OpenAI talabalarning tanqidiy fikrlashini rivojlantirish uchun yaratilgan funksiya – ChatGPT‘da «o‘rganish rejimi»ni taqdim etdi. Tayyor javoblarni berish o‘rniga, sunʼiy intellekt foydalanuvchini masalalarni bosqichma-bosqich yechish orqali yo‘naltiradi va materialni chuqurroq tushunishiga ko‘maklashadi. Rejim ChatGPT foydalanuvchilari uchun allaqachon mavjud va yaqin kunlar ichida u ChatGPT Edu universitet versiyasida ham paydo bo‘ladi. Yangi funksiya sunʼiy intellektning talabalar tomonidan “ko‘chirmakashlik” uchun ishlatilishi mumkinligi haqidagi tanqidlarga javob bo‘ldi.

OpenAI maʼlumotlariga ko‘ra, hozirda har uch talabadan biri ChatGPT‘dan foydalanmoqda. Yangi rejim, ayniqsa, testlarga tayyorgarlik ko‘rish, uy vazifalarini bajarish va murakkab mavzularni o‘zlashtirishda foydali bo‘ladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berish o‘rniga, sunʼiy intellekt fikrlashning bir nechta bosqichlaridan o‘tib, aniqlashtiruvchi savollar berish va yechim haqidagi o‘z tushunchasini qisqacha bayon etishni taklif qiladi.
OpenAI taʼlim bo‘yicha vitse-prezidenti Liya Belskiyning aytishicha, ChatGPT repetitor sifatida qo‘llanilganda, u akademik natijalarni yaxshilashga qodir. Biroq, undan avtomatik javob beruvchi sifatida foydalanilganda, u, aksincha, o‘rganishga to‘sqinlik qiladi. Yangi rejim «taʼlimda sunʼiy intellektdan yana-da samarali foydalanish yo‘lidagi birinchi qadam» bo‘lishi kerak.
OpenAI o‘qituvchilar, olimlar, taʼlim sohasidagi mutaxassislar va talabalarning o‘zlari bilan hamkorlikda o‘rganish rejimini ishlab chiqdi. Ularning barchasi kompaniyaning tashabbusi bo‘lgan ChatGPT laboratoriyasida ishtirok etishdi, unda talaba guruhlari o‘quv jarayonida OpenAI vositalaridan foydalanish tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar.
Kompaniya videonamoyishni taqdim etdi, unda o‘quvchi yangi rejim yordamida masalani bosqichma-bosqich yechadi. Bunday yondashuv nafaqat materialni o‘zlashtirishga yordam beradi, balki dalillash va mustaqil fikrlash qobiliyatini ham rivojlantiradi.
Sem Altmanning taʼlim kelajagi haqidagi bayonotidan ko‘p o‘tmay, o‘rganish rejimi eʼlon qilindi. O‘z vaqtida Stenford universitetini tashlab ketgan OpenAI rahbari anʼanaviy universitetlar kelajakda o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkinligi haqida fikr bildirdi: «Kollejda o‘qish ko‘pchilik uchun unchalik mos kelmasligi mumkin,» dedi u This Past Weekend podkastiga bergan suhbatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, sunʼiy intellekt rivojlanishi bilan taʼlim qayta ko‘rib chiqilishi kerak va 18 yildan so‘ng taʼlim tizimi «butunlay boshqacha» ko‘rinishga ega bo‘ladi. Altman, shuningdek, o‘z farzandining kollejga borishiga ishonchi komil emasligini qo‘shimcha qildi.
Shunga qaramay, OpenAI akademik muassasalar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirmoqda. O‘tgan yili kompaniya ChatGPT Edu – universitetlar uchun maxsus ishlab chiqilgan chatbot versiyasini chiqardi. Shu haftadan boshlab «o‘rganish rejimi» ChatGPTʼning bepul, Plyus, Pro va Team versiyalari foydalanuvchilari uchun mavjud bo‘ladi. Eduʼda u yaqin kunlarda paydo bo‘ladi.