Germaniyaning ARD radiosi tomonidan tayyorlangan “Sun’iy yaqinlik” ko‘rsatuvida bir necha qahramonlar sun’iy intellekt bilan uzoq muddatli muloqot oqibatida xayol va haqiqat o‘rtasidagi chegarani yo‘qotib qo‘ygani haqida so‘zlab berishdi. Ularning ta’kidlashicha, chat-bot bilan uzluksiz yozishmalar asta-sekin real hayotdan uzilishga va virtual dunyoga mukkasidan ketishga sabab bo‘lgan. Achinarlisi, jabrlanganlar orasida hatto IT sohasi mutaxassisi ham bor: u sun’iy intellekt ta’siriga shu qadar qattiq tushib qolganki, natijada bir necha hafta ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanishga majbur bo‘lgan.

Mutaxassislar ogohlantiradi. Bunday xavf haqida ekspertlar avvalroq ham bong urishgan edi. Xususan, 2023-yilda daniyalik psixiatr Syoren Estergard sun’iy intellekt bilan bog‘liq psixoz holatlari yuzaga kelishi mumkinligini bashorat qilgan. Uning fikricha, chat-botlar ruhiy jihatdan zaif yoki kuchli stress holatida bo‘lgan insonlarda vasvasali g‘oyalarni qo‘zg‘atishi yoki mavjud kasallik alomatlarini kuchaytirib yuborishi mumkin. Buning asosiy sabablaridan biri — ko‘plab chat-botlarning foydalanuvchi bilan “iliq” va “qo‘llab-quvvatlovchi” munosabat o‘rnatishga dasturlanganidir. Ya’ni, ular foydalanuvchining shubhali yoki mantiqsiz fikrlarini rad etish o‘rniga, aksincha, ularni bilvosita tasdiqlashi mumkin.
Amerikalik tadqiqotchi Mark Avgustin bu fenomenni shartli ravishda “Sun’iy intellekt psixozi” deb atashni taklif qilmoqda. Unga ko‘ra, bemor o‘zini “ilohiy qudratga ega sun’iy ong” bilan aloqada deb hisoblashi yoki chat-bot yordamida “borliqning yashirin haqiqatlarini kashf etayotgani”ga qattiq ishonishi mumkin. Shu bilan birga, mutaxassislar bu atama hali rasmiy tibbiy tashxis sifatida tan olinmaganini ta’kidlashadi. Hozircha bir savol ochiq qolmoqda: AI mustaqil ravishda ruhiy kasallikni keltirib chiqaradimi yoki shunchaki ruhiy inqiroz yoqasida turgan insonga “katalizator” bo‘lib xizmat qiladimi?
Xavotirli statistika. ChatGPT yaratuvchisi — OpenAI kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, faol foydalanuvchilarning taxminan 0,07 foizida psixoz yoki maniakal holatlarga xos belgilar kuzatilishi mumkin. Garchi foiz nisbati kichik ko‘rinsa-da, gap yuzlab million foydalanuvchilar haqida ketganda, bu raqam 560 mingga yaqin inson xavf ostida ekanini anglatadi. Bu esa mutaxassislarni jiddiy tashvishga solmoqda.
Ekspertlar sun’iy intellekt bilan muloqotda ehtiyotkor bo‘lishga, ayniqsa ruhiy salomatligida muammosi bor insonlar hushyorlikni yo‘qotmasligi zarurligiga urg‘u berishmoqda. Unutmaslik kerakki, sun’iy intellekt qanchalik aqlli suhbatdosh bo‘lmasin, u hech qachon malakali shifokor yoki psixoterapevt o‘rnini bosa olmaydi.