Yevropa politsiya agentligi (Yevropol)ning Innovatsiyalar laboratoriyasi tomonidan e’lon qilingan 48 sahifalik yangi hisobotda robototexnika va dronlarning yaqin 10 yil ichida jamiyat hamda huquq-tartibot sohasiga ta’siri chuqur tahlil qilingan. «Uchuvchisiz kelajak» deb nomlangan ushbu hujjatda 2035-yil uchun «Robokop» filmini eslatuvchi vahimali, ammo agentlik nazarida haqiqatga aylanishi mumkin bo‘lgan distopik ssenariylar ilgari surilgan.

Hisobotda ko‘ra, yaqin kelajakda robotlar kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanib, jo‘natmalarni derazalarga eltib berishdan tortib, ko‘cha tozalashgacha bo‘lgan ishlarni bajaradi. Biroq bu jarayon ishlab chiqarishning to‘liq avtomatlashuviga va oqibatda millionlab odamlarning ishsiz qolishiga olib kelishi mumkin. Yevropol ishsiz qolgan g‘azabnok olomonning robotlarni vayron qilishi va ommaviy tartibsizliklar uyushtirishi xavfi mavjudligidan ogohlantirmoqda. Ayniqsa, Ispaniya va Italiya bunday ijtimoiy portlashga eng moyil hududlar sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, Germaniyada mashinalarga qasddan shikast yetkazish holatlari hozirdanoq qayd etilmoqda. Shuningdek, jamiyatda «Avvalo insonlar!» shiori ostida robotlashtirishga qarshi populistik siyosiy harakatlar paydo bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Texnologiyalar jinoyatchilar qo‘lida ham xavfli qurolga aylanishi mumkinligi alohida ta’kidlangan. Masalan, terrorchilar muhim infratuzilmalarga hujum qilishda «dronlar galasi»dan foydalanishi, kiberjinoyatchilar esa uy yordamchi robotlarini buzib kirib, josuslik qilishi yoki bolalarni g‘arazli maqsadda o‘ziga og‘dirishi (gruming) ehtimoli yuqori. Yangi tahdidlarga qarshi turish uchun hisobot politsiyani «uch o‘lchovli patrul» (yer, havo va suv) tizimiga o‘tishga chaqiradi. Tavsiya etilgan vositalar fantastik filmlarni yodga soladi: dronlarni havoda to‘xtatib qoluvchi «muzlatuvchi robo-to‘pponchalar», galani tutish uchun «nano-to‘rli granatalar» va xavfni aniqlashning ilg‘or tizimlari. Bunda Ukrainadagi urush saboqlari va harbiy dronlar taktikasining fuqarolik sohasiga kirib kelishiga alohida urg‘u berilgan.
Albatta, hamma mutaxassislar ham bu ssenariylarni jiddiy qabul qilayotgani yo‘q. Xususan, Locus Robotics vakili 2035-yilgacha bunday keskin o‘zgarishlar bo‘lishiga huquqiy va texnik to‘siqlar yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlagan. Yevropol esa bu hujjat kelajakni aniq bashorat qilish emas, balki politsiyani bugundanoq harakatga keltirish uchun ehtimoliy vaziyatlarni modellashtirish ekanini bildirdi. Agentlik Yevropa hukumatlariga yagona sinov poligonlarini yaratish, politsiya bazalarini integratsiya qilish va texnologiyalarning «tanganing ikkinchi tomoni» – ya’ni yangi chaos keltirib chiqarish xavfiga hoziroq tayyor turishni tavsiya qilmoqda.