas, ba’zi vazifalarda u vaqtni tejash o‘rniga tekshirish xarajatini oshirgani uchun an’anaviy qidiruvni tanlashi mumkin.

“Neyroslop”: kontent ko‘p, qiymat esa kam

Bu o‘zgarishning yana bir sababi – internetda “neyroslop” deb atalayotgan kontentning ko‘payishi. Bu ilmiy atama emas, balki kam xarajat bilan ommaviy tarzda generatsiya qilingan, bir xil qolipdagi va ko‘pincha past sifatli matn, tasvir hamda videolarni ifodalovchi madaniy tushunchadir.

Muammo faqat sun’iy kontentning mavjudligida emas. Muammo – foydalanuvchi har bir material qarshisida yangi vazifani bajarishiga to‘g‘ri kelayotganida: buni kim yaratgan, ma’lumot qayerdan olingan, muallif haqiqiymi, raqamlar tekshirilganmi?

Axborot miqdori ortib, uning kelib chiqishini aniqlash qiyinlashgan sari uchta xususiyatning qadri oshib boradi: asl manbaga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish, inson muallifligi va tahririy javobgarlik, shuningdek SI funksiyalarini yoqish yoki o‘chirish imkoniyati. Shu nuqtayi nazardan, No AI Search foydalanuvchining interfeys ustidan nazoratni qaytarib olishga urinishi ham bo‘lishi mumkin.

Asosiy talab – tanlov huquqi

DuckDuckGo misolidagi eng muhim jihat shundaki, kompaniya SIni butunlay rad etmayapti. U Duck.ai chat-botini, qisqa SI javoblarini beruvchi Search Assist funksiyasini va generatsiya qilingan tasvirlarni filtrlash vositasini ham taklif qiladi. Shu bilan birga, istagan foydalanuvchi barcha SI funksiyalari o‘chirilgan alohida qidiruvdan foydalanishi mumkin.

2026-yil mayida Google qidiruvidagi SI yangilanishlaridan so‘ng DuckDuckGo’ning No AI Search sahifasiga tashriflar bir hafta ichida o‘rtacha 22,7 foizga, AQSHdagi ilova o‘rnatishlar esa o‘rtacha 18,1 foizga o‘sgan. iOS qurilmalarida o‘rtacha o‘sish 33 foizni tashkil etgan. Bu qisqa davrga tegishli va muayyan yangilikka bog‘liq statistika bo‘lsa-da, foydalanuvchilar uchun “SI bormi yoki yo‘qmi?” degan savoldan ko‘ra “uni o‘zim boshqara olamanmi?” degan savol muhimlashib borayotganini ko‘rsatadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan