Sunʼiy intellektning keskin rivojlanishi global iqtisodiyot va mehnat bozori kelajagi haqidagi munozaralarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. AGI (umumiy sunʼiy intellekt) paydo bo‘lgach, hech kim ishlamaydi, degan nazariyalar bugun “qizqiqarli” bashoratdek tuyulishi mumkin. Ammo masalaning tub mohiyatiga nazar tashlasak, gap shunchaki ishsizlik haqida emas, balki asrlar davomida shakllangan “odatiy shakldagi ish” konsepsiyasining to‘liq transformatsiyasi haqida ketmoqda.

Bu jarayon qanday yuz beradi va sunʼiy intellekt hukmronligi davrida insonning jamiyatdagi o‘rni qanday bo‘ladi?

“Oq yoqali”lar inqirozi – aqliy mehnatning avtomatlashtirilishi.

Sanoat inqilobi davrida mashinalar odamning jismoniy kuchini almashtirgan bo‘lsa, sunʼiy intellekt agentlarining kirib kelishi mutlaqo boshqa manzara yaratmoqda. Bu tizimlar insonning minimal ishtirokida vazifani tushunadi, reja tuzadi, kod yozadi va tahlil qiladi. Natijada, tarixda birinchi marta aqliy mehnat – jurnalistika, huquq, dasturlash, dizayn va boshqaruv kabi sohalar zarba ostida qolmoqda.

Ilgari 50 kishilik butun bir bo‘lim bajaradigan ishni endilikda bitta mutaxassis va kuchli AI-agentlari uddalay oladi. Bu esa iqtisodiyotning asosiy tayanchi bo‘lgan “o‘rta sinf”ning yemirilishiga olib kelishi mumkin.

Intellektual gegemoniya va yangi iqtisodiy qutblar. Agar asosiy ishni AI bajarsa, kapital va daromadlar faqatgina ushbu texnologiyalarga egalik qiluvchi transkorporatsiyalar (OpenAI, Google, Microsoft) qo‘lida to‘planadi. Bu geosiyosatdagi yangi turdagi gegemoniyadir. Endilikda dunyoning eng qadrli resursi – “yaratuvchan (generativ) intellekt” ustidan nazorat o‘rnatilmoqda.

Bazaviy daromad, robotlarga soliq solish yoki soliq yukini mehnatdan kapitalga ko‘chirish kabi choralarni taklif qilinishi ham bejiz emas. Bu shunchaki PR-kampaniya emas, balki post-mehnat (yaʼni, inson mehnatiga ehtiyoj qolmaydigan) iqtisodiyotiga o‘tish davridagi ijtimoiy portlashlarning oldini olishga qaratilgan majburiy tayyorgarlikdir.

“Maʼno inqirozi” va empatiya. Inson faqatgina qorin to‘ydirish uchun ishlamaydi. Kasb – bu maqom, jamiyatdagi o‘rin va ko‘pincha, hayot maqsadidir. Iqtisodiy qiymat yaratish masʼuliyati mashinalarga yuklatilsa, odamlar o‘z hayotlarining mazmunini qayerdan topadi? Shu nuqtada insoniyatning ruhiy tayanchlarga – din, falsafa, madaniyat, sanʼat va axloqqa bo‘lgan ehtiyoji keskin ortadi.

Barcha tahliliy va algoritmik ishlar AGI‘ga topshirilsa, kelajakda “odatiy ish” o‘rnini quyidagilar egallaydi:

– Axloqiy nazorat va masʼuliyat: AI qanchalik aqlli bo‘lmasin, u faqat yechimlarni taklif qiladi. Murakkab qarorlarni va ularning javobgarligini inson qabul qiladi.

– Empatiya va insoniy aloqalar: “Tirik” inson tomonidan yaratilgan, his-tuyg‘u va empatiyaga asoslangan muloqot haqiqiy “lyuks”ga aylanadi.

– Ijtimoiy moderatsiya: Odamlarni birlashtirish va g‘oyalarning insoniy qiymatini belgilash muhim ahamiyat kasb etadi.

Agar sunʼiy intellekt rivojlanishi faqatgina iqtisodiy samaradorlik ustiga qurilsa, biz boshqarib bo‘lmaydigan tizimga duch kelamiz. Kelajak falsafasi “Avvalo insonlar” tamoyiliga asoslanishi shart. Texnologiya jamiyatning xizmatkori sifatida qolishi, inson esa “iqtisodiy g‘ildirak”dan chiqib, yaratuvchi va maʼnaviyat tashuvchisi maqomiga ko‘tarilishi kerak.

G‘ayratxo‘ja G‘afforxo‘ja o‘g‘li

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan