Xitoyning DeepSeek kompaniyasi murakkab matematik masalalarni yechishga mo‘ljallangan ochiq manbali sun’iy intellekt modeli – DeepSeekMath-V2’ni taqdim etdi. U Xalqaro matematika olimpiadasining (IMO) oltin medali darajasiga mos keladigan natijalarni ko‘rsatmoqda. Odatda bunday darajaga inson ishtirokchilarning atigi 8 foizi erisha oladi xolos. Model fikrlash jarayonini mustaqil tekshirish (self-verification) tizimidan foydalanadi: uning bir qismi isbotlarni yaratsa, ikkinchi qismi ularning to‘g‘riligini tekshiradi. DeepSeekMath-V2ning manba kodi allaqachon Hugging Face va GitHub platformalarida tadqiqotchilar hamda dasturchilar uchun ochiq holda joylashtirildi.

DeepSeekMath-V2 nafaqat to‘g‘ri javoblarni topish, balki mantiqan asoslangan va tekshirish mumkin bo‘lgan isbotlarni taqdim etish qobiliyatiga ega. Model 2025-yilgi Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO) va 2024-yilgi Xitoy matematika olimpiadasi (CMO) masalalarini yechib, «oltin medal» standartini qayd etdi. Shuningdek, 2024-yilgi nufuzli Putnam tanlovida (imtihonida) model 120 balldan 118 ball to‘plab, insonlar tomonidan qayd etilgan eng yuqori natijani (90 ball) ham ortda qoldirdi.
Modelning asosiy o‘ziga xosligi – mulohazalarni o‘z-o‘zini tekshirish tizimidir. Bunda modelning bir qismi matematik isbotlarni shakllantirsa, boshqasi ularning to‘g‘riligini baholovchi taqrizchi vazifasini bajaradi. Bunday mexanizm nafaqat yakuniy javobning, balki butun mantiqiy xulosa chiqarish jarayonining to‘g‘riligini kafolatlaydi.
DeepSeek jamoasining ta’kidlashicha, ushbu texnologiya an’anaviy matematik sun’iy intellekt modellaridagi cheklovlarni bartaraf etadi. Ma’lumki, avvalgi modellar standart testlarda yuqori natija ko‘rsatsa-da, yangi va nostandart muammolarni yechishda har doim ham ishonchli bo‘la olmasdi. O‘z-o‘zini tekshiruvchi mulohazalar tizimi ilmiy tadqiqotlar uchun yanada kuchli va ishonchli AI vositalarini yaratishga yo‘l ochadi.
Kompaniya, shuningdek, modelning ta’lim va ilm-fandagi ahamiyatini alohida qayd etdi. Manba kodining ochiq e’lon qilinishi dasturchilar va olimlar uchun to‘siqlarni olib tashlaydi. Endilikda ular odatda yopiq tijoriy platformalarda cheklangan ilg‘or matematik AI tizimlari bilan erkin tajriba o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mutaxassislar, jumladan, Garvard universitetidan Xuan Ichen va Kaliforniya universitetidan (UCLA) Yan Linning ta’kidlashicha, 1959-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro matematika olimpiadasi chuqur va ijodiy fikrlashni talab qiluvchi eng nufuzli musobaqalardan biridir. DeepSeekMath-V2ning ushbu maydondagi muvaffaqiyati modelning yetuklik darajasini va matematik sun’iy intellekt chegaralarini kengaytirish salohiyatini yaqqol namoyish etadi.