“Antiplagiat” kompaniyasi tadqiqotiga ko‘ra, neyron tarmoqlardan foydalanish ikki yil ichida deyarli to‘rt baravarga oshgan.

2025 yilda Rossiyada talabalar tomonidan yozilgan ilmiy va bitiruv ishlarining qariyb chorak qismi (24%) generativ sunʼiy intellekt (SI) yordamida yaratilgan. Bu haqda “Antiplagiat” kompaniyasi o‘tkazgan keng ko‘lamli tadqiqot natijalarida maʼlum qilindi. Ushbu ko‘rsatkich so‘nggi ikki yil ichida qariyb to‘rt baravarga oshganini ko‘rsatadi, deyiladi Vedomosti xabarida.
Taqqoslash uchun, 2023 yilda SIdan foydalanish izlari atigi 5,3% ishlarda aniqlangan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu raqam 17,8% ga yetgan edi. Joriy yildagi o‘sish surʼati taʼlim jarayonida neyron tarmoqlarning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Qiziqarli jihati shundaki, sunʼiy intellektning ommalashuvi anʼanaviy plagiat darajasining pasayishiga olib kelmoqda. Tadqiqotga ko‘ra, matnlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish holatlari 30 foizdan 21,7 foizgacha kamaygan. Mutaxassislar buni talabalar tayyor matnlarni o‘zlashtirish o‘rniga, SIdan mavjud ishni tahrir qilish, kengaytirish va takomillashtirish vositasi sifatida foydalanayotgani bilan izohlamoqda. Buni ishlarning o‘rtacha hajmi 45 sahifadan 48 sahifaga oshgani ham tasdiqlaydi.
SIdan foydalanish ko‘lami turli yo‘nalishlar va oliygohlar kesimida farqlanadi.
- Gumanitar va ijtimoiy fanlar talabalari (26,5%) neyron tarmoqlardan eng faol foydalanuvchilar bo‘lib chiqdi.
- Texnika fanlarida bu ko‘rsatkich 13,4 foizni, tabiiy fanlarda esa 10,4 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, bitiruv malakaviy ishlarining 22,7 foizida generatsiya belgilari aniqlangan. Eʼtiborlisi, mamlakatning eng nufuzli o‘nta universitetida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 16% ni tashkil etsa, keyingi o‘nlikdagi oliygohlarda 25% ga yaqinlashgan.
Maʼlumot uchun, tadqiqot “Antiplagiat” tizimining 2025 yil 1 yanvardan 30 sentyabrgacha bo‘lgan maʼlumotlariga asoslangan. Ushbu davrda 7 milliondan ortiq tekshiruv o‘tkazilib, 2 milliondan ziyod talaba ishi tahlil qilingan.