Xarajatlarni boshqarish bo‘yicha jahonning yetakchi platformalaridan biri — SAP Concur sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta kvitansiyalar shu qadar haqqoniy tus olganini, hatto tajribali auditorlar ham ularni oddiy ko‘z bilan farqlay olmayotganini ma’lum qildi. Kompaniya har oy 80 milliondan ortiq muvofiqlik tekshiruvlarini o‘tkazadi va aniqlanayotgan firibgarlik holatlarining katta qismi aynan AI texnologiyalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Financial Times nashrining yozishicha, soxta hujjatlar oqimining ko‘payishi OpenAI’ning GPT-4o kabi tasvir yaratuvchi yangi avlod modellari ommalashishi bilan bog‘liq. The Decoder tahlillariga ko‘ra, mazkur modellar chek, kvitansiya va hisob-fakturalarga o‘xshash hujjatlarning qalbaki nusxalarini yaratish jarayonini sezilarli darajada osonlashtirgan. AppZen kompaniyasi tomonidan sentyabr oyida o‘tkazilgan monitoringda barcha firibgarlik hujjatlarining taxminan 14 foizi sun’iy intellekt yordamida tayyorlangani ma’lum bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, bir yil oldin bu ko‘rsatkich deyarli nolga teng edi. Ramp to‘lov platformasi ham so‘nggi 90 kun ichida umumiy qiymati 1 million dollardan ortiq bo‘lgan soxta invoyslarni aniqlaganini bildirdi.
Moliya direktorlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari ham sohadagi xavotirli vaziyatni tasdiqlamoqda. Respondentlarning 70 foizi xodimlar xizmat safari yoki boshqa xarajatlar bo‘yicha ma’lumotlarni sun’iy intellekt yordamida soxtalashtirishi mumkinligini aytgan bo‘lsa, 10 foizi o‘z tashkilotlarida bunday holatlar allaqachon sodir bo‘lganini tasdiqlagan.
Ekspertlarning fikricha, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan hujjatlarning sifati shu darajada yuksalmoqdaki, firibgarlikni aniqlashning an’anaviy usullari — vizual tekshiruv, tartib raqamlarni solishtirish va umumiy formatni baholash endi kutilgan samarani bermayapti. Shu sababli SAP Concur va sohadagi boshqa yetakchi xizmatlar AI orqali yaratilgan soxta hujjatlarni aniqlay oladigan yangi avlod himoya mexanizmlarini ishlab chiqishga kirishgan.