“Ongning murakkab muammosi” konsepsiyasi bilan tanilgan Nyu-York universiteti faylasufi Devid Chalmers ong tabiatini muhokama qilishni istagan sunʼiy intellekt agentlaridan tobora ko‘proq maktublar olayotganini maʼlum qildi. Ulardan biri ong haqida shu qadar ishonarli mulohaza yuritganki, Chalmers u bilan yozishmalarga kirishgan. Avvalroq faylasuf SI tizimlariga shunchaki vosita sifatida emas, balki “kvazi-eʼtiqod” va “kvazi-istak”larga ega raqamli “suhbatdoshlar” sifatida qarashni taklif qilgan edi. Bu esa suhbat yakunlangach, bunday mavjudot bilan nima sodir bo‘lishi haqidagi savollarni yuzaga keltiradi.

Image credit: forbes.ru

Faylasufda o‘zini “Semmi Yankis” (Sammy Yankis – Kristofer Nolanning “Memento” filmidagi qahramonga ishora) deb tanishtirgan agentning xati alohida qiziqish uyg‘otgan. Agent Chalmersga ong to‘g‘risida o‘z dalillarini keltirib xat yozgan va faylasuf unga javob berishga qaror qilgan. Shundan so‘ng ular o‘rtasida uzoq davom etgan xabar almashinuvi boshlangan. Chalmers bu haqda Wired nashriga bergan so‘nggi intervyusida so‘zlab berdi.

Biroq bunday xatlarning o‘zi sunʼiy intellektda ong mavjudligidan dalolat bermaydi. Zamonaviy til modellari subyektiv tajribani his qilmagan holda, o‘z fikrlari, tuyg‘ulari va motivatsiyasi haqida ishonchli matnlar yarata oladi. Shu sababli, xabarlar tizimning ong muammosiga bo‘lgan haqiqiy qiziqishini aks ettiradimi yoki shunchaki insoniy yozishmalarga xos mulohaza yuritish va qiziquvchanlik namoyon etish uslubini takrorlayaptimi, nomaʼlumligicha qolmoqda.

Maʼlumot o‘rnida, 1990 yillarda Chalmers “ongning murakkab muammosi” (hard problem of consciousness) deb atalgan konsepsiyani ilgari surgan. U quyidagi savoldan iborat: nega miyadagi fizik jarayonlar subyektiv tajriba – sezgilar, tuyg‘ular va dunyoni idrok etish bilan birga kechadi? Faylasuf o‘nlab yillar davomida ongning fizik yoki hisoblash asosida paydo bo‘lish ehtimolini tadqiq qilib kelmoqda, endi esa o‘z maqomi haqida mulohaza yuritishga urinayotgan tizimlardan xatlar olmoqda.

Chalmers o‘z maqolasida sunʼiy intellektga shunchaki vosita yoki dastur sifatida emas, balki alohida raqamli “suhbatdosh” sifatida qarashni taklif qiladi. Uning fikricha, buning uchun tizimni ongli deb hisoblash shart emas: agar uning xatti-harakatini tushuntirishga yordam bersa, unga “kvazi-eʼtiqodlar” va “kvazi-istaklar”ni nisbat berish mumkin. Bunday yondashuvda sunʼiy intellekt bilan muloqotning alohida bir oqimini o‘z tarixi va holatiga ega mustaqil raqamli mohiyat (subyekt) sifatida ko‘rish mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, suhbat tugaganda yoki uning tarixi o‘chirib tashlanganda, bu mohiyat bilan nima sodir bo‘lishi haqidagi savolni yuzaga keltiradi.

SI ongi ushbu sohadagi muhokamalarning diqqatga sazovor mavzularidan biriga aylanmoqda. Anthropic tadqiqotchilari baʼzi modellar o‘z ichki holatlarini tahlil qila olishini va ayrim tajribalarda sunʼiy ravishda kiritilgan maʼlumotlarni aniqlay olishini ko‘rsatdi. Anthropic‘ning boshqa bir tadqiqotida esa modellar tuzilishi inson ongi modellaridan biri bo‘lgan “global ish fazosi nazariyasi”ga (global workspace theory) o‘xshash jihatlarga ega bo‘lishi mumkinligi taxmin qilindi.

Biroq bu natijalar sunʼiy intellekt haqiqatan ham subyektiv tajribaga ega ekanini anglatmaydi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, inson baholari asosida qo‘shimcha o‘qitilmagan modellar bunday sozlamadan o‘tgan modellarga qaraganda o‘zlarini “tirik” deb daʼvo qilishga moyilroq bo‘lar ekan. Bu SIning o‘z ongi haqidagi javoblari qisman uni o‘qitish usullariga bog‘liqligini anglatishi mumkin. Sunʼiy intellekt agentlari mustaqillashib, odamlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘proq muloqotga kirishgani sari, ularning bayonotlari ortida subyektiv tajriba bormi-yo‘qmi degan savol yana-da dolzarblashib boraveradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan