Alibaba Group oddiy kompyuter tomografiyasi yordamida oshqozon saratonini aniqlay oladigan Grape sunʼiy intellekt modelini ishlab chiqdi. Tizim uch o‘lchamli KT-tasvirlarini tahlil qilib, mutaxassislar ko‘zidan chetda qoladigan eng mayda o‘zgarishlarni ham topadi. 100 000 kishi ishtirok etgan klinik sinovlarda Grape 85,1% sezgirlik va 96,8% o‘ziga xoslikni namoyish etdi. Hatto, model rentgenologlar tashxisidan olti oy oldin o‘smani aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Anʼanaviy skrining usullaridan farqli o‘laroq, Grape tizimi tomoq orqali kamera kiritishni talab qilmaydi. U oshqozon saratoni belgilarini aniqlash uchun uch o‘lchamli kompyuter tomogrammalarini tahlil qiladi. Bu o‘ta xavfli kasallik ko‘pincha so‘nggi bosqichga yetmaguncha sezilmay qoladi.
Uzoq vaqt davomida oddiy KT-tasvirlari oshqozon kabi bo‘shliqli organlarni tekshirish uchun yaroqsiz deb hisoblangan. Buning sababi ularning harakatchan tuzilishi va erta shikastlanishlarning sezilmasligi edi. Biroq, Grape texnologiyasi bu muammoni hal qildi.
Tadqiqot guruhi oshqozon saratonining dunyodagi eng katta KT-tasvirlari to‘plamini yaratdi. Bu sunʼiy intellektni hatto tajribali radiologlar ham ilg‘amaydigan nozik qonuniyatlarni anglashga o‘rgatish imkonini berdi.
Klinik sinovlarda Grape shifokorlardan ancha ustun keldi. U 85,1% sezuvchanlik va 96,8% o‘ziga xoslikni ko‘rsatdi. Bu shuni anglatadiki, model nafaqat ko‘proq saraton holatlarini aniqladi, balki soxta ijobiy natijalar sonini ham kamaytirdi. Hatto, Grape rentgenologlar topishidan olti oy oldin bemorda oshqozon saratonining kechki bosqichini aniqladi.
Oshqozon saratoni butun dunyo bo‘ylab saraton kasalligidan o‘limning to‘rtinchi eng keng tarqalgan sababi hisoblanadi. Uni erta bosqichlarda aniqlash juda qiyin, chunki alomatlar ko‘pincha kasallik allaqachon rivojlanib borganda paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘plab bemorlar aniq tashxis qo‘yish uchun zarur bo‘lgan yoqimsiz va invaziv muolaja – endoskopiyaga rozi bo‘lishni istamaydilar. Aynan shu sababli, KTga asoslangan noinvaziv yondashuvni taklif qiluvchi Grape ushbu jiddiy to‘siqni bartaraf etish va tashxisni yana-da qulayroq qilishga mo‘ljallangan.
Grape modeli Xitoyning Chjetszyan va Anxoy viloyatlarida joriy etilishga tayyorlanmoqda. Ushbu ishlanma Alibabaning yana bir sunʼiy intellekt vositasi – oshqozon osti bezi saratonini aniqlashda qo‘llaniladigan Damo Panda yo‘lini davom ettirmoqda. 2023 yilda Damo Panda AQSH Oziq-ovqat va dori-darmon mahkamasi (FDA) tomonidan «inqilobiy qurilma» maqomini oldi.
Shuningdek, Alibaba Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan hududlarda Damo Panda tizimini joriy etmoqda. Ushbu hamkorlikning maqsadi saraton kasalligini erta aniqlashni yaxshilash va sog‘liqni saqlash sohasidagi tengsizlikni kamaytirishdan iborat.