Kuni kecha turli nashrlar tomonidan tarqatilgan “Albaniyaning sun’iy intellekt vaziri Diella pora olgani uchun qamoqqa olindi” degan xabarning soxta ekani tasdiqlandi. Aslida mazkur “shov-shuvli yangilik” Xorvatiyaning taniqli satirik portali Newsbar tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, ushbu sayt materiallari to‘liq hazil-mutoyibaga asoslanishi bilan mashhur.

Satirik maqolada go‘yoki vazir maqomidagi AI – Diella davlat tenderlarida 1,3 million yevro mablag‘ni o‘zlashtirgani, serverlarda maxfiy bo‘lim yashirgani va o‘ziga xos “korrupsiya algoritmi”ni ishlab chiqqani hajv qilingan. Yolg‘on xabar mualliflari fantaziyani shu darajaga yetkazishganki, unda Diella xitoylik xakerlar bilan noqonuniy dasturiy ta’minot sotib olish bo‘yicha muzokara o‘tkazgani, Panama serverlaridan joy xarid qilmoqchi bo‘lgani va hatto “saylovsiz umrbod vazir bo‘lib qolish”ni rejalashtirgani iddao qilingan. Maqolaning to‘qima ekanligi uning so‘ngidagi “Diella bloklangani sababli, tekshiruv tugaguniga qadar uning vazifalarini eski Casio kalkulyatori bajarib turibdi” degan jumladan ham yaqqol ko‘rinib turadi.
Shunga qaramay, ayrim jiddiy media resurslar bu hajvni haqiqat sifatida qabul qilib, auditoriyaga tarqatib yubordi. Bunday yanglishishga bir necha omillar sabab bo‘lgan. Birinchidan, Albaniya xalqaro reytinglarda korrupsiya va davlat xaridlari shaffofligi bo‘yicha past ko‘rsatkichlarga ega, shu bois “AI vazirning korrupsiyaga aralashuvi” g‘oyasi ko‘pchilikka ishonarli tuyulgan. Ikkinchidan, Diella loyihasining o‘zi ham juda g‘aroyib tajriba bo‘lib, uning atrofidagi shov-shuvlar hali tinmagan edi.
Aslida Diella – Albaniya hukumati tomonidan yaratilgan, milliy libosdagi ayol qiyofasiga ega raqamli yordamchidir. U aktrisa ovozi bilan “so‘zlaydi” va davlat xizmatlari platformasida fuqarolarga axborot berish vazifasini bajaradi. 2024-yil sentyabrida Bosh vazir Edi Rama uni ramziy ma’noda “Sun’iy intellekt bo‘yicha davlat ishlari vaziri” sifatida tanishtirgan bo‘lsa-da, bu lavozim yuridik maqomga ega emas. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – raqamli islohotlar va davlat xizmatlarini avtomatlashtirishni targ‘ib qilishdir.
Diellaning 18-sentyabrda parlamentdagi ilk “chiqishi” muxolifatning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan, ular hukumatni real muammolardan chalg‘itish uchun virtual obrazlardan foydalanishda ayblagan edi. O‘shanda Edi Rama Diellani “deputatlar uchun yaratilgan 83 ta sun’iy intellekt yordamchisining asosi” deb atagan, biroq bu ham siyosiy metafora edi. Xulosa qilib aytganda, Diellaning pora olishi yoki qamoqqa olinishi – to‘liq uydirma bo‘lib, ushbu voqea zamonaviy media kengligida tekshirilmagan axborot qanchalik tez tarqalishi mumkinligini yana bir bor isbotladi.