Xitoyning oliy o‘quv yurtlari mamlakat taraqqiyoti maqsadlariga moslashish uchun o‘quv dasturlarini keng miqyosda qayta ko‘rib chiqmoqda. Ular minglab “eskirgan” yo‘nalishlardan voz kechib, texnologiyalarga asoslangan yangi kasblarni joriy etyapti. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar bermoqda.

Ushbu keng ko‘lamli kampaniya Xitoyning ko‘plab yuqori texnologiyali “kelajak sohalari”da jahon yetakchisiga aylanish hamda millionlab bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash borasidagi jiddiy inqirozni yengib o‘tishga qaratilgan.

Xitoy Taʼlim vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2021 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakat oliy o‘quv yurtlari 12 200 ta bakalavriat dasturini bekor qildi yoki to‘xtatdi. Ayni vaqtda esa 10 200 ta yangi dastur joriy etildi. Bu mamlakatdagi universitet dasturlarining 30 foizdan ortig‘i qayta ko‘rib chiqilganini anglatadi.

Qisqartirishlar asosan sanʼat, gumanitar fanlar, xorijiy tillar va menejment kabi Xitoyda tobora “eskirgan” yoki mutaxassislar bilan haddan tashqari to‘yingan deb hisoblanayotgan sohalarga taalluqli bo‘ldi. Statistikaga ko‘ra, ushbu yo‘nalishlarni tamomlagan yoshlarning qariyb 16 foizi ishsiz qolmoqda, mehnat bozori esa sunʼiy intellekt taʼsirida jadal o‘zgarmoqda.

Yangi dasturlarning aksariyati Pekinning iqtisodiy rivojlanish maqsadlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Masalan, to‘qqizta universitet sunʼiy intellekt bo‘yicha yangi mutaxassisliklar ochdi. Bu esa yangi avlod sunʼiy intellektini real iqtisodiyotga integratsiya qilishni tezlashtirish maqsadlariga to‘la mos keladi.

So‘nggi yillarda bitiruvchilar soni rekord darajaga yetgani sababli universitetlar Xitoy iqtisodiyotidagi tezkor o‘zgarishlarga moslashish zaruratiga duch keldi. Biroq bu bitiruvchilarning ko‘pchiligi o‘z diplomlari ish topishda unchalik yordam bermasligi haqiqati bilan to‘qnashdi.

Masalan, Shanxay fan va texnologiyalar universiteti bu yil yangi mahsulotlar ishlab chiqish dasturiga qabulni to‘xtatdi. Ushbu oliy o‘quv yurtini yaqinda tamomlagan talabalardan birining fikricha, bu qarorga qisman shu yo‘nalishda o‘qiyotgan talabalarning ishga joylashish istiqbollari yomonlashgani sabab bo‘lgan.

“Sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi mahsulot ishlab chiqish bilan bog‘liq mutaxassisliklarga kuchli zarba berdi. Endilikda modellashtirish va rendering kabi ko‘plab asosiy vazifalarni SI yordamida bemalol bajarish mumkin”, – dedi bitiruvchi mavzuning nozikligi sababli shaxsi sir qolishi sharti bilan.

Pekindagi nufuzli, mediaga ixtisoslashgan Xitoy kommunikatsiya universiteti (CUC) kinematografiya kabi bir qator dasturlarni qayta tuzib, ularni yagona – “Kinematografiya hamda kino va teleko‘rsatuvlar ishlab chiqarish” dasturiga birlashtirdi.

Universitet bitiruvchilaridan birining fikricha, taʼlim dasturlarining birlashtirilishi texnologik va bozor o‘zgarishlariga nisbatan tabiiy javob bo‘ldi. 2012 yilda kinematografiya yo‘nalishini tamomlagan videooperatorning so‘zlariga ko‘ra, uning talabalik yillari kinoplyonkadan raqamli texnologiyalarga o‘tish davriga to‘g‘ri kelgan.

“Jonli efir xizmatlarining paydo bo‘lishi va qisqa videoroliklarning ommalashuvi bilan operatorlarga qo‘yiladigan talablar anʼanaviy teleko‘rsatuvlarni suratga olish talablaridan butunlay farq qila boshladi. Shu sababli taʼlim tizimidagi o‘zgarishlar juda ham zarur”, – deya taʼkidladi u.

One thought on “12 000 “eskirgan” mutaxassislik yopildi – Xitoy”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan