Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Maskning fikricha, yaqin kelajakda robotlar va sunʼiy intellekt tizimlari insonlarning deyarli barcha ish o‘rinlarini egallaydi. Bu haqda u X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida maʼlum qildi.

Mask amerikalik investor Jeyson Kalakanisning The New York Times nashridagi Amazon haqidagi maqolaga oid postiga izoh bergan. Ushbu maqolada kompaniya keyingi sakkiz yil ichida ish jarayonlarining 75 foizini avtomatlashtirish va 600 mingdan ortiq ish o‘rnini robotlar bilan almashtirishni rejalashtirayotgani taʼkidlangan.
“Sunʼiy intellekt va robotlar barcha ishlarni egallaydi. Odamlar faqat xohishi bo‘lsagina ishlaydi”, — deb yozdi Mask.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda mehnat zarurat emas, balki shaxsiy qiziqish ifodasiga aylanadi.
“Bu xuddi do‘kondan sabzavot sotib olish o‘rniga ularni o‘zingiz yetishtirganingiz kabi gap”, — deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.
Shu bilan birga, Maskning bashoratiga qarama-qarshi o‘laroq, Reuters agentligining 22 oktyabrdagi xabarida SI imkoniyatlari hali yuqori emasligi ko‘rinadi. Unga ko‘ra, ChatGPT va Google‘ning Gemini kabi yirik sunʼiy intellekt yordamchilari yangiliklarni taqdim etishda deyarli 45 foiz hollarda xatolik yoki noaniqlikka yo‘l qo‘ymoqda.
Yevropa radioeshittirish ittifoqi (EBU) va BBC o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, neyron tarmoqlar hali ishonchli axborot manbasi sifatida to‘liq xizmat qila olmaydi.