OpenAI‘ning tajribaviy modeli Xalqaro matematika olimpiadasida oltita masaladan beshtasini yechib, 42 balldan 35 ball to‘pladi va oltin medal olishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu olimpiada vazifalari nafaqat bilim, balki nostandart, ijodiy fikrlashni ham talab qilishi bilan mashhur. Ilgari sunʼiy intellekt aynan shu jihatda qiynalardi.
OpenAI‘ning hali ommaga taqdim etilmagan modeli dunyodagi eng qadimiy va nufuzli matematika olimpiadalaridan birining masalalarini yechishda yuqori natija ko‘rsatdi va jami 42 balldan 35 ball to‘pladi.
Gap Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO) haqida ketmoqda. Bu olimpiadaga mamlakatlar olti nafar o‘quvchidan iborat jamoalarini yuboradi. Ishtirokchilar algebradan o‘ta murakkab masalalarni yechadilar, bunda maksimal ball olish uchun ijodiy yondashuv zarur. Bu yilgi musobaqada 630 nafar ishtirokchidan atigi 67 nafari, yaʼni taxminan 10 foizi oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Sunʼiy intellektga ko‘pincha maʼlumotlar ombori bilan ishlash va takrorlanuvchi amallarni bajarish vazifasi yuklanadi. Odatda, sunʼiy intellekt modellariga ijodkorlik yoki murakkab qaror qabul qilishni talab etadigan topshiriqlar qiyinchilik tug‘diradi. Biroq, so‘nggi IMO olimpiadasida OpenAI modeli murakkab matematik masalalarni yechib, insonga xos mulohazalar yuritganini namoyish etdi.
«Shunday qilib, biz inson-matematiklar darajasida murakkab, benuqson dalillarni keltira oladigan modelga ega bo‘ldik,» – deya X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi OpenAI tadqiqotchisi Aleksandr Vey.
Vey va OpenAI bosh direktori Sem Altman qo‘shimcha qilishicha, kompaniya yaqin oylar ichida bunday darajadagi matematik imkoniyatlarga ega mahsulotni ishlab chiqarishni rejalashtirmayapti. Bu shuni anglatadiki, bo‘lajak GPT-5 o‘zidan oldingi versiyaga nisbatan takomillashgan bo‘lsa-da, u IMO‘da shunchalik ajoyib natijalarni ko‘rsata olmaydi.