NVIDIA kompaniyasi o‘zining yangi DGX Spark mini-kompyuterini rasman sotuvga chiqarmoqda. 15 oktyabrdan 3999 dollar narxda sotuvga chiqadigan ushbu qurilmani ishlab chiqaruvchi “dunyodagi eng kichik sunʼiy intellektli superkompyuter” deb atamoqda. U ish stoli formatida maʼlumotlar markazi darajasidagi hisoblash quvvatini taqdim etishga vaʼda bermoqda.

Image credit: hightech.plus

DGX Spark‘ning asosini GB10 Grace Blackwell superchipi tashkil etadi. U 20 yadroli Grace protsessori va CUDA yadrolariga ega Blackwell grafik chipini birlashtirgan. To‘liq Arm arxitekturasiga asoslangan ushbu chip sunʼiy intellekt hisob-kitoblari uchun sekundiga 1000 trillion (1 PFLOP) amalni bajarishga qodir.

Vazni atigi 1,2 kg bo‘lgan ushbu stansiya ilmiy tadqiqotchilar, dasturchilar va talabalar uchun mo‘ljallangan. DGX Spark foydalanuvchilarga sunʼiy intellekt modellarini “bulut” xizmatlarisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilmaning o‘zida (mahalliy) sozlash va ishga tushirish imkoniyatini beradi.

Yuqori samaradorlikka beshinchi avlod tenzor yadrolari va FP4 hisoblash formatini qo‘llab-quvvatlash orqali erishilgan. Bundan tashqari, NVLink-C2C ulanish texnologiyasi maʼlumotlar uzatishni PCIe Gen 5 standartidan besh baravar tezlashtirib, markaziy va grafik protsessorlar (CPU va GPU) o‘rtasidagi aloqani sezilarli darajada yaxshilaydi.

Qurilma texnik jihatdan 128 GB LPDDR5x tezkor xotira, 4 TB sig‘imli NVMe xotira moduli, Wi-Fi 7, HDMI va to‘rtta USB-C porti bilan jihozlangan. U sunʼiy intellektni ishlab chiqish uchun mo‘ljallangan, Ubuntu Linux‘ning maxsus modifikatsiyasi bo‘lgan NVIDIA DGX OS tizimida ishlaydi.

DGX Spark NVIDIA‘ning Cosmos Reason (dunyoni modellashtirish) va GR00T N1 (robototexnika) kabi asosiy modellarini qo‘llab-quvvatlaydi. U oddiy rozetkadan quvvat oladi va zarurat tug‘ilganda NVIDIA “bulut” tizimi yoki boshqa infratuzilmaga osongina ulanishi mumkin.

DGX Spark‘dan tashqari, kompaniya DGX Station deb nomlangan yana-da kuchliroq modelni ham tayyorlamoqda. GB300 Grace Blackwell Ultra superchipi bilan jihozlangan ushbu model Asus, Dell, HP, Boxx va Supermicro kabi hamkorlar bilan birgalikda joriy yil oxirida bozorga chiqarilishi kutilmoqda.

NVIDIA‘ning ushbu yangi qurilmalari sunʼiy intellektni hisoblash imkoniyatlarini nafaqat yirik maʼlumotlar markazlari, balki alohida tadqiqotchilar va kichik laboratoriyalar uchun ham ochiq va qulay qilish yo‘lidagi navbatdagi qadamdir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan