Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 21 oktyabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Image credit: president.uz

Sunʼiy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotdan tortib, taʼlim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda. Yil boshida 2030 yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sunʼiy intellekt hajmi 15 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirgi tahlillar bu raqam 20 trillion dollardan ortishini ko‘rsatmoqda.

– Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sunʼiy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi”, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekistonda ham sunʼiy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratildi. Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushdi.

O‘tgan yili Sunʼiy intellektni 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Raqamlashtirish vazirligida bu soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil etildi.

Natijada bir yil ichida mamlakatimiz sunʼiy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqoriladi, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.

Endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarini raqamlashtirishga masʼul o‘rinbosarlari bir vaqtni o‘zida sohada sunʼiy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilandi. Shahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sunʼiy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi. Kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sunʼiy intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimini ishga tushiriladi

Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning sunʼiy intellekt sohasidagi salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Buni imkoniyatga aylantirish va dunyoda sunʼiy intellektga talab ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatdosh bo‘lish uchun 3 ta eng asosiy masala – infratuzilma, ochiq maʼlumotlar va kadr tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Sog‘liqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sunʼiy intellekt bo‘yicha 100 ta loyiha rejalashtirilgan. Ularni amalga oshirish uchun shunga mos quvvatlar, zamonaviy super-kompyuterlar kerak. Lekin hozirgi mavjud quvvatlar faqat kichik loyihalarni ishga tushirish uchun yetadi.

Shu bois, zamonaviy super-kompyuter klasterlari va data- markazlarni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Bu yil 16 ta super-kompyuter sotib olish uchun 50 million dollar ajratildi. Keyingi yil bu mablag‘ 2 karra oshiriladi.

Sohaga investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun Qoraqalpog‘istonda imtiyozli rejim joriy qilinishi belgilandi. Sunʼiy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod etiladi.

Shu bilan birga, olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash uchun keyingi yildan “sputnik internet” operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.Ular besh yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Vazirlik va idoralardagi maʼlumotlar har xil serverlarda tarqoq saqlanayotgani, ularni formatlari turlicha bo‘lgani sunʼiy intellektni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.  Shu bois, vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yil qolgan barcha maʼlumotlar bazalarini yagona data-markaz o‘tkazish topshirildi.

– Sunʼiy intellekt dasturlari samarali ishlashi uchun ular, avvalo, o‘zbek tilini mukammal darajada tushunishi zarur”, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbek tilidagi adabiyotlar, maʼlumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarni raqamlashtirish, sunʼiy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni o‘zida ifodalay olishi uchun “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish zarurligi qayd etildi.

Prezident sunʼiy intellekt sohasida kadrlar tayyorlashni eng avvalo maktablardan boshlash kerakligini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan keyingi o‘quv yilidan “Informatika” fani o‘quv dasturlariga sunʼiy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqiladi.

Yoshlarning sunʼiy intellektdan foydalanishga doir g‘oyalarini aniqlash va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida  “Bir million sunʼiy intellekt yetakchisi” loyihasi kengaytiriladi, bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilib, eng yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar, ularning ustozlari va taʼlim tashkilotlari munosib rag‘batlantiriladi.

Yig‘ilishda oliygohlarda sunʼiy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish choralari ham belgilab olindi. “Yangi O‘zbekiston” universitetida “tarmoq – oliygoh – hamkor” tamoyilida ishlaydigan “sunʼiy intellekt klasteri” ishga tushiriladi. Oliygohlarda sunʼiy intellekt, fin-tex, kiber-xavfsizlik, IT-muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi.

Talabalarni sunʼiy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida har bir hududda oliygohlar jamoalari o‘rtasida sunʼiy intellekt bo‘yicha umummilliy tanlov o‘tkaziladi. Mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan “Sunʼiy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovi o‘tkaziladi.

Umuman, sohani rivojlantirish borasida yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar va vatandoshlarimiz, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish maqsadida Sunʼiy intellekt alyansini tuzish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan