Capgemini va Orano kompaniyalari yadroviy obyektlardagi operativ vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan Hoxo nomli yangi robotni taqdim etdi. Mazkur qurilma kompyuter nigohi (computer vision), sun’iy intellekt va ilg‘or robototexnika yutuqlarini o‘zida jamlagan. Robot Fransiyaning Gar departamentidagi Orano Melox zavodida sinov tariqasida ishga tushirildi.

Melox obyektidagi sinov bosqichi robotning harakatlanish ko‘nikmalari va AI yordamida mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati atom elektr stansiyasining kundalik faoliyatida qanchalik samara berishini aniqlab berishi kutilmoqda.
Ushbu yangilik ko‘plab davlatlar karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish maqsadida yadro energetikasiga qayta e’tibor qaratayotgan pallaga to‘g‘ri kelmoqda. Bugungi kunda global yadro sanoati oldiga eng yuqori xavfsizlik standartlarini saqlagan holda ish samaradorligini oshirish talabi qo‘yilmoqda.