Rays universiteti (AQSH) olimlari biologik hisoblash tizimlarini yaratish maqsadida Milliy ilmiy jamg‘armadan qariyb 2 million dollarlik grant yutib oldi. Tadqiqotning asosiy maqsadi — mikrob sensorlari va aloqa texnologiyalarini anʼanaviy elektronika bilan birlashtirish orqali kremniy chiplar o‘rnini bosa oladigan “tirik” kompyuterlarni ishlab chiqishdir.

Tadqiqot guruhi rahbari Metyu Bennetning so‘zlariga ko‘ra, mikroblar tabiatan maʼlumotni qayta ishlash bo‘yicha ajoyib qobiliyatga ega. “Biz biologiyani elektronika bilan uyg‘unlashtirib, atrof-muhitga moslasha oladigan, o‘rganadigan va javob qaytara oladigan butunlay yangi turdagi hisoblash platformalarini yaratishga umid qilamiz”, — dedi u.
Olimlar har bir bakteriya hujayrasini o‘zaro kimyoviy va elektr signallar orqali bog‘lanadigan, parallel hisoblash tizimining bir qismi bo‘lgan kichik protsessor sifatida ko‘rmoqda. Bunday tizimlar atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni, masalan, kasallik biomarkerlari yoki ifloslantiruvchi moddalarni aniqlab, natijalarni elektron qurilmalarga uzata oladigan sensorlar yaratishga imkon beradi.
Bunday tizimlarning afzalligi shundaki, ular real vaqt rejimida kimyoviy taʼsirlarga javob qaytara oladi. Bu esa anʼanaviy kompyuterlar uchun imkonsiz hisoblanadi. Yaʼni, kelajakda tirik hujayralarga asoslangan bunday texnologiyalar tashxis qo‘yish, atrof-muhit monitoringi va boshqa ko‘plab sohalarda inqilob qilishi mumkin.
Tadqiqotchilar, shuningdek, yuz yildan ortiq vaqtdan beri maʼlum bo‘lgan, ammo samarasiz hisoblangan mikrob yoqilg‘i elementlari (MYOE) muammosiga ham yechim topishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu esa biologik kompyuterlarning energiya manbai bilan bog‘liq masalalarni ham hal qilishga yo‘l ochadi.