Har qanday muammoni hal qilish uchun o‘z bilimlarini tushunish va qo‘llash qobiliyatiga ega bo‘lgan faraziy «kuchli sun’iy intellekt» (AGI) — ushbu sohaning asosiy maqsadlaridan biridir. Googlening sobiq xodimi Jad Tarifi asos solgan Integral AI kompaniyasi kuchli sun’iy intellekt sirini ochganini da’vo qilmoqda. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ular yaratgan model «oldindan tayyorlangan ma’lumotlar to‘plamisiz va inson aralashuvisiz» yangi vazifalarni mustaqil o‘rgana oladi.

Universal yoki kuchli sun’iy intellektni yaratishdek muhim bosqichga erishilgani haqidagi da’volar, tabiiyki, asosli shubhalarni keltirib chiqaradi. Shu sababli Integral AI e’tirozlarning oldini olish uchun AGIga o‘z ta’rifini taklif qildi. Press-relizda kompaniya uchta asosiy mezonni ilgari surdi:
-
Ko‘nikmalarni mustaqil o‘rganish: Tizim yangi sohalardagi butunlay yangi ko‘nikmalarni oldindan tayyorlangan ma’lumotlarsiz va inson aralashuvisiz mustaqil o‘zlashtira olishi kerak.
-
Mahoratni xavfsiz va ishonchli egallash: O‘quv jarayoni «halokatli xavflarsiz yoki kutilmagan salbiy oqibatlarsiz» kechishi lozim.
-
Energiya samaradorligi: Tizimning o‘rganish uchun sarflaydigan energiyasi insonning xuddi shu ko‘nikmani egallashi uchun ketadigan quvvat sarfiga taxminan teng bo‘lishi kerak.
Kompaniyaning qayd etishicha, muhandislar ushbu tamoyillardan o‘z sinfidagi birinchi AGI o‘qitish tizimini yaratish va sinovdan o‘tkazishda asosiy poydevor sifatida foydalanganlar. IE nashrining xabar berishicha, Integral AI o‘z tizimini robotlarda sinovdan o‘tkazgan va ular inson ishtirokisiz yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Integral AI haqiqatan ham AGIni yaratgan dunyodagi birinchi kompaniyami yoki yo‘qmi — bu katta bahs mavzusi. Ayniqsa, kompaniyaning tizim «ongli fikrlash, idrok va til uchun mas’ul bo‘lgan miyaning yangi po‘stlog‘i (neocortex)ni imitatsiya qilishi» hamda «mavjud texnologiyalardan fundamental darajada ilgarilab ketgani» haqidagi da’volarini tekshirish mushkul.
«Bugungi e’lon shunchaki texnik yutuq emas, balki insoniyat sivilizatsiyasi tarixidagi yangi sahifadir, — dedi Integral AI bosh direktori va hammuassisi Jad Tarifi. — Endigi maqsadimiz — rivojlanishning boshlang‘ich bosqichida bo‘lgan ushbu modelni erkinlik va jamoaviy tashabbusni kengaytiruvchi, jismga ega (embodied) super-intellekt darajasigacha ko‘tarishdir».
Tarifi Googleda o‘n yil ishlagach, Integral AIga asos solish uchun kompaniyani tark etgan. U robototexnika rivoji yuqori darajada ekani sababli Kremniy vodiysini emas, aynan Yaponiyani tanlagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili taniqli ekspertlar Yan Lekun va Ilon Mask kuchli sun’iy intellektning paydo bo‘lish ehtimoli, uning nazoratdan chiqib ketish xavfi va ilmiy bilimning qadri borasida keskin bahslashgan edi. Odatdagidek, ularning munozarasi shaxsiyatga o‘tishdan xoli bo‘lmadi.