Google DeepMind bosh direktori Demis Hassabis The Guardian nashriga bergan intervyusida sunʼiy intellektning taʼsiri sanoat inqilobidan o‘n barobar kuchliroq va tezroq bo‘lishini taʼkidladi. Uning bashoratiga ko‘ra, sunʼiy intellekt yaqin o‘n yilliklarda jamiyatni tubdan o‘zgartiradi va texnologiyalar tibbiyot, energetika va boshqa sohalarda yutuqlarga olib keladigan «radikal farovonlik» davrini boshlab beradi. Shu bilan birga, Hassabis odamlar juda moslashuvchan ekanligiga ishonch bildirdi: miyamiz ovchi-terimchilar hayoti uchun rivojlangan bo‘lsa-da, zamonaviy sivilizatsiyani qura oldik va kelajakdagi o‘zgarishlarga ham moslasha olamiz.

Uning aytishicha, yaqin 5-10 yil ichida AGI – insonning barcha aqliy qobiliyatlarini takrorlay oladigan umumiy sunʼiy intellekt paydo bo‘lishi mumkin. U bu o‘tish bir zumda emas, balki asta-sekin yuz berishini istisno qilmaydi, biroq jamiyatni tubdan o‘zgartiradigan yangi texnologik davr boshlanishidan oldingi so‘nggi yillarda yashayotganimizni taʼkidlaydi.
Baʼzilar uchun bu “qiyomat-qoim” istiqboli bo‘lsa, boshqalar, jumladan Hassabis uchun utopiya hisoblanadi. U «radikal farovonlik» – sunʼiy intellekt tibbiyot, yadro sintezi, xona haroratida ishlaydigan o‘ta o‘tkazgichlar, materialshunoslik va matematikadagi yutuqlarga yo‘l ochadigan dunyo haqida gapiradi. Uning fikricha, bu unumdorlikning ulkan o‘sishiga va natijada jamiyat farovonligining yangi darajasiga olib kelishi mumkin. Asosiysi, bu neʼmatlarning adolatli taqsimlanishini taʼminlashdir, ammo bu endi siyosatchilarning vazifasidir.
Hassabis sunʼiy intellektning rivojlanishi bilan birga jiddiy xavflar paydo bo‘lishini tan oladi: dezinformatsiyaning tarqalishi, ish o‘rinlarining yo‘qolishi, energiyaning haddan tashqari ko‘p sarflanishi va texnologiyalar ustidan nazoratni yo‘qotish xavfi. Kelajakdagi sunʼiy intellekt tizimlari juda ko‘p suv va elektr energiyasini talab qiladi, bularning barchasi iqlim inqirozi sharoitida sodir bo‘ladi. Ammo DeepMind rahbari ekologik yechimlar ko‘rinishidagi foyda xarajatlardan oshib ketishiga ishonch bildiradi.
Hassabis uchun SIning kelajagi nafaqat kasbiy, balki shaxsiy masaladir. Uning ikkita o‘smir o‘g‘li bor va u ularning dunyosi qanday bo‘lishi haqida o‘ylaydi. U hozirgi holatni uy kompyuterlari va internet endigina paydo bo‘la boshlagan bolaligi bilan taqqoslaydi. Hassabisning fikricha, sunʼiy intellektdan samarali foydalanishni o‘rgangan bolalar katta ustunlikka ega bo‘ladi – «bu sohada o‘ziga xos nindzya bo‘ladi». Ammo kelajakda texnologiyaga bevosita aloqasi bo‘lmaganlar uchun ham joy topiladi. Odamlarga avvalgidek falsafa, iqtisodiyot, sanʼat, sport, meditatsiya – inson hayotiga maʼno baxsh etadigan barcha narsalar kerak bo‘ladi. “Texnologiya bizga vaqt berganda, jamiyat sifatida bu narsalarga yana-da ko‘proq eʼtibor qaratishimiz mumkin”, deydi u.
Hassabis DeepMind kompaniyasiga 2010 yilda Sheyn Legg va Mustafo Sulaymon bilan asos solgan. Kembrijning informatika fakulteti bitiruvchisi va neyrofanlar doktori bo‘lgan Hassabis kompaniya oldiga ulkan maqsadni qo‘ygan: “Intellektni kashf qilish va keyin uni boshqa narsalarni hal qilish uchun ishlatish”. Birinchi investorlar Piter Til, Google va Ilon Mask edi. 2014 yilda DeepMind dastlabki bilimlarsiz Atari o‘yinlarini o‘zlashtira oladigan sunʼiy intellektni yaratdi. O‘sha yili Google kompaniyani 400 million funt sterlingga sotib oldi. 2016 yilda DeepMind go bo‘yicha jahon chempionini mag‘lub etib, oqsil tuzilmalarini aniqlash uchun AlphaFold-ni taqdim etdi. Ushbu yutuq uchun Hassabis boshqa olimlar qatori kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
2022 yilda ChatGPT paydo bo‘lganidan so‘ng, soha keskin o‘zgardi va DeepMind Googleʼning «mashina bo‘limi»ga aylanib, qidiruv, tarjima va boshqa xizmatlarda sunʼiy intellektni birlashtirdi. Mutaxassislarni jalb qilib, milliardlab mablag‘ sarflayotgan OpenAI, Microsoft va Meta bilan raqobatga qaramay, DeepMind fundamental tadqiqotlar flagmani bo‘lib qolmoqda. Hassabisning taʼkidlashicha, uning jamoasi tijoratlashtirishga emas, balki ilg‘or texnologiyalarga eʼtibor qaratadi.
Hassabis bolaligidan g‘ayrioddiy qobiliyatlari bilan ajralib turgan. To‘rt yoshida u allaqachon vunderkind darajasida shaxmat o‘ynagan va 13 yoshida Angliya yoshlar terma jamoasi aʼzosi bo‘lgan. Shaxmat uning strategik fikrlashini shakllantirgan va bosim ostida ishlashni o‘rgatgan. Uning kumirlari Alan Tyuring va Richard Feynman edi. Hassabis kompyuterlarga erta qiziqib qolgan: shaxmat sovrinlarini birinchi shaxsiy kompyuterlarga sarflagan, dasturlashni o‘rgangan va 17 yoshida Theme Park o‘yini uchun kod yozgan, bu yerda parkning virtual tashrif buyuruvchilari o‘yinchining harakatlariga javob bergan. The Guardian jurnalistining taʼkidlashicha, Hassabisning xonasida afsonaviy grossmeysterlar – Garri Kasparov, Magnus Karlsen va Yudit Polgar imzolagan shaxmat taxtalari osilgan. Tig‘iz jadvaliga qaramay, u hali ham o‘yin uchun vaqt topadi.