OpenAI kompaniyasi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun mo‘ljallangan ChatGPT Go nomli yangi, hamyonbop tarifini taqdim etdi. Endilikda ushbu imkoniyat O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun ham mavjud.

Oylik narxi atigi 5 AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu yangi obuna bepul versiyaga nisbatan bir qator sezilarli ustunliklarga ega. Xususan, foydalanuvchilar ko‘proq so‘rov yuborishi, fayllarni yuklashi va suratlar yaratishi mumkin. Taqqoslash uchun, bu oyiga 20 dollar turadigan ChatGPT Plus tarifidan deyarli to‘rt baravar arzondir.
OpenAI maʼlumotlariga ko‘ra, ChatGPT Go hozircha 90 ta rivojlanayotgan mamlakatda, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Hindiston, Indoneziya, Misr, Nigeriya, Tanzaniya va Boliviyada sinov tariqasida joriy etilgan.
Taʼkidlanishicha, ushbu yangi tarif kompaniyaning sunʼiy intellekt imkoniyatlarini keng omma uchun yana-da hamyonbop va qulay qilish strategiyasining muhim bir qismi hisoblanadi.
OpenAI vakillarining bildirishicha, ChatGPT Go yaqin haftalar ichida yana-da ko‘proq mamlakatlarda faollashtiriladi.