Prezident Shavkat Mirziyoyev IT-parkka tashrif chog‘ida sunʼiy intellekt texnologiyalarini mamlakatimiz vazirlik va idoralari faoliyatiga hamda boshqa sohalarga keng tatbiq etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Image credit: president.uz

Bugungi kunda dunyoda sunʼiy intellekt iqtisodiyot, taʼlim, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik kabi yo‘nalishlarda asosiy tayanch vositaga aylanmoqda. Ushbu texnologiyalar davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish hamda aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash imkonini bermoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham mazkur yo‘nalishda tizimli islohotlar amalga oshirilib, natijada mamlakatimiz sunʼiy intellektni joriy etish bo‘yicha yuqori natijalarga erishmoqda.

Prezident bu yutuqlar sohada qo‘yilgan ilk qadamlar samarasi ekanini taʼkidladi. Oldinda esa yana keng ko‘lamli vazifalar turgani aytildi. Shu bois sunʼiy intellektni rivojlantirishga oid loyihalarni eʼtibordan chetda qoldirmaslik, ilg‘or tashabbuslarni amaliyotga joriy etishni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Taqdimotda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sunʼiy intellekt yechimlarini joriy etish, samarador tajribalarni keng qo‘llash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Sunʼiy intellektni tez va barqaror rivojlantirish uchun xorijiy va mahalliy tajribalarni doimiy tahlil qilish, sohada faoliyat yuritayotgan yoshlarimiz, xalqaro ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.

Bu yo‘nalish rivojining eng muhim omili malakali kadrlar tayyorlash ekanligi qayd etildi.

Kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida bir qator innovatsion dasturlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Universitet – sanoat – xalqaro hamkorlik” sunʼiy intellekt klasteri loyihasi taqdimot qilindi. Bu tashabbus doirasida o‘quvchilarda sunʼiy intellekt savodxonligini oshirish, pedagog kadrlarning malakasini yuksaltirish, sohaviy darsliklarni ishlab chiqish va sanoat uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlash ishlari belgilangan.

Shuningdek, taqdim etilgan “AI Maktab” platformasi esa yoshlarni raqamli ko‘nikmalar hamda zamonaviy kasblarga o‘rgatishga qaratilgan. Platforma orqali ishtirokchilar virtual yordamchi, raqamli marketolog, AI-kontent yaratuvchi, biznes-analitik kabi o‘nlab yo‘nalishlarda masofaviy taʼlim oladi.

Prezident ushbu tajribani kengaytirish, muhim sohalar rivojiga yoshlarning ilmiy salohiyatini jalb etish muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, sunʼiy intellekt bo‘yicha ilmiy-o‘quv laboratoriyalarini tashkil etishdan kutilayotgan natijalarga eʼtibor qaratildi. Tijorat banklarida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. Yaqin istiqbolda bunday ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni oliy taʼlim muassasalarida keng yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari sunʼiy intellekt yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarimizning “PromptLab”, “Detecting-AI.com” va “KotibAI” kabi innovatsion loyihalari bilan ham tanishdi.

Eʼtiborlisi, bu kabi dastur va ilova-lar kichik jamoalardan tortib yirik kompaniyalargacha ish samaradorligini oshirish, daromad manbalarini kengaytirish va intellektual mehnatni yengillashtirishda katta imkoniyat yaratmoqda. Bugungi kunda ushbu mahalliy ishlanmalar moliya muassasalari, qurilish sohasi hamda ijodiy jamoalar faoliyatida qo‘llanilayotgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taqdim etilgan chora-tadbir va loyihalarni qo‘llab-quvvatladi. Sunʼiy intellektni joriy etish jarayonlarini yana-da jadallashtirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan