«Astana Open Dialogue» anjumanida Alibaba Group kompaniyasining sunʼiy intellekt bo‘yicha mutaxassisi Frank Lyudvig Shafer maktab o‘quvchilariga ushbu sohadagi ko‘nikmalarni erta yoshdanoq o‘rgatish mumkinligini taʼkidladi.

Image credit: kaztag.kz

«Sunʼiy intellekt (SI) yordamida yuqori natijalarga erishish va maksimal darajada rivojlanish mumkin. Taʼlim sohasidagilar bunday qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatini yaxshi tushunadi. Biz Xitoyda o‘quvchilar ishtirokida SI dasturini sinovdan o‘tkazdik. Hatto beshinchi sinf o‘quvchilari ham SIdan foydalanib, to‘g‘ri savollar berish orqali bir necha kun ichida o‘z kompaniyalarini ishga tushira oldi,» — dedi Shafer.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bolalar muammolarga yechim topish uchun ChatGPT yoki DeepSeek kabi platformalarga ijodiy savollar bergan.

«Agar buni yoshlikdan o‘rgatsak, ularda sunʼiy intellekt sohasida metakompetensiyalar, yaʼni qachon va qanday vositadan foydalanishni, uning imkoniyatlari hamda chegaralarini anglash qobiliyati shakllanadi,» — deya qo‘shimcha qildi u.

Yig‘ilishda boshqa ekspertlar ham Qozog‘istonning sunʼiy intellekt strategiyasi haqida fikr bildirdi. Tayvanlik tadbirkor Li Kayfu AQSH va Yevropaning bu boradagi siyosati Qozog‘istonga to‘liq mos kelmasligini aytgan bo‘lsa, qozog‘istonlik mutaxassis Dosjan Jusupov hukumat yoshlarga ishonib, ularga tavakkal qilish imkonini berish orqali rivojlanishga erishish mumkinligini taʼkidladi.

Shuningdek, majlis deputati Yekaterina Smishlyayeva Qozog‘istonda sunʼiy intellekt texnologiyalarini samarali joriy etish uchun mamlakat hududini 92 foizgacha optik tolali aloqa bilan qoplash zarurligini qayd etdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan