Figure AI kompaniyasining Mahsulot xavfsizligi bo‘limi sobiq rahbari Robert Gryundel kompaniyaga qarshi da’vo arizasi kiritdi. Uning ta’kidlashicha, gumanoid robotlar inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi, rahbariyat esa bu ogohlantirishlarni e’tiborsiz qoldirgan va uni noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatgan.

Da’vo tafsilotlari: «O‘lim xavfi». Kaliforniya federal sudiga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, Gryundel iyul oyida o‘tkazilgan sinovlar davomida xavotirli natijalarni qayd etgan. Uning aniqlashicha, robotlar “insonnikidan yuqori tezlikda” harakatlana oladi va ularning zarba kuchi katta yoshli odamning bosh suyagini yorib yuborish uchun yetarli bo‘lgan me’yordan ikki baravar ortiqdir.
Muhandis, shuningdek, aniq bir hodisani misol qilib keltirgan: nosozlik tufayli robotlardan biri po‘lat muzlatgich eshigida 6 santimetrlik chuqur iz qoldirgan. Gryundelning fikricha, nazoratsiz qolgan bunday kuch nafaqat kompaniya xodimlari, balki bo‘lajak mijozlar uchun ham hayot uchun xavfli manba hisoblanadi.
Gryundelning so‘zlariga ko‘ra, u bir necha bor kompaniya bosh direktori Brett Edkok va bosh muhandis Kayl Edelbergni xavfsizlik protokollarini kuchaytirishga chaqirgan. Biroq rahbariyat bu tavsiyalarni e’tiborga olmagan. Da’voda aytilishicha, investorlarni cho‘chitmaslik maqsadida hisobotlardagi xavfsizlikka oid ma’lumotlar “yumshatib” ko‘rsatilishi talab qilingan. Oxir-oqibat, muhandisning talablari biznes rivojiga “to‘siq” sifatida baholanib, u “kompaniya yo‘nalishini o‘zgartirish” bahonasi bilan ishdan bo‘shatilgan.
Jeff Bezos, Nvidia va Microsoft kabi gigantlar sarmoya kiritgan Figure AI startapi ayblovlarni rad etmoqda. Kompaniya vakillari muhandisning ishdan bo‘shatilishini uning malakasi va ish natijalari qoniqarsiz bo‘lgani bilan izohlagan. Gryundelning advokati Robert Ottinger esa Kaliforniya qonunchiligi xavfsizlik muammolari haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilishini ta’kidlab, ushbu ish gumanoid robotlar xavfsizligi bo‘yicha muhim huquqiy pretsedent bo‘lishini aytmoqda.
Ma’lumot uchun: Gumanoid robotlar bozori (Tesla, Boston Dynamics, Unitree va boshqalar) shiddat bilan o‘smoqda. Morgan Stanley prognozlariga ko‘ra, 2030-yillarga borib robotlarni ommaviy joriy etish tezlashadi va asr o‘rtalarida bozor hajmi 5 trillion dollardan oshishi kutilmoqda.