Palantir bosh direktori Aleks Karp yaqin ikki yil ichida AQSHdagi sunʼiy intellekt kompaniyalari muqarrar ravishda milliylashtirilishiga ishonchi komil. Shu bilan birga, Anthropic rahbari Dario Amodey o‘z manifestini eʼlon qilib, unda SIning total “kognitiv qamrovi” tufayli uzoq muddatli ishsizlik xavfi mavjudligini tan oldi. Inqirozga qarshi chora sifatida Amodey ish o‘rinlarini qisqartirishdan bosh tortgan kompaniyalarga soliq imtiyozlari berishni, kasbiy qayta tayyorlash uchun keng ko‘lamli davlat grantlari ajratishni va o‘ta og‘ir vaziyatda AT-gigantlarga solinadigan soliqlar hisobidan universal bazaviy daromad tizimini joriy etishni taklif qildi.

Senator Berni Sandersning SI sohasida suveren farovonlik jamg‘armasini yaratish bo‘yicha tashabbusi ushbu muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qonun loyihasi OpenAI, Anthropic va xAI kabi kompaniyalar kapitaliga bir martalik 50 foizlik soliq solishni va olingan daromadlarni davlat foydasiga qayta taqsimlashni nazarda tutadi. AQSH prezidenti Donald Tramp avvalroq davlatning SI kompaniyalarida ulushdor bo‘lishi orqali “Amerika jamoatchiligi bilan hamkorlik qilish” imkoniyati borligini taʼkidlagan edi. Bu munozaralar sunʼiy intellekt millionlab ishchilarning o‘rnini egallashi, avtomatlashtirishdan keladigan ulkan o‘ta-foyda esa sanoqli texnologik korporatsiyalar qo‘lida to‘planib qolishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytda avj olmoqda.
Karpning so‘zlariga ko‘ra, Sanders ilgari surgan davlatning qisman ulushdorligi haqidagi takliflar kelajakda SI ustidan nazorat o‘rnatish borasidagi siyosiy bosimning kuchayishi fonida juda “moʻtadil” bo‘lib ko‘rinadi. So‘nggi oylarda Karp texnologik kompaniyalar rahbarlarini davlatning SI kompaniyalarida mulkdor sifatida ishtirok etishga qiziqishi ortib borayotgani haqida bir necha bor yopiq tartibda ogohlantirgan. Uning fikricha, siyosiy turtki erkin bozor tomonga emas, balki davlat nazoratini tobora kengaytirishga qarab siljimoqda.
Milliylashtirish jarayonining qanchalik reallikka aylanishi ko‘p jihatdan biznesning murosaga kelishga tayyorligiga bog‘liq bo‘ladi. OpenAI allaqachon davlat investitsiya fondi konsepsiyasini taklif qilgan bo‘lsa, uning asosiy raqobatchisi Anthropic maxsus tashkil etilgan Iqtisodiy kelajak tadqiqot fondiga (Economic Research Fund) 200 million dollar yo‘naltirdi. Bu mablag‘lar ommaviy ishsizlik oqibatlarini yumshatishga qaratilgan davlat dasturlarini sinovdan o‘tkazish va tahlil qilish uchun sarflanadi. Qo‘shimcha ravishda, kompaniya yoshlar uchun milliy stipendiya dasturiga 150 million dollar ajratadi.
Ayni paytda, Anthropic bosh direktori Dario Amodey qariyb 20 ming so‘zdan iborat esse eʼlon qilib, unda odamlarning mehnat bozoridan uzoq muddatga va ortga qaytmas tarzda siqib chiqarilishining “real ehtimoli” borligini tan oldi. Uning fikricha, SIning total “kognitiv qamrovi” bir vaqtning o‘zida moliya, huquqshunoslik, konsalting va texnologiya sektorlariga kuchli zarba beradi.
Inqirozga qarshi konsepsiya sifatida Amodey hukumatga ishsizlikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘p bosqichli rejani taklif qildi. Unga ko‘ra, davlat ish haqini sug‘urtalash, qayta tayyorlash uchun grantlar va xodimlarni ishdan bo‘shatmaganlik uchun soliq imtiyozlarini joriy etishi lozim. Agarda kadrlarni siqib chiqarish “misli ko‘rilmagan” darajaga yetsa, AQSH universal bazaviy daromadni joriy etishga, suveren fondlar modellarini va texnologik kompaniyalar ulushlarini fuqarolar o‘rtasida taqsimlash mexanizmlarini ishga tushirishga majbur bo‘ladi. Amodey bu islohotlarni SI sanoatiga yo‘naltirilgan maqsadli soliqlar va kapital o‘sishidan olinadigan soliqni oshirish hisobidan moliyalashtirishni taklif etmoqda.
Makroiqtisodiyot va soliq siyosatidan tashqari, Amodey yana to‘rtta asosiy yo‘nalishni alohida taʼkidladi. Tartibga solish sohasida u sunʼiy intellektga aviatsiya yoki dori-darmonlarga qaragandek munosabatda bo‘lishni taklif qildi: ilg‘or modellar uchinchi tomonlar orqali xavf-xatarlar bo‘yicha majburiy sinovdan o‘tishi, hukumat esa xavfli modellarni bloklash huquqiga ega bo‘lishi kerak. Ilm-fan sohasida u regulyatorlar tibbiyotdagi yutuqlardan ortda qolayotganini qayd etib, klinik sinovlarning bir qismini kompyuter modellashtirishi bilan almashtirishni taklif qildi. Fuqarolik erkinliklari haqida gapirar ekan, Amodey SI avtonom dronlar yoki total kuzatuv tizimlari orqali avtokratiya quroliga aylanishi mumkinligidan ogohlantirdi. U avtonom qurollarni hisobdor qilishga va ommaviy maʼlumotlar to‘plashdagi tirqishlarni yopishga chaqirdi. Nihoyat, u demokratik davlatlar chiplar yetkazib berish zanjirlarini, xavfsizlik siyosatini va o‘zaro mudofaani muvofiqlashtirish uchun koalitsiya tuzishlari zarurligini taʼkidladi.