Universitetga kirish, kasb sirlarini egallash, diplom olish va ish faoliyatini oddiyroq vazifalardan boshlash – yosh mutaxassisning kasbiy yoʻli odatda shu tartibda tasavvur qilinadi. Dastlabki bosqichda yangi xodim tajribali hamkasblar koʻmagida ishlaydi, yoʻl qoʻygan xatolarini tuzatadi va asta-sekin murakkabroq vazifalarga oʻtadi. Biroq sunʼiy intellekt aynan mana shu yoʻlning poydevorini – boshlangʻich pogʻonani oʻzgartirmoqda. Agar ilgari yosh mutaxassisga beriladigan vazifalarni endilikda algoritm bir necha soniyada bajarsa, bitiruvchi real tajribani qayerdan oladi?

“Yandeks”ning strategik marketing boʻyicha direktori Andrey Sebrant hamda klinik psixolog Morena Sebrantning Forbes nashri uchun yozgan tahliliy maqolasida aynan shu muammoga eʼtibor qaratiladi. Mualliflarning fikricha, bugun taʼlim tizimi oldida faqat kasbiy bilim berish emas, balki yoshlarni doimiy oʻzgarishlarga psixologik jihatdan tayyorlash vazifasi ham turibdi. Bunday tayyorgarlikning asosi – qiziquvchanlikni yoʻqotmaslik, muvaffaqiyatsizlikdan soʻng ham izlanishda davom etish hamda tayyor yechimi boʻlmagan noaniq vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qila olishdir.
Bu holatni yaqqol tasavvur qilish uchun birgina misol: 2026-yilda bakalavriatni tamomlagan yoshlar oʻqishga kirgan vaqtda ChatGPT hali ommaga eʼlon qilinmagan edi. Ular toʻrt yil taʼlim olib, diplom olgunga qadar mehnat bozori va kasblar haqidagi barcha tasavvurlarni oʻzgartirib yuborgan yangi vositalar paydo boʻldi. Bu esa taʼlim uchun oʻta jiddiy savolni oʻrtaga tashlaydi: agar oʻquv dasturlari mehnat bozorining har bir tezkor oʻzgarishiga darhol moslasha olmasa, u bitiruvchiga qanday mustahkam tayanch berishi kerak?
“Birinchi pogʻona” xavf ostidami?
Mehnat bozoridagi haqiqiy manzarani xolis baholash zarur. Mavjud ilmiy tadqiqotlar sunʼiy intellekt allaqachon ommaviy ishsizlik keltirib chiqardi, degan fikrni tasdiqlamaydi. Masalan, Anthropic tadqiqot markazining AQSH mehnat bozori tahlilida sunʼiy intellekt taʼsiri yuqori boʻlgan sohalarda 2022-yil oxiridan buyon tizimli ishsizlik oʻsishi qayd etilmagan.
Ayni paytda boshqa bir xavotirli signal koʻzga tashlanmoqda: ayrim yoʻnalishlarda 22-25 yoshli bitiruvchilarni ishga qabul qilish sekinlashgan. Biroq tadqiqotchilar sunʼiy intellektning nazariy imkoniyatlari bilan uni amaliyotga tatbiq etish oʻrtasida katta farq borligini unutmaslikni taʼkidlaydi. Texnologiyaning biror vazifani bajara olishi tashkilotlar uni darhol joriy etadi, degani emas. Tizimlarni integratsiya qilish, nazorat va boshqaruv jarayonlarini oʻzgartirish vaqt talab etadi.
Shu sababli “kasbga kirish pogʻonasi butunlay yoʻqoldi” deyish hali mutlaqo nooʻrin. Ammo bu pogʻonaning torayayotgani va unga qoʻyilayotgan talablar oshayotgani bor haqiqat. The Conference Board tahlillari ham ayniqsa axborot texnologiyalari sohasida ish beruvchilarning talabi koʻproq tajribali mutaxassislarga ogʻayotganini koʻrsatmoqda. Demak, yoshlarning kasbga kirish imkoniyatlari masalasiga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Boshlangʻich lavozimlar hech qachon shunchaki “birinchi maosh manbai” boʻlmagan. Ular oliygoh bilan mustaqil kasbiy hayot oʻrtasidagi haqiqiy amaliy maktab vazifasini bajargan. Yosh kadrlar vazifani toʻgʻri anglash, toʻgʻri savol berish, oʻz fikrini asoslash, tanqidni toʻgʻri qabul qilish va ishni qayta puxtalash kabi koʻnikmalarni aynan shu yerda oʻrgangan.
Taʼlimda noaniqlik va qiziquvchanlikni tarbiyalash
Sebrantlarning fikricha, agar ish joylarida bunday dastlabki oʻrganish imkoniyatlari qisqarsa, bu masʼuliyat taʼlim muassasalari zimmasiga tushadi. Oʻquvchilarga mustaqil izlanish va xatolar ustida ishlash tajribasi koʻproq berilishi lozim. Buning uchun dasturga yana bir nazariy fanni qoʻshish kifoya qilmaydi. Talaba muammoga toʻqnash keladigan, birinchi urinishi natija bermaydigan va keyingi qadamni oʻzi mustaqil belgilaydigan vaziyatlar darslarning doimiy qismiga aylanishi kerak.
Bunday sharoitda qiziquvchanlik eng muhim fazilatga aylanadi. Bu shunchaki yangiliklarni kuzatib borish emas. Chin maʼnoda qiziquvchan inson oʻz bilimidagi kemtiklarni tez payqaydi, masalani aniqlashtiradi va javoblarni mustaqil tekshiradi.
Biroq noaniq vaziyatlar insonga doim ham ruhiy qulaylik bermaydi. Scientific Reports jurnalida eʼlon qilingan tadqiqot natijalariga koʻra, noaniqlik oshgan sari insonda natijani bilish istagi (qiziquvchanlik) kuchayadi, ammo shu bilan birga ruhiy qoniqish va xotirjamlik darajasi pasayadi. Demak, taʼlimda talabani stressga tushirmasdan, u uddalay oladigan darajadagi qiyinchiliklarni taqdim etish – noaniqlikni meʼyorlash juda muhim. Vazifa izlanishni talab qilishi, lekin uni hal etish uchun tayanch bilim va oʻqituvchining yoʻnaltiruvchi koʻmagi boʻlishi shart.
Qiziquvchanlikni oshirishning eng samarali yoʻllaridan biri – tinglovchini savol berishga oʻrgatishdir. Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, savol berishga ragʻbatlantirilgan bolalar shunchaki diqqat bilan tinglagan tengdoshlariga qaraganda yangi ilmiy bilimlarni koʻproq qadrlagan va ularni tezroq oʻzlashtirgan.
Bu yondashuvni oliy taʼlimda ham qoʻllash mumkin. Masalan, talaba mashgʻulotga mavzu boʻyicha oʻzi javobini bilmaydigan ikkita savol bilan keladi. Keyin ulardan biri boʻyicha manba izlaydi va topgan dalillarini auditoriyada himoya qiladi. Bunda “bilmayman” deyish ayb emas, balki yangi izlanishning boshlanishiga aylanadi.
Xato – jazo emas, oʻrganish manbai
Qiziquvchanlik bilan bir qatorda muvaffaqiyatsizlikdan soʻng ruhan choʻkmasdan ishni davom ettira olish lozim. Bu har qanday qiyinchilikka koʻr-koʻrona chidash degani emas. Aksincha, oʻz vaqtida yordam soʻrash, yondashuvni oʻzgartirish, notoʻgʻri taxmindan voz kechish va murakkab vazifani kichik bosqichlarga boʻlib chiqishdir.
Taʼlim muhitida bu koʻnikmani shakllantirish uchun talabaga tanqiddan soʻng ishini qayta toʻgʻrilash imkoni berilishi kerak. Bitta xato baho butun qobiliyatga chiqarilgan hukmga aylanmasligi lozim. Albatta, xatoga ruxsat berish talabchanlikni susaytirishni anglatmaydi. Oʻrganish jarayonidagi xato keyingi harakat uchun turtki boʻladi, yakuniy baholashda esa egallangan bilim qatʼiy tekshiriladi.
Tayyor javoblar tuzogʻi: sunʼiy intellekt taʼlimda
Sunʼiy intellekt oʻrganish jarayonida eng yaxshi koʻmakchi boʻlishi ham, mustaqil fikrlashga zarar yetkazishi ham mumkin. Bu muammo PNAS jurnalida chop etilgan ilmiy ishda (Turkiya maktablari misolida) yaqqol isbotlandi:
- ChatGPT-4 yordamida matematika mashqlarini bajargan oʻquvchilarning kundalik koʻrsatkichlari nazorat guruhiga nisbatan 48% yuqori boʻlgan.
- Biroq yordamchi vositalarsiz oʻtkazilgan mustaqil imtihonda ularning natijasi nazorat guruhidan 17% past chiqqan (chunki ular mashq paytida tayyor yechimlarni koʻchirishga odatlanib qolgan).
- Shu bilan birga, tayyor yechimni bermay, balki yoʻnaltiruvchi savollar orqali fikrlashga undagan maxsus “tyutor” (sunʼiy intellekt-murabbiy) modeli bu salbiy oqibatni deyarli toʻliq bartaraf etgan.
Bundan kelib chiqadigan xulosa oddiy: bajarilgan ishning sifati bilan oʻquvchining haqiqiy bilimini alohida baholash zarur. Dastur mukammal matn yoki kod yozib bergan boʻlsa-da, talaba uning mohiyatini tushuntirib berishi, asosiy fikrni himoya qilishi va manbalarni tanqidiy tahlil eta olishi shart.
Masalan, boʻlajak jurnalist algoritm tayyorlagan maqoladagi faktlarni tekshirib, birlamchi manbalar bilan solishtirishi, dasturchi sunʼiy intellekt yozgan kod qaysi holatlarda ishlamay qolishini aniqlashi, tarixchi esa avtomatik sharhdagi tarixiy kontekst va sanalar toʻgʻriligini isbotlashi mumkin.
YUNESKOning oʻqituvchilar uchun sunʼiy intellekt boʻyicha tavsiyalarida ham shu sababli faqat texnologik savodxonlik emas, balki pedagogika, etika va tanqidiy tahlil qilish malakalari markaziy oʻringa qoʻyilgan.
Xoʻp, biz nima qilishimiz kerak?
Ushbu global oʻzgarishlar Oʻzbekiston taʼlim tizimi va mehnat bozori uchun ham nihoyatda dolzarb. Xorijiy tendensiyalarni koʻr-koʻrona koʻchirmasdan, quyidagi yoʻnalishlarda amaliy choralarni koʻrish maqsadga muvofiq:
- Boshlangʻich talablarni muntazam oʻrganish: Oliygohlar, kasb-hunar maktablari va ish beruvchilar hamkorlikda boshlangʻich lavozimlarda nimalar oʻzgarayotganini – qaysi vazifalar avtomatlashayotgani va bitiruvchidan qanday koʻnikmalar talab etilayotganini muntazam tahlil qilib borishi zarur.
- Amaliyot mazmunini oʻzgartirish: Stajirovka va oʻquv amaliyotlari rasmiyatchilik uchun emas, balki real loyihalarga asoslanishi kerak. Talaba korxonaning muayyan muammosi ustida murabbiy koʻmagida ishlashi, taxminlarini sinab koʻrishi va xatolarini tuzatish tajribasini oliygoh davridayoq toʻplashi shart.
- Imkoniyatlar tengligi va mahalliy kontent: Sifatli amaliyot va sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanish yoshlarning ijtimoiy kelib chiqishiga bogʻlanib qolmasligi kerak. Shuningdek, oʻzbek va qoraqalpoq tillaridagi taʼlim kontentining sifati, axborot xavfsizligi va shaxsiy maʼlumotlar himoyasi taʼminlanishi lozim.
- Kasbga yoʻnaltirishdagi yangi yondashuv: Yoshlarga faqat diplomning oʻzi umrbod kafolat beradi, degan eskicha qarash oʻrniga, kasblar ichidagi vazifalar doimiy ravishda yangilanib borishini tushuntirish zarur. Shu bilan birga, mustahkam fundamental bilim texnologiyalarni toʻgʻri boshqarish va ularning natijasini baholash uchun har qachongidan ham muhim asos boʻlib qolaveradi.
Taʼlim tizimi kelajakda aynan qaysi dastur yoki texnologiya yetakchi boʻlishini oldindan yuz foiz aytib bera olmaydi. Ammo u yoshlarni toʻgʻri savol berishga, dalillarni tekshirishga, xatolardan toʻgʻri xulosa chiqarishga va eng asosiysi – mustaqil oʻrganishga oʻrgata oladi. Sunʼiy intellekt davrida diplomning haqiqiy qiymati ham aynan shu koʻnikmalar bilan belgilanadi.